
Lyubinko Drulovich: Ko‘p o‘ynamagan futbolchilarning norozi bo‘lishi tabiiy, ammo jamoamizda muhit yaxshi edi
Odatda terma jamoalarimizning azaliy orzusiga erishishiga bir bahya qolganda nimadir etishmay qoladi. Yaqinda esa olimpiya terma jamoamiz ham Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga juda yaqin kelgan bo‘lsa-da, yakunda o‘z imkoniyatini qo‘ldan chiqarib yuborib, Olimpiada chiptasidan quruq qoldi.
Albatta, bunday muvaffaqiyatsizlik barchamiz uchun juda alamli bo‘lgandi. Holbuki, terma jamoamiz o‘z oldida turgan jiddiy vazifani bajarishi uchun serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich taklif etilgandi. To‘g‘ri, Osiyo chempionatida uning boshchiligidagi jamoamiz yomon taassurot qoldirmadi. Biroq hal qiluvchi bahslarga kelganda uning jamoasi aytarli hech nima qila olmadi.
Aslida esa Drulovichni yomon mutaxassis deb ham bo‘lmaydi. Uning o‘ziga yarasha tajribasi va futbolga bo‘lgan qarashlari bor. Lekin futbolda natija birinchi o‘rinda turishini inobatga olsak, murabbiy vazifani bajara olmagach, o‘z-o‘zidan unga tanqidlar yog‘ilishi tabiiy hol edi. Uning o‘zi ham terma jamoamizni Olimpiadaga olib chiqa olmaganidan afsusda edi...
Umuman olganda, serbiyalik murabbiy O‘zbekistondan ketganidan beri hayoti qanday kechmoqda? Hozirda nima ish bilan band? Drulovich dastlab ayni paytdagi holati haqida gapirar ekan, hammasini virusdan boshladi.
- Ushbu koronavirus butun dunyo uchun katta muammo keltirib chiqardi. Shu sababli ham bunday paytda insonlarning hayotini saqlab qolish uchun yanada mas’uliyatli bo‘lishimiz juda muhim. Men esa hozirda oilam bilan Belgraddaman.
O‘zbekistondagi faoliyatim mobaynida ayniqsa, oxirgi 4-5 oy davomida bor e’tiborimni faqat ishga qaratgandim. Shuning natijasida oilam bilan etarli darajada birga bo‘la olmagandim. Shuning uchun ham hozirda ko‘proq ular bilan vaqt o‘tkazyapman.
Umuman aytganda, uni ko‘pchilik biladi. Balki murabbiyning xizmatiga boshqalar tomonidan qiziqishlar kuzatilayotgandir. Harqalay ayni paytda oilasi bilan birga vaqt o‘tkazayotgan Drulovichning o‘zida ham yana qaynoq ish jarayoniga qaytish uchun qiziqishi yuqori. Lekin...
- Albatta, hozirgi paytda bir qator takliflarga ega bo‘lib turibman. Lekin o‘zingiz ham ko‘rib turganingizdek, hozirga kelib virus tufayli hamma narsa to‘xtagan, - deya bu masalada o‘z munosabatini bildirdi, Drulovich.
Yurtimizda bir yil ishladi va uning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa esa terma jamoamizni Olimpiada musobaqasiga olib chiqish edi. Afsuski, vazifa bajarilmadi, hammaning xafsalasi pir bo‘ldi. Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bosh murabbiyga kutilganidek tanqidlar bildirildi. Bunday vaziyatga tushib qolgan serbiyalik mutaxassis esa quyidagi fikrlarini bildirdi.
- Bilishimcha, men va men bilan birga ishlagan barcha xodimlar ishni yaxshi bajardik. Ya’ni, biz bir jamoa sifatida katta hajmdagi vazifani uddaladik. Afsuski, oxirgi qadamni bosishda biz omadsiz bo‘ldik. Buning uchun esa birinchi navbatda futbolchilardan kechirim so‘rayman. Chunki ular Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga loyiq edilar.
Har doim natijaga faqat bosh murabbiy javob beradi. U esa o‘zi aytib o‘tganidek, qo‘l ostidagi futbolchilari Olimpiadada qatnashishga munosib bo‘lganligini, ammo vazifa bajarilmagach, buning uchun ulardan kechirim so‘ramoqda. Balki murabbiyning o‘zi ham ish jarayoni davomida qaerdadir xatoga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi ham mumkin, shunday emasmi? Agar o‘z ishini tahlil qilgan bo‘lsa, qaerda xatoga yo‘l qo‘yganini aniq ayta olarmikin?
- Atrofdan qaraganda ishni boshqacharoq qilish mumkin edi, deb aytishlari tabiiy. Ammo har doim bunday narsalarni aytishga oson. Lekin biz o‘sha vaziyatning ichida bo‘ldik va maqsadimizga erishishga juda yaqin kelgandik. Lekin bu – futbol. Barchada esa bunday omadsizliklar ham bo‘lib turadi. Ayniqsa, marraga deyarli etib kelgan paytingda hammasi to‘xtab qoladi, - deya izoh bildirdi.
Shuningdek, terma jamoamizning Olimpiadaga chiqa olmaganiga bir qator sabablar ham keltirilmoqda. Oxirgi paytlarda esa murabbiyning boshchiligida o‘ynagan ayrim futbolchilar terma jamoadagi muhit yaxshi bo‘lmaganligi haqida ham aytishmoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqin? Balki, chindan ham muhitning yaxshi emasligi ham natijaga ta’sir ko‘rsatganmidi? Ammo Drulovich ushbu masalaga to‘xtalar ekan, bunday fikrlarga umuman qo‘shilmadi.
- O‘ylaymanki, jamoamizdagi muhit juda ham yaxshi edi. Albatta, ko‘p o‘ynay olmagan va zaxirada o‘tirgan futbolchilarning norozi bo‘lishi hamda bizning fikrlarimizga qo‘shilmasligi odatiy hol deb hisoblayman. Buni futbolda normal holat degan bo‘lardim. Afsuski, futbolda barcha o‘ynay olishi mumkin bo‘lgan variantlar yo‘q. Shunday ekan, hammani ham maydonga tushirishning iloji yo‘q edi.
Xullas, endi nima bo‘lgan taqdirda ham uning yurtimizdagi faoliyati tarixga aylandi. Lekin O‘zbekiston unda juda ijobiy taassurot qoldirganini ham yashirib o‘tirmadi. O‘z o‘rnida serbiyalik murabbiy O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga ham hamkorlik uchun rahmat aytdi.
- O‘zbekistondan juda ham ijobiy taassurotlarga egaman. U erda yangi do‘stlar orttirdim. Yana bir bor takrorlashni istardimki, Olimpiadaga bora olmaganimizdan kechirim so‘rayman. O‘z navbatida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yaxshi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildiraman. O‘FAning keyingi ish faoliyatida faqat eng yaxshi tilaklarimni bildirib qolaman.
Xabaringiz bo‘lsa, Lyubinko o‘z paytida ko‘zga ko‘ringan futbolchilardan bo‘lgan. Ayniqsa, Portugaliyaning “Portu”, “Benfika” kabi klublarida muvaffaqiyatli to‘p surgan. Shu sababli ham uning futbol olamidagi taniqli shaxslar orasida do‘stlari ko‘p. Yaqinda esa Drulovichni portugaliyalik sobiq futbol yulduzi Luish Figu bilan ovqatlanib o‘tirgan rasmini internet orqali ko‘rib qoldim. Shu haqida Drulovichdan so‘raganimda shunday javob qaytardi:
- Luish Figu mening do‘stim. Futbolchilik faoliyatimiz davomida biz u bilan bir-birimizga qarshi bir necha bor o‘ynaganmiz. Ayniqsa, “Sporting”, Barselona” va “Real”da o‘ynagan paytlarda raqib sifatida to‘qnash kelardik. Shuning uchun Figu bilan anchadan buyon yaqin munosabatdamiz.
So‘nggi so‘z o‘rnida Lyubinko Drulovich aslida keyingi rejalari qanday ekanligi bilan ham o‘rtoqlashdi.
- Barchamiz hozirgi pandemiyaning tugashini kutyapmiz. Tabiiyki, tezroq odatiy hayot tarzimizga qaytishni xohlaymiz. Umid qilamanki, bu holat tez orada ro‘y beradi. Shundan keyingi rejamga ko‘ra men klub yoki biror-bir terma jamoada ish boshlashim kerak. Umuman olganda, faoliyatimda yangi chaqiriq va yangi sinovga ega bo‘lishim darkor.
Fikrlar