
«Manchester Yunayted» - «Kopengagen»: Prevyu
Koronavirus pandemiyasi bizdan evrofutbolni tortib olishiga bir bahya qoldi. Biz «ko‘hna qit’a»ning eng qiziqarli ikki turniridan to‘laligicha ayrilmadik. Ammo baribir talafotlar sezildi. Avvalo, muxlislarsiz maydonda futbol o‘tkazishga va kuzatishga majburmiz. Chorak va yarim final uchrashuvlari (Evropa Ligasining ayrim nimchorak final bahslari) bitta o‘yindan iborat bo‘ldi. Biz ushbu turnirda pandemiya sabab 8 ta ajoyib bellashuvdan quruq qoladigan bo‘ldik. Ammo muqobil tanlovning bo‘lgani yaxshi. Kelgusi mavsumda barcha turnirlarning o‘z vaqtida o‘tishiga umid bildirishdan boshqa choramiz yo‘q.
Evropa Ligasi "Yunayted"ning turniri emas, degan faraz futbol muxlislari ongiga singib qolgan. Ha, nom jihatidan manchesterliklar ancha yuqori turadi. Ammo futbol har kuni rivojlanyapti. Evropa Ligasining mavqeyi ham so‘nggi yillarda sezilarli ko‘tarildi. Bugun Sulsher shogirdlari "Kopengagen" bilan ayni shu musobaqa yarim finali uchun kurashadi. Keling, ushbu uchrashuv atrofidagi eng e’tiborga molik vaziyatlar haqida fikr yuritamiz.
«Manchester Yunayted»
Nominal mezbon maqomidagi «qizil iblislar» LASKga qarshi o‘yinda mashg‘ulotdagidek o‘ynadi. Avstriyaliklarning fantastik golidan so‘ng, MYu gol urishni xohlab qoldi va darhol buni uddaladi. Marsyalning bellashuv yakuniga yaqin urgan goli esa ikkala klub o‘rtasidagi tafovutni bildirib qo‘ydi. Kombinatsiya yaxshi, frantsuzning driblingi esa ajoyib chiqdi.
Manchesterliklarning so‘nggi paytlarda o‘z darajasiga chiqib olayotganiga ulardagi ichki ishonch sabab bo‘lmoqda. Hamma ularning kuchaygani haqida gapirayotgan bir paytda, Sulsher shogirdlarining o‘zlari ham bunga ishonmoqda va aynan mana shu jihat jamoani g‘alabalar tomon boshlamoqda. Fernandeshning kelishi faqat MYu tarkibidagi kemtikning to‘ldirilishi bo‘lib qolmay, boshqa futbolchilarga ham ijobiy ta’sir qilayotgani ko‘rinib turibdi. Ular bugungi o‘yinda g‘alaba qozongan taqdirda, yarim finalda haqiqiy jiddiy raqib bilan to‘qnash keladi. Ana o‘shanda biz yana bir bor «qizil iblislar» o‘yiniga baho bera olamiz.
«Bryugge»ni 6-1, LASKni 7-1 hisobida engib, ushbu bosqichga etib kelgan mankunianlar o‘z tarixida ikkinchi marotaba ushbu turnir chorak finaliga yo‘l oldi. Birinchi marta 2017 yilda sodir bo‘lgan chorak finaldagi ishtirok MYuning o‘z tarixida ilk marotaba Evropa Ligasi kubogini qo‘lga kiritishi bilan yakunlangandi. Bu gal qanday bo‘lishini birgalikda kuzatamiz.
Taxminiy tarkiblar: Romero, Uan-Bisakka, Lindelyof, Maguayr, Uilyams, Matich, Pogba, Grinvud, Fernandesh, Reshford, Marsyal.
Ishtirok eta olmaydi: Fil Jons.
«Kopengagen»
Nimchorak finalning eng katta va shu bilan birga yagona sensatsiyasi muallifi aynan ushbu jamoa hisoblanadi. Birinchi uchrashuvdagi mag‘lubiyatdan so‘ng, Turkiya chempionlarini musobaqadan chiqarib yuborishini daniyaliklardan hech kim kutmadi. «Sherlar» esa o‘sha oqshom o‘zlarining eng ajoyib o‘yinlaridan birini o‘tkazishdi. Tezkor gol urib olinishi esa nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Ushbu bellashuvda Istanbul klubi o‘zini butkul yo‘qotib qo‘ydi. Hatto ular ham raqibdan bu darajadagi o‘yinni kutishmagani aniq. Ikkinchi gol urilishiga sabab bo‘luvchi penalti esa rostdan ham alamli bo‘ldi. Futbolchi va to‘p o‘rtasidagi masofa juda qisqa edi va to‘p qo‘lni topdi. Afsuski, nima bo‘lgan taqdirda ham to‘p yo‘nalishi shu sababli o‘zgarib ketdi – penalti bor.
1/16 finalda Shotlandiyaning «Seltik» klubini engib, o‘z tarixida ilk marotaba nimchorak finalda qatnashgan daniyaliklar chorak finalni ham birato‘la zabt etdi. Endi yarim final uchun o‘yinda ularning raqibi «Manchester Yunayted». Futbolchilar kelgusida o‘tmishi haqida hikoya qilishi uchun yaxshi sarguzashtni boshidan kechirmoqda.
Taxminiy tarkib: Yoxansson, Varela, Nelsson, Bellan, Boylesen, Stage, Zeka, Pep Bil, Vind, Falk, Kaufman.
Ishtirok eta olmaydi: Santos, Sigurdsson, Fisher, Tomsen.
Murabbiylar
Ole-Gunnar Sulsher: «Men Stole Solbakkenga qarshi o‘ynash tajribasiga egaman. U mening do‘stim va aloqalarimiz juda yaxshi. Biz bellashuv oldidan bir-birimizga omad tiladik va Germaniyada uchrashishga kelishib oldik. Ular o‘z ishini, biz ham o‘z ishimizni qilamiz. Bu shunchaki navbatdagi raqib, xolos. Stolening jamoasi yaxshi tuzilgan va doim ularga qarshi harakat qilish og‘ir. Yosh futbolchilari ham anchagina tajribaga ega. Yaxshi o‘yin bo‘ladi».
Stole Solbakken: «Yunayted» katta favorit. Biz imkon darajamizdan ham yuqoriroq daraja ko‘rsata olishimiz kerak. Biz MYuning barcha kuchli jihatlarini ko‘zdan qochirmasligimiz kerak. Ular juda tezkor jamoa va Fernandesh kelgandan buyon qarshi hujumlarda faollashib qoldi. Mankunianlar jarima maydoni oldida tezkor kombinatsiyalar ishlatishni yaxshi ko‘radi. Bu biz qo‘rqishimiz kerak bo‘lgan jihatlarning eng kattasi. Biroq biz o‘z rejamizdan og‘ishmasligimiz lozim».
Bugun «Kopengagen» o‘z jarima maydonida tartibli himoya tashkil qilishga urunib, o‘z vaziyatini poylab o‘tirishi katta ehtimol. Murabbiyning gaplaridan jamoa manchesterliklarning qarshi hujumlaridan cho‘chib turganini ko‘rish mumkin.
«Qizil iblislar»ning ambitsiyalarini inobatga oladigan bo‘lsak, ular ushbu bahsga muhim uchrashuv oldidan so‘nggi tayyorgarlik sifatida qarashayotgani ayon bo‘ladi. Yarim finalda xoh «Sevilya», xoh «Vulverxempton» bo‘lsin, ularga oson bo‘lmaydi. Demak, jiddiy tayyorlanish vaqti keldi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar