
“Manchester Siti”: Kevin de Bryuyne o‘rniga beshta nomzod bor!
Bir necha yillar davomida “Manchester Siti”da etakchi pleymeyker vazifasini bajarib kelgan Kevin de Bryuyne mavsum oxirida klubni tark etishini e’lon qildi.
“Shaharliklar” hozirning o‘zida belgiyalik o‘yinchining o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan bir guruh yangi ijrochilarning ro‘yxatini shakllantirib qo‘ydi. Endi klub mutasaddilari ro‘yxatdan o‘rin olgan futbolchilar bilan kelishishga urinib ko‘radi.
Demak, “Manchester Siti” nishonidagi pleymeykerlar bilan tanishing:
Xavi Simons — 21 yoshli futbolchi “Leyptsig”dagi o‘yinlari bilan Evropaning qator grandlarini o‘ziga qaratib kelmoqda. Universalligi va o‘yinda muvozanatni saqlab turishi bilan e’tibor qozonan iste’dod egasi 70 million evroga baholanyapti.
Florian Virts — juda muhim nomzod. O‘tgan mavsum “Bayer”ni chempionlikka etaklagan 21 yoshli hujumkor futbolchi maydonni yaxshi ko‘ra oladi va texnik sifatlari juda yuqori. Narxi ham shunga yarasha – 120 million evrodan baland baholanmoqda.
Fermin Lopes — “Barselona” kashfiyotlaridan. “Manchester Siti” 21 yoshli kreativ futbolchini anchadan beri kuzatib kelmoqda.
Nikolo Barella — qolgan nomzodlarga nisbatan katta tajribaga ega. “Inter”ning muvaffaqiyatlarida uning xizmati katta.
Tijani Reyders — A Seriyala “Milan” sharafini himoya qilayotgan bu futbolchi barqarorligi va taktik savodi bilan ajralib turadi.
Tanlovni Xosep Gvardiola amalga oshirishi lozim. Ispaniyalik mutaxassis bir qarorga kelishidan oldin bu nomzodlardan qay biri jamoaga ideal mos tushishini aniqlab olishi talab etiladi.
Fikrlar