
Magnus Karlsen: "Bu kibersport bo‘yicha jahon chempionati"
29 iyul – 1 avgust kunlari mukofot jamg‘armasi 1 550 000 AQSh dollarini tashkil qiluvchi "Esports World Cup Chess" musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mangus Karlsen final bahsida frantsiyalik Alireza Firuzjani ikki setda ham 3:1, 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchinchi o‘rin uchun bahsda amerikalik Hikaru Nakamura hindistonlik Arjun Erigayisini 5:3, 5:2 hisoblarida engib, bronza medaliga ega chiqdi.
Ushbu musobaqada g‘alaba qozongan Magnus Karlsen o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"O‘yinimdan mamnunman. Bu formatda doim muvozanat izlashga to‘g‘ri keladi: Bir paytning o‘zida ham juda tez, ham mukammal o‘ynab bo‘lmaydi. Shuning uchun men tezroq, ammo sifatli yurishga harakat qildim va bu ishladi.
Bu men uchun yangi auditoriya. EWCni kuzatayotganlarning ko‘pi ilgari shaxmatga qiziqmagan. Eng kuchlilar qatorida ekanimni yana bir bor tasdiqlaganimdan faxrlanaman. Tashkilotchilar va butun EWC jamoasi turnirni haqiqiy kibersport shousiga aylantirishdi. Bu shunchaki shaxmat bo‘yicha chempionat emas, bu kibersport bo‘yicha jahon chempionati. Biz bu format qanchalik hayajonli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdik, deb o‘ylayman. Albatta, bu shaxmatning boshqa ko‘rinishi, lekin men bu formatda ham o‘zimni namoyon qila olganimdan xursandman", - deydi norvegiyalik grossmeyster.
Eslatib o‘tamiz, Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov ham ushbu turnirda dunyo yulduzlari bilan bahs olib bordi. Sindarov yurishini guruh bosqchichida yakunlagan bo‘lsa, Abdusattorov chorak finalda Alireza Firuzjaga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Fikrlar