"Lokomotiv"dagi keyingi taqdiri va bugungi terma jamoamiz haqida Marat Bikmaevning qarashlari

  • 20 noyabr, 2020, 22:45
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Lokomotiv” klubi mazkur turda Olmaliqning AGMK jamoasini qabul qildi. O‘yin ikkala tomon uchun muhim edi. Negaki, klublarga o‘z maqsadi yo‘lida uch ochko nihoyatda zarur edi. Shu bois uchrashuv ancha keskin va hujumkor ruhda o‘tdi. “Loko” ham, AGMK ham mag‘lubiyatga uchragisi kelmadi va shu sababdan ham jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi.

Tecno

Mehmonlar garchi birinchi bo‘limda hisobni ochishgan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda mezbonlar Bikmaevning penaltidan urgan goli evaziga hisobni tenglashtirdi. Bir qarashda o‘yin 1:1 bilan tugaydigandek edi. Ammo hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqaning so‘nggi soniyalarida Marat Bikmaev yana bir bor katta sahnaga chiqib, uchrashuvdagi o‘zining dublini, jamoasining esa ikkinchi golini kiritgan holda “Lokomotiv”ga o‘ta qimmatli g‘alaba tortiq etdi. Bu orqali temiryo‘lchilar o‘ziga xos irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi. O‘yin qahramoniga aylangan Marat Bikmaev taassurotlarini shunday izohladi:

-  O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsak, ikkala jamoaga ham yaxshi o‘yin ko‘rsatishi uchun noqulay ob-havo xalaqit berdi. Ammo ko‘rgan bo‘lsangiz, biz haqiqatan ushbu bahsda iroda kuchimizni namoyish eta oldik. Birinchi bo‘limda o‘z darvozamizdan gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsak ham kurashdan to‘xtab qolganimiz yo‘q. Tabiiyki, g‘alaba qozonganimizdan xursandman. Uch ochko uchun hamma harakat qildi. Shu bois jamoadoshlarimga ham alohida rahmat aytmoqchiman. Diyor Turopov penalti ishlab berdi. Oxirgi vaziyatda esa Pogrebnyak golga pas berdi. Shuning uchun birgina men emas, butun jamoamiz yutdi.

bikmaev_2

Superliga ham asta-sekin poyoniga etib kelyapti. Ammo joriy mavsum turli qiyinchiligu, to‘siqlardan iborat bo‘ldi. Shunga qaramay, Superliga karvoni bir amallab bo‘lsa ham manzili tomon yaqinlashib qoldi. Bikmaev esa ortda qolgan mavsum xususida shunday dedi:

-  To‘g‘ri, chempionatimiz koronavirus sababli ancha cho‘zildi. Mavsumga kirishdingmi, uni oxirigacha tugatish kerak bo‘ladi. Chunki bunday paytda hamma formada bo‘ladi, jismoniy tomondan ham me’yoriga kirib oladi. Shuning uchun futbolchilar o‘zidagi bor iqtidorni ko‘rsata olishlari mumkin. Agar chempionatda doimiy to‘xtalishlar bo‘lsa, unda o‘yinchi sport formasidan chiqib ketadi. Yana chempionatga qaytish va formani tiklash uchun vaqt kerak. Natijada hamma bor mahoratini ko‘rsata olmaydi.

bikmaev2_1

Ko‘pchilikni Maratning keyingi taqdiri qanday kechishi ham qiziqtirmoqda. U yana “Lokomotiv”da to‘p suradimi yoki jamoasini o‘zgartiradimi?

-  Men hali “Lokomotiv”daman. Hayotim aynan ushbu klub bilan bog‘liq. Chempionat tugasa, ana shunda o‘ylashga vaqt bo‘ladi. Ungacha bor e’tiborimni jamoamning o‘yinlariga qaratganman, - deya javob berdi, Bikmaev.

Xohlaymizmi-yo‘qmi, u milliy terma jamoamiz tarkibida ham foydali o‘yinlari bilan yanada hurmat qozongan. Hamma qatori Bikmaev ham bugungi termamiz xususida o‘z qarashlariga ega. Ammo boshqalardan farqli o‘laroq u ijobiy munosabatda va mundialga chiqishimizga ishonayotgani borasida quyidagilarni aytdi:

bikmaev3

-  Milliy terma jamoa to‘g‘risida vahima ko‘tarmaslik kerak. Bu faqat o‘rtoqlik uchrashuvlari. Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin uchun hali oldimizda vaqt bor. Asosiysi, o‘sha rasmiy uchrashuvga yaxshi holatda etib kelish kerak. O‘tkazilgan ikkita o‘rtoqlik o‘yini esa o‘z nomi bilan sinov uchrashuvi hisoblanadi. Mana shunday o‘yinlar orqali bosh murabbiy qaerda xato qilganini ko‘rib oladi. Keyingi bellashuvga boshqa xatoga yo‘l qo‘ymaslikni bilib oladi. Nazorat uchrashuvlari shuning uchun ham kerak. Ishonamanki, O‘zbekiston albatta jahon chempionatiga chiqadi. Chiqqanda ham tasodifiy emas, har tomonlama haqli va munosib ekanligini isbotlagan holda yo‘l oladi. Men esa endi terma jamoada yoshlarga yo‘l berishim kerak.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!