
Lutfulla To‘raev: "Nasaf" futbolchilari maydonda jonini berishiga ishonaman!
Xabaringiz bor, "Nasaf" klubi bugun OFK kubogi final bosqichida "Al-Muharraq" jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv oldidan SPORTS.uz sayti "ajdarlar"ning sobiq yarim himoyachisi, ayni damda "Bunyodkor" safida to‘p tepayotgan Lutfulla To‘raev bilan bog‘landi va uning fikrlari bilan qiziqdi.
– 10 yildan so‘ng "Nasaf" yana OFK kubogida chempion bo‘lishga yaqin. Bugungi bahsda "ajdarlar"ning imkoniyatini qanday baholaysiz?
– O‘ylashimcha, "Nasaf" g‘alaba qozonadi. Ammo o‘yin juda qiyin bo‘ladi. Sababi, raqib safida tajribali futbolchilar yig‘ilgan. Butun O‘zbekiston bu bahsda "ajdarlar"ga muxlislik qiladi. Xudo xohlasa, yigitlar ortga kubok bilan qaytadi.
– Avvalgi final Qarshida bo‘lgan edi. Bu safar mezbon – raqib. Bu futbolchilarga qiyinchilik tug‘dirmaydimi?
– Ha, qiyin bo‘ladi. Muxlislar stadionni to‘ldirishiga shubham yo‘q. Final bitta o‘yindan iborat bo‘lganligi uchun "Nasaf" futbolchilari maydonda jonini berib o‘ynaydi, deb umid qilaman.
– Sizlar o‘ynagan vaqtdagi "Nasaf" bilan hozirgisini farqi nimada. Qay biri kuchliroq?
– Biz o‘ynagan vaqtda tajribali futbolchilar ko‘p edi. Hozir jamoa yoshlardan tuzilgan. Ularni solishtirib bo‘lmaydi. Har xil davrdagi ikki kuchli jamoa.
– OFK kubogining saviyasi avvalgidan oshganmi?
– Futbol soatiga rivojlanyapti. 10 yil ilgari OFK kubogining saviyasi pastroq edi.
– Siz "Bunyodkor" sardorisiz, lekin yuragizini tubida "Nasaf" bormi?
– Men "Nasaf"dagi vaqtlarimni yaxshi xotiralar bilan eslayman. Biroq hozir "Bunyodkor" bilanman.
– Final – o‘z nomi bilan final. Unda futbolchilardan nimalar talab etiladi?
– Ehtiyotkorlikni yo‘qotmaslik kerak. Har qanday vaziyatga tayyor turish lozim. Maydonga tushdingmi, faqat g‘alaba haqida o‘yla! 90 daqiqa bor kuching bilan o‘yna va kubokni yutib ol.
– Agar "Nasaf" g‘alaba qozonsa, katta miqdorda pul mukofotiga ega bo‘ladi. Sizlarni qanday rag‘batlantirishgan edi.
– Bizga "Spark" avtomobili hamda mukofot pullari taqdim etilgandi.
– OFK kubogidagi g‘alaba futbolchilarga nima beradi, deb hisoblaysiz?
– O‘ziga bo‘lgan ishonch. Tarkibdagi barcha futbolchilar uchun bu birinchi final. O‘yinni ko‘plab skautlar va klub xo‘jayinlari tomosha qiladi. O‘z-o‘zida bu reklama vazifasini ham bajaradi.
Jaloliddin Qobiljonov suhbatlashdi
Fikrlar