
"Loy jangi"ga o‘xshash derbi, Kanchelskisning qaytishi, g‘alaba qozonishni o‘rganib olgan "Qo‘qon-1912", avtobusi buzilgan "Qizilqum" va boshqalar
26-28 avgust kunlari musobaqa ishtirokchilari 18-tur o‘yinlarida maydonga tushishdi.
“Metallurg” mag‘lubiyatlar seriyasiga barham berdi. “Navbahor” murabbiy almashtirishda “Surxon”ning eng “yaqin ta’qibchisi”ga aylanmoqdi. “Qo‘qon-1912” g‘alaba qozonishni o‘rganib oldi. Ulug‘bek Baqoevning og‘ir bosiqligi jizzaxliklarga ishonch bag‘ishlamoqda. Mirjalol Qosimov o‘zi qo‘yib yuborgan Jasur Hasanov va boshqalardan bekorga havfsiramagan ekan.
“Loy jangi”ga o‘xshash derbida g‘olib nomi aniqlanmadi. Shota Arveladze hotirjam uxlasa ham bo‘ladi. Chunki uning ortidagi jamoalar tinmay ochko yo‘qotishmoqda.
“Dinamo”ning qora chiziqlari o‘chmayapti. “Buxoro” ham yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar bilan birga, ko‘plab gollar urishni biladi. Termizda bayram.
Chempionatning so‘nggi ikki uchrashuvida imkoniyatni boy bergan “Metallurg” futbolchilari “Navbahor”ga qarshi o‘yinga kelib bu noxush an’anaga barham berishdi.
Bellashuv murosasiz, qarama-qarshi hujumlar ostida o‘tdi. Har ikkala jamoa maydonga faqatgina g‘alaba ishtiyoqida tushganligini namoyish etdi. Shu boisdan maydonning har bir qarichi uchun kurash kechdi.
Ikkinchi taymda bekobodliklar o‘yin sur’atini yanada oshirishdi. Mehmonlar esa qarshi hujumlarda xavfli vaziyatlarni sodir etishdi. Bellashuv taqdirini hal etuvchi gol esa 90-daqiqada kiritildi. Bahrom Abdurahimovga nisbatan ishlatilgan qo‘pollikni Muzaffar Muzaffarov jazoladi. Uning chamasi 25 metrlar uzoqlikdan bergan zarbasi gol bilan yakunlandi.
Ushbu mag‘lubiyat sabab “Navbahor”da yana murabbiy almashdi. Yaqindagina jamoani qabul qilib olgan Deyan Jurjevich o‘rniga undan avval Namanganda faoliyat yuritgan Andrey Kanchelskis ortga qaytarildi. Murabbiy jamoa bilan 3 yillik shartnoma imzoladi.
Turning markaziy uchrashuvi «Milliy» stadionida o‘tkazildi. «Bunyodkor» nihoyat uyga qaytdi. “Qaldirg‘ochlar”ga «Lokomotiv» raqiblik qildi.
Birinchi taymda himoyachilarning xatosidan foydalangan Arslanmirat Amanov bosh bilan darvozani ishg‘ol etdi. Bu gol ma’lum vaqt mehmonlarning ustunligini ta’minladi.
Ikkinchi bo‘limda maydonga tushirilgan Sanjar Tursunov muvozanatni tikladi. Sanjar Qodirqulovga ishlatilgan qo‘pollik uchun belgilangan penaltidan Tursunov unumli foydalandi.
Keyingi daqiqalarda ikkala jamoa ham golga tortadigan vaziyatlar yaratdi. Lekin derbida g‘alaba qozonish hech kimga nasib etmadi. Qolaversa, futbolchilar o‘z o‘yinlarini ko‘rsatishlari uchun maydonning achinarli holati bunga yo‘l qo‘ymadi. Qaytadan ekilgan maysalar yana yaroqsiz ekanligi ko‘rindi.
Oxirgi uchrashuvlarni muvaffaqiyatli o‘tkazayotgan qo‘qonliklar bu galgi bahsda ham muxlislarni xursand qilishdi.
Ilk daqiqalardan mezbonlar hujumga zo‘r berishdi. 2-daqiqada jarima to‘pi tepishdi. Ammo Murod Xolmuhammedovning zarbasi kuchli, biroq noaniq ko‘rinish oldi.
Keyingi daqiqalarda jamoalar navbati bilan hujumlarga o‘tishdi. “Nasaf” vakillari nisbatan kamroq vaziyatlar yaratishsa-da, qarshi hujumlari ancha havfli chiqdi. Oxirgi bellashuvlarda mazkur uslubdan yutayotgan “ajdarlar” shu kuni mag‘lubiyatga uchrashdi. E’tiborga molik tomoni, bellashuvning uchdan bir qismi o‘tib borayotganda, mehmonlar hisobni ochishdi. Biroq o‘yindan tashqari holat borligi uchun gol inobatga olinmadi.
82-daqiqada mezbonlar hisobni ochishdi. Murod Xolmuhammedov bunga qadar uchrashuvda 2 marta standardan foydalanolmagandi. Uchinchi urinishda jarimadan to‘pni qoyilmaqom tarzda to‘rga yo‘lladi.
Uchrashuvni samarqandliklar juda yaxshi boshlashdi. Mezbonlar hujumchisi Amirjon Safarov 3 bor yakkama-yakka holatga chiqdi, ammo gol ura olmadi. Yakunda mana shu vaziyatlarning uvoli tutdi.
Ikkinchi taymda tamomila o‘zgargan “Buxoro” jamoasi qisqa vaqt ichida 3 marta darvozani ishg‘ol etib, raqibni nokautga uchratdi.
Dastlab burchakdan oshirilgan to‘pni jarima maydonidagi pala partishlikdan so‘ng Andrey Sidorov to‘rga kiritdi. Keyin qarshi hujumdan Salamat Qutiboev samarali foydalandi. 73-daqiqada esa Sardor Sulaymonov mezbonlarning umidlarini batamom so‘ndirdi.
Borgan sari Jizzaxda o‘ynash qiyinlashmoqda. Mezbonlar raqib kim bo‘lishidan qat’iy nazar faqat g‘alaba uchun kurashishmoqda. Buni Ulug‘bek Baqoev shogirdlariga singdirmoqda. AGMKga qarshi bellashuvda aynan shu hislatni ko‘rdik.
Uchrashuv dastlabki daqiqalardan keskin kurashlar ostida boshlandi. Ilk taymda olmaliqliklar biroz ustundek ko‘rinishgandi. Lekin “So‘g‘diyona” tanaffusdan so‘ng mezbon kimligini ko‘rsatib qo‘ydi. Ketma-ket hujumlar 80-daqiqada naf keltirdi.
Standartdan uzatilgan to‘pni jarima maydoni ichida yolg‘iz qoldirilgan Kaxi Maxaradze ortiqcha qiyinchiliksiz darvozaga yo‘lladi.
AGMKda ham keyinroq vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyatlar bo‘ldi. Shahzodbek Nurmatov va Elguja Grigalashvilining kombinatsiyasidan so‘ng Milan Mitrovich darvozasi ishg‘ol etildi. Biroq yon hakami bayroqchasini ko‘targani bois gol inobatga olinmadi. Mirjalol Qosimov shogirdlari omadsizlikka uchrashdi. Jizzaxliklar esa muhim uch ochkoni qo‘lga kiritishlari bilan birga 4-o‘ringa ham ko‘tarilishdi.
Uchrashuvda to‘liq tashabbusga erishgan “sherlar” dastlabki daqiqalardan ketma-ket xavfli vaziyatlar sodir etishga tushishdi. Igor Sergeev va Jaloliddin Masharipovning zarbalariga aniqlik etishmadi. Uyushtirilgan hujumlar 41-daqiqada samarasini berdi. Burchakdan uzatilgan to‘pni himoyachilar qaytargach, Dragan Cheran o‘ng oyog‘ida aniq zarba yo‘lladi - 1:0.
44-daqiqada Sardor Sobirxo‘jaev chap oyog‘ida kuchli zarba bilan uzoq burchakni ishg‘ol qildi.
Ikkinchi taymda toshkentliklarning ustunligi yanada ortdi. Garchi, 57-daqiqada hisobni mehmonlar Ildar Mamatkazinning boshi bilan bergan aniq zarbasi evaziga qisqartirgan bo‘lishsa-da, keyingi daqiqaning o‘zida mezbonlar uchinchi golni urishdi. Ajoyib hujumdan so‘ng Masharipovning uzatmasidan Sergeev unumli foydalandi.
Cheran xet-trik qayd etdi. Penalti va boshi bilan yo‘llagan aniq zarbalari bilan Dragan natijani 5:1 ko‘rinishiga keltirdi.
“Surxon”ning ishlari yaxshilanmoqda. Jamoa yana g‘alaba qozonishni boshladi. Turmizliklar o‘z uylarida “Qizilqum”ni taslim etishdi.
Birinchi taymda jamoalar ehtiyotkor o‘yin namoyish etishga urinishdi. Biroq mezbonlar navoiyliklarga qaraganda ozgina faolroq harakat qilishdi. Ammo tanaffusgacha darvoza ishg‘ol etilmadi.
Ikkinchi bo‘limda maydon egalari yaqqol ustunlikka erishishdi. Buning samarasi o‘laroq 67-daqiqada gol urishdi. Chap qanotdan boshlangan kombinatsiyani Abdulaziz Yusupov ijobiy yakunladi.
Zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Shohnazar Norbekov ham o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Asilbek Amanov tepgan to‘pni raqib himoyachisi maydonning ikkinchi qismida qaytarishda xato qildi. Bundan esa Norbekov foydalandi. Hujumchi birga-bir vaziyatdan darvozani ishg‘ol etdi.
Ha aytgancha, uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida Hamidjon Aktamov o‘yinga kelayotganda "Qizilqum"ning avtobusi buzilib qolgan ekan. Buni ko‘rgan "Surxon" avtobusi ularga yordam bermay ketibdi.
Qolaversa, mehmonxona muammosiga ham duch kelishibdi. Mana shu sabab navoiyliklar mag‘lubiyatga uchrashibdi.
Fikrlar
Халкни пули кучада колмаган.
Фараз килинг уша шахсни уйида бир бечора мадикор курилиш киляпти, бирок девор сал кийшик урилган булса мадикорга рози бул деб пулини берармикан? - йук хеч качон оркасига тепиб кучага кувиб солиши аник, негаки уни кучада колган ортикча пули йук.
Халкники хам худди шундай 1 сум хам ортикчаси йук.
Эссизгина шунча пул ачинар экансанда, канчадан-канча огир касалликка чалинган гудак болажонлар тузалиб кетиши мумкин эди-я.