
Maksim Shatskix: "Paxtakor" terma jamoalar homiysi"
O‘zbekiston Superligasi 2023 yilgi mavsum 1-turidan o‘rin olgan "Paxtakor" - "Olimpik" bahsi yakunlandi. Unda mehmonlar 3:2 hisobida kuchli raqibdan ustun keldi.
"Olimpiyachilar" safida Jiyanov, Odilov hamda Abdumajidov o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Ushbu gollarga "sherlar" safida Sayfiev hamda Tursunov javob bera oldi.
Qayd etish lozim, poytaxt klubi so‘nggi bora 2010 yilda mavsum startini mag‘lubiyat bilan boshlagan. O‘shanda "sherlar" "Bunyodkor"ga imkoniyatni boy bergan va yakunda mavsumni 2-o‘rinda yakunlagandi.
O‘yindan so‘ng har ikkala jamoa bosh murabbiylari o‘rtasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Maksim Shatskix jamoasining mag‘lubiyatiga yosh futbolchilarning terma jamoa ixtiyorida ekanligi, o‘yin avvalida ro‘y berayotgan g‘alati holat va yana bir qator faktorlar haqida gapirib o‘tdi.
- Mag‘lubiyatga izoh faqat xohish. Xohish, xoxish va yana xohish. Maydonga xuddi akademiklardek tushdik. Gol o‘tkazib yuborsak yoki qandaydir qiyin holatga tushib qolmsak, o‘z o‘yinimizni namoyish etishni boshlayapmiz. Ushbu holat biz bilan birinchi marta ro‘y berayotgani yo‘q. Negadir ilq daqiqalardan o‘yinga kirishib keta olmaymiz. Buning sababini hozirgacha bila olmayapman.
- O‘tkazilgan golda darvozabonni aybor, deb hisoblaysizmi?
- Hamma aybdor. O‘yinni qayta ko‘rib chiqamiz. Hozir hech kimni ayblamoqchi emasman. Ayni dam hamma futbol o‘ynashni biladi va siz shunchaki maydonga tushib, g‘alaba qozona olmaysiz. Barcha jamoalar himoyada ham, hujumda ham qanday harakat qilishni o‘rgangan. Buni har doim aytib kelganman.
- Bugungi o‘yinda Banashak etishmadimi?
- Balki shundaydir. U bo‘lganida hammasi o‘zgacha tus olishi mumkin edi. Sardor Rashidov hujumda harakat qildi, uning ortida esa Cheran to‘p tepdi. Raqib 4 ta zarba berib, 3 ta gol urib ketdi. Bizda esa etarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, ammo gol urishning uddasidan chiqmadik. Mana muammo nimada.
- Keyingi tur tarkibda o‘zgarishlar bo‘ladimi?
To‘g‘risi, rotatsiya qilishning imkoni yo‘q. Bizda futbolchilar etishmovchiligi bor. Muxlislar zaxiradan futbolchi tushirishim kerakligini aytyapti. Mayli, kimni tushirish kerak? "Paxtakor" terma jamoalar homiysi. U yoqda 6, bu yoqda 8 ta futbolchimiz bor. Axir, 60 kishidan iborat qaydnoma topshira olmaymiz. Ammo hechqisi yo‘q. Bu faqatgina 1-tur va hammasi oldinda.
Fikrlar