
London to‘foni, Norvegiyaning bo‘roni yoki frantsuz chaqmog‘i? «Man Siti» Agueroni kim bilan almashtiradi?!
APL oltin medallarini allaqachon cho‘ntakka solib qo‘ygan bo‘lsada, "Manchester Siti"da tarkib bilan bog‘liq muammolar yo‘q emas. Bir necha yillardan beri oldingi chiziqdagi eng asosiy figura sanalgan Kun Serxio Aguero yozda klubni tark etishini ma’lum qildi. Pep jamoasi hozir argentinalik hujumchisiz ham gol kiritishda muammoga duch kelmayapti. Shunga qaramay, muhim o‘yinlarda bu omil pand berib qo‘yishi mumkin.
Hozir ham bu statistik ma’lumotlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ingliz nashrlari bergan ma’lumotlarga qaraganda, «Siti» Aguero bilan har bir o‘yinda 2,5 gol kiritgan. Hozir esa, bu ko‘rsatkich 2,1 ga tushib ketdi. Uning o‘rnini egallashi shart bo‘lgan Jezus hisobida joriy mavsumda atigi 7 gol bor, xolos. Dekabrda 24 yoshni qarshi oluvchi hujumchi Agueroning darajasiga chiqa olmasligi aniq bo‘lib ulgurdi.
COVID-19 sababli ko‘plab grand klublar iqtisodi katta talofat ko‘rdi. Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, bu zarba bir necha yillar davomida o‘z ta’sir kuchini yo‘qotmaydi. «Manchester Siti»ni bu voqealar bezovta qilmasa kerak. Abu Dabidagi milliarder istagan futbolchini «shaharlikka» aylantirishga qodir. 2020 yilning iyul oyida «Siti»ga qo‘yilgan ikki yillik taqiq olib tashlandi. Oqibatda, yoz oxiriga qadar jamoa Ruben Diash, Natan Ake va Ferran Torres uchun 120 million evro sarfladi.
Serxio Aguero yozda klubni tark etishini ma’lum qildi. Pep jamoasi hozir argentinalik hujumchisiz ham gol kiritishda muammoga duch kelmayapti. Shunga qaramay, muhim o‘yinlarda bu omil pand berib qo‘yishi mumkin.
Shunday ekan, «shaharliklar» yangi markaziy hujumchi kerak. O‘tgan yilning oktyabr oyida Gvardiola hujumchi sotib olish kerakligini ma’lum qilgan edi. Agueroning ketishi bu ishni amalga oshishi aniqligidan dalolat. Ortda qolgan 5 yil davomida, Pep «Siti»dan transferlar uchun 950 million evro oldi. Katta ehtimol bilan, bu summa yozda 1 milliardga etadi. Xo‘sh, «shaharliklar»ning yozda nishoniga aylanadigan hujumchilar kim?
Leonel Messi
Argentinalik hujumchi 34 yoshni «urib qo‘ygan» bo‘lsada, bir yo ikki mavsumni super darajada o‘tkazishga qodir. Bir necha yillardan beri EChL oltin medallarini orzu qilayotgan Gvardiolaga shuning o‘zi kifoya. Klub muxlislari ham Angliya chempionligiga o‘rganib qoldi. Endi ular ham xalqaro maydondagi sovrinni istamoqda.
Leo va Pepning yana hamkorlik qilishi «Siti» targ‘ib etayotgan o‘yin modelini to‘xtatib bo‘lmas mashinaga aylantirib yuborishi mumkin. Messi so‘nggi pas va hujumni uyushtirishda benazir. Shuningdek, kuchli yarim himoyachilar qurshovida u yanada erkin to‘p surishi mumkin.
Bu transferni amalga oshirish juda qimmatga tushadi, biroq Messi bu zamonaviy futbolning ramzi sanalgan ikkita sportchining biri. Bu yurish «Siti»ning grandlar qatoriga qo‘shilishi uchun oldinga tashlangan qadam bo‘ladi.
Erling Xoland
Yaqin 10 yil ichida sayyoramizning eng kuchli markaziy hujumchisi bo‘lish uchun asosiy da’vogar! Chinakam gol mashinasi. Joriy mavsumda u Bundesliganing 17 o‘yinida 17 bor raqib darvozasini ishg‘ol etdi. EChLda 5 bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.
Endigina 20 yoshga qadam qo‘yganiga qaramay, u sovuqqon va xotirjam. Bundan tashqari, qahramonimiz gol kiritishdan boshqa jihatlarini ham yaxshilab borishga urinmoqda. Texnikasi kuchli, jismonan baquvvat, so‘nggi zarbani aniq yo‘llay oladigan Erling Pepning barcha kriteriyalariga javob beradi.
Ikkinchi qavatda ham o‘z o‘yinini yaxshilayotgan yigit hali o‘zining eng yuqori darajasiga ko‘tarilgani yo‘q. U istalgan futbol modeliga mos keladi.
Mish-mishlarga qaraganda, Xoland 2022 yilning oxirida Dortmund klubini 75 million evro evaziga tark etmoqchi. Agar «Siti» Agueroning qo‘yib yuborsa, tezroq Xoland uchun kurashga qo‘shilishi lozim. Aks xolda, bu transfer summasi 150 million evrogacha ko‘tarilishi mumkin.
Xarri Keyn
«Shporlar» o‘z sardorini qo‘yib yubormoqchi emas. Shu bois, uning transfer summasini 150 million evro etib belgilab qo‘yishdi. Hozirgi paytda bu summa «Siti» uchun ham og‘irlik qilishi aniq.
Yozda Xarri 28 yoshni qarshi oldi. Futbolchi shu yoshga qadar hali birorta sovrinni boshi uzra ko‘targani yo‘q. Bu juda alamli holat. Uning jamoa bilan tuzgan shartnomasi 2024 yilda o‘z yakuniga etadi. Agar futbolchi shartnoma so‘ngiga qadar «Tottenxem»da qolsa, uzog‘i bilan Angliya kubogida zafar quchishi mumkin, xolos. Bundan ortig‘ini faqat orzu qilish mumkin.
«Siti» Keyn hozir super formada ekanligini yaxshi biladi. Transfer tezda foyda berishi aniq. Bu vaziyatda Daniel Levi bilan suhbat uyushtirish zarar qilmaydi. Agar transfer summasi 80-90 million evro atrofida baholansa, Keyn va «Siti» hamkorligi katta foyda keltirishi aniq.
Xarri stabil hujumchi. Aynan shunday ijrochining yo‘qligi bir necha yillardan beri muhim bahslarda “Man Siti”ga pand berib qo‘ymoqda. Keyn jamoani har jabhada kuchaytirishi mumkin.
Kilian Mbappe
Barcha Kilianni Madrid klubiga o‘tishi haqida fikr bildirmoqda, ammo bunga ishonish mushkul. «Real» yangi stadion qurilishi va pandemiya sababli moliyaviy qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazmoqda. Vaziyatdan «Siti» unumli foydalanib ketishi mumkin.
22 yoshli hujumchining Parij jamoasi bilan tuzgan shartnomasi 2022 yilda yakunlanadi. Mbappe - jahon chempioni. U shunchaki bir mavsum yaxshi to‘p surgan futbolchi emasligini isbotlab bo‘ldi. Ronaldu va Messidan keyin «oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish uchun birinchi da’vogar bo‘lib turgan yigit uchun 100-150 million evro talab etilishi tabiiy.
Boz ustiga, Kilian Liga-1da yangi darajaga chiqa olmasligini yaxshi biladi. U APL yoki La Ligada to‘p surishi shart. Boshqachasiga «oltin to‘p» uchun birinchi raqamli da’vogar bo‘la olmaydi. Umuman olganda, «shaharliklar» bu transferdan har jabhada foyda qilishi mumkin. Kilian universal. U qanotlarda va markazda bir xil naf beradi. Kerak paytda katta tezlik namoyish etishi ham mumkin. Qo‘shimchasiga, qarshi hujum chog‘ida u chinakam qurolga aylanadi.
Joau Felish
Tan olish lozim, Felish «Atletiko»ning o‘yin uslubiga sira mos emas. «Benfika»da erkin ijod qilishga o‘rganib qolgan yigitdan sof hujumchi «yasash»ning imkoni yo‘q ekanligini Simeone ham anglab etdi. Shu bois, u Luis Suaresni tarkibga qo‘shib oldi.
21 yoshli yigit o‘zi uchun sarflangan 126 million evroni hali oqlamadi, biroq uning potentsiali juda yuqori. Uning qanotdan markazga yorib kirishi, dribling va chaqqonligi «Siti»ga qo‘l kelishi mumkin. Pep portugaliyalik futbolchini bemalol yangi darajaga olib chiqa oladi.
Felish markaziy hujumchi bo‘lishiga qaramay, maydon markaziga yaqin nuqtada to‘p surishi mumkin. «Yolg‘on to‘qqizlik» sxemasi uchun Felish ideal hujumchi. Hozir «Atletiko» himoyaviy futbolga urg‘u bergani uchun biz Joauni to‘liq imkoniyatlarini chamalay olmayapmiz. Uning «Etixat»ga ko‘chib o‘tishi yangi superyulduzning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi hech gap emas.
Lautaro Martines
Milanning «Inter» jamoasi safida Agueroning o‘yin uslubiga juda o‘xshash harakat qilayotgan hujumchi bor. Agar u Serxioni «Siti»da almashtirsa, Pep uchun ayni muddao bo‘ladi. Texnikasi kuchli bo‘lgan forvard Kun Aguero amalga oshirgan barcha ishni uddalay oladi. U «yolg‘on to‘qqizlik»da ham to‘p surishi mumkin. Kerak pallada qanotda ham to‘p surishi mumkin. Lautaro chinakam universal. Futbolchining o‘ziga ham APLda o‘z kuchini sinab ko‘rish qiziq bo‘lishi aniq. «Inter» "Skudetto"ni qo‘lga kiritishga yaqin turibdi. Agar bu ish amalga oshsa, Martines yangi maqsadlar sari odimlashi aniq. Pep Gvardiola qo‘l ostida to‘p surish har qanday futbolchining orzusi.
Fikrlar