“Manchester Siti”ning Husanov bo‘yicha yakuniy qarori ma’lum bo‘ldi
“Manchester Siti” 2025 yilning 20 yanvarida jamoaga “Lans”dan transfer qilingan Abduqodir Husanovning kelishi bilan tarkibda avlodlar almashinuvini boshlagan edi.
Qizig‘i shundaki, hali davom etayotgan bu jarayonda yana ko‘p narsa o‘zbek futbolchisiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Ayni paytda Xosep Gvardiola jamoasining eng nozik nuqtasi himoyaning o‘ng qanoti bo‘lib turibdi. Yil boshida jamoani tark etgan Kayl Uokerning o‘rnini bosishi kutilgan Riko Lyuis va Mateush Nunesh bu vazifani etarli darajada uddalay olmasligi oqibatida “shaharliklar” muhim uchrashuvlarda mag‘lubiyatga uchradi.
Xosep Gvardiola yozda bu pozitsiya kuchaytirilmagani bois, ichki imkoniyatlar kelib chiqib echim topishga harakat qildi va o‘ng qanot himoyasida asli markaziy himoyachi bo‘lgan Abduqodir Husanovni o‘ynatib ko‘rdi.
21 yoshli futbolchimiz o‘ziga berilgan imkoniyatdan zo‘r foydalandi. Ketma-ket to‘rtta uchrashuvda o‘ng qanot himoyachisi sifatida to‘p tepgan Abduqodirning harakatlaridan hamma, xususan, Gvardiolaning o‘zi ham to‘liq qoniqdi.
Abduqodir uchun ham himoya markazidagi ikkita joy uchun kurashda Jon Stounz, Ruben Diash, Yoshko Gvardiol va Natan Ake bilan raqobatlishishdan ko‘ra, o‘zi himoyalanish qobiliyati bo‘yicha yaqqol ustun bo‘lgan Riko Lyuis va Mateush Nuneshdan o‘ng qanotni “tortib olish” qulayroq variant etdi.
Afsuski, Abduqodir Husanov “Arsenal”ga qarshi uchrashuvda jarohat oldi va avvaldan aytilganidek ikki hafta emas, balki uzoqroq davolanishiga to‘g‘ri kelyapti. Husanovning safdan chiqishi bilan o‘ng qanot himoyachisi masalasi yana kun tartibiga qaytdi.
So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Manchester Siti” xo‘jayinlari bu masalani o‘zbek futbolchisinin holatidan kelib chiqib hal qiladigan bo‘ldi.
Daily Mail nashri etakchi jurnalisti Jek Goganning yozishicha, o‘ng qanot himoyachisi “Manchester Siti” uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Ikki haftalik xalqaro tanaffusni ham jarohatini davolashga sarflayotgan Husanov maydonga qaytganidan keyin bu pozitsiyada yana yuqori darajada o‘ynay boshlasa, klub yanvarda transfer bozoriga kirmaydi.
Agar Husanov mavsumning birinchi yarmida yuqori sport formasini tiklay olmasa, klub mutasaddilari qishki transferlar oynasi davrida o‘ng qanot himoyachisi transferini amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Manchester Siti”dek raqobat kuchayib boradigan jamoada Abduqodir Husanovda boshlang‘ich tarkibdan muqim o‘rin olish imkoniyati vujudga keldi. Gvardiola kamida mavsum oxirigacha himoyachimizga o‘yin amaliyotini kafolatlashga tayyor. Buning uchun esa, Abduqodir so‘nggi to‘rtta uchrashuvdan ko‘rsatgan o‘yinini yana namoyish qilib berishi kifoya.
“Manchester Siti” Angliya Premer-ligasi doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 18 oktyabr kuni o‘z maydonida “Everton”ga qarshi o‘tkazadi. Abduqodir Husanov aynan mana shu bahsgacha jarohatidan to‘liq qutilib, safga qaytishi kutilmoqda.
“Real”dan “dahshatli” transfer: Xolandni olamiz!
Husanov mashhur futbolchining mundialga yo‘lini to‘sib qo‘ydi
Husanov “dahshatli” qurol, murabbiy uni kutyapti!



Fikrlar