
Manchesterliklar haydagan futbolchini Evropaning eng qudratli klublari talashyapti
“Manchester Yunayted” o‘zi tarbiyalagan futbolchi Meyson Grinvud zo‘ravonlikda ayblanganida uni jamoadan chetlatgan edi. Keyinchalik oqlanganiga qaramay, manchesterliklar o‘yinchini klubda qoldirmadi.
O‘tgan mavsum “Xetafe”ga ijaraga berilgan Grinvud bu yoz 26 million evro evaziga “Marsel”ga sotib yuborildi. Hujum chizig‘ining istalgan nuqtasida o‘ynay oladigan charm to‘p ustasi marselliklar safida ham uzoq qolmaydigan ko‘rinadi.
22 yoshli futbolchini “Real”, “Barselona”, PSJ va “Bavariya” o‘z tarkibida ko‘rmoqchi. Transfer News Live nashriga ko‘ra, bu klublar universal hujumchi jamoani kuchaytira olishiga ishonch bildirmoqda.
Meyson Grinvud terma jamoa masalasini ham hal qilishi kerak. Angliyadagi muammodan keyin futbolchi xalqaro miqyosda Yamayka terma jamoasi sharafini himoya qilishga moyillik bildirgan.
Fikrlar