
“Manchester Siti” himoyaga zo‘r variant topdi
Angliyaning “Manchester Siti” klubi Teo Ernandesga juda katta qiziqish bildirmoqda.
“TEAMtalk” nashrining ma’lumotiga ko‘ra, Xosep Gvardiola boshchiligidagi “shaharliklar” qishda bir necha himoyachilarni olganiga qaramasdan, yozgi transferlar oynasida ham yangi xavbeklar xarid qilish haqida o‘ylamoqda. Bir necha kun oldin “Yuventus” futbolchisi Kambyazo o‘ng qanot himoya uchun nomzodlardan biri sifatida ko‘rilayotgan edi. Manbaning xabar berishicha, manchesterliklar so‘nggi kunlarda “Milan”ning frantsiyalik himoyachisi hisoblangan Teo Ernandesga qiziqishni oshirgan.
Xabaringiz bor, hozirda Ernandes yozda milanliklarni tark etishi haqidagi ma’lumotlar tarqalmoqda. Shu bois, futbolchi uchun bir necha grand klublardan takliflar bo‘lishi kutilmoqda. Agarda “Siti” himoyachini sotib olmoqchi bo‘lsa, Madridning “Real” klubi bilan kurashishi mumkin. Sababi, “qirollik klubi” ham bir necha oydan buyon chap qanot himoyachisi izlab yuribdi.
Ma’lumot o‘rnida, 27 yoshli o‘yinchi joriy mavsum 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 5 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Uning klub bilan shartnomasi 2026 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 50 million evro deb baholanmoqda.
Fikrlar