
“Manchester Siti” afsonasi Husanovning ketishiga qarshi!
Evropa ligalarida mavsum hal qiluvchi pallaga kirgan. Chempionlik, sorvinli o‘rinlar, Evrokuboklar yo‘llanmalari uchun kurash qizg‘in kechmoqda.
Shu bilan birga klublar yozgi transferlarga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu kelasi mavsum uchun tayyorgarlikning ilk bosqichi hisoblanadi. Deyarli barcha jamoalar kerakli nuqtalarni mohir futbolchilar bilan kuchaytirish ilinjida transfer bozoriga oralaydi.
Angliya Premer-ligasida ketma-ket to‘rt marotaba g‘olib chiqqan yagona klub – “Manchester Siti” bu mavsum chempionlik unvonini “Liverpul” topshirdi. “Shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola kelasi mavsum o‘z jamoasini yana futbol cho‘qqisiga ko‘tarmoqchi. Aslida ispaniyalik mutaxassis yangi tarkib shakllantirishni yanvar oyidan boshlagan va uning rejasi asosida klub Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Niko Gonsales va Umar Marmushni transfer qilgandi.
Tabiiyki, manchesterliklar ham yozda ham tarkibda o‘zgarishlar qiladi.
Irlandiya terma jamoasi va “Manchester Siti”ning afsonaviy o‘yinchilaridan Richard Dann sportsmole.co.uk portaliga hozirgi jamoa tarkibining o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilib berdi.
45 yoshli ekspertning fikriga qaraganda, “Manchester Siti” yozda himoya chizig‘ini isloh qilishga hech qanday hojat yo‘q, mudofaa chizig‘i to‘liq shakllangan va ayniqsa, jamoaga boshqa markaziy himoyachilar kerak emas.
- Yanvar oyida Angliya superklubi o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov va braziliyalik Vitor Reysni o‘z safiga qo‘shib olib, markaziy himoyani mustahkamlab oldi. Bu ikki o‘yinchidan tashqari jamoada portugaliyalik Ruben Diash, xorvatiyalik Yoshko Gvardiol, shveytsariyalik Manuel Akanji, niderlandiyalik Natan Ake va angliyalik Jon Stounz kabi markaziy himoyachilar bor. Biroy joriy mavsumda ularning aksariyati jarohatlar tufayli jamoaga yordam bera olgani yo‘q.
Bu tajribali futbolchilar Abduqodir Husanovning jamoaga moslashishiga yordam berishi kerak. Ular orasida Jon Stounzning klub bilan hamkorligi kelasi mavsum oxirida, Akanji, Diash va Akening shartnomasi 2027 yilning yozida tugaydi.
Aynan mana shu holatni inobatga olib, Richard Dann klub rahbariyatini bu tajribali o‘yinchilarni tarkibda saqlab qolishga chaqirdi. Chunki ular yosh o‘yinchilarga o‘z tajribalarini o‘rgatishlari lozim.
Shuningdek, Richard Dann 21 yoshli Abduqodir Husanovni alohida maqtab o‘tdi va o‘zbek himoyachisi jamoaga kerak bo‘lishini aytib o‘tdi.
- Abduqodir Husanov jamoaga kelganidan beri ancha o‘sishga erishdi, deb o‘ylayman. Vitor Reysning o‘yinlarini Husanovga qaraganda kamroq ko‘rdik, lekin u ham yaxshi o‘yinchi sifatida taassurot qoldirdi.
O‘ylashimcha, jamoada yoshi katta o‘yinchilar bor va klub ulardan qutilishga harakat qilyapti. Biroq ularning o‘rnini tez to‘ldirib bo‘lmaydi.
Agar murabbiylar Jon Stounz va Manuel Akanjini yuqori sport formasiga chiqara olsa, ularning qanday zo‘r o‘yinchi ekani namoyon bo‘ladi. Ulardan zo‘rlar kamligini hamma biladi. Agar jamoangizda beshta tajribali va ikki nafar yosh markaziy himoyachi (Husanov va Reys) bo‘lsa, bu tarkibni saqlab qolish klub uchun eng optimal variant, - dedi Richard Dann.
Bundan tashqari taniqli ekspert “Manchester Siti”dek grand klubda avlodlar almashinuvi puxta o‘ylangan tarzda, shoshma-shosharlik qilmasdan bir maromda amalga oshirilishi kerakligini, bu o‘yin sifati yo‘qolmasligini kafolatlashini ta’kidladi, - deb yozmoqda sportsmole.co.uk portali jurnalisti Ben Napton.
Ta’kidlash joizki, 20 yanvar kuni “Manchester Siti” bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan Abduqodir Husanov Angliyadagi faoliyatini juda yaxshi boshlagan bo‘lsa-da, keyingi o‘yinlarda maydonga tushirilmayapti.
Bir necha nufuzli manbalar Xosep Gvardiola o‘zbek futbolchisini boshqa jamoaga ijaraga jo‘natishi mumkinligini, Husanovning xizmatlari bir necha klublarga taklif qilingani, ayrim klublar, xususan, “Barselona” Abduqodirni olish variantini ko‘rib chiqayotgani, o‘zbekistonlik legionerga chorlovlar bo‘layotganini yozmoqda.
Fikrlar