
"Lokomotiv"da debyut qilgan to‘rt futbolchi
"Lokomotiv" yoshlarga va o‘z tarbiyalanuvchilariga ishonch bildirishda davom etadi.
O‘tgan yil klubning ikki tarbiyalanuvchisi - Nurmuhammad Toshpo‘latov bilan Javohir Abdualimov Superligada debyut qilgandi. Bu yil esa hozircha to‘rt nafar yosh futbolchi asosiy jamoada ilk bor maydonga tushdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Quyida ushbu futbolchilar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Ali Abdurahmonov - hujumchi, 2003 yil tug‘ilgan.
Superliga 2-turidan o‘rin olgan "Lokomotiv" - AGMK bahsi Ali Abdurahmonov uchun Superligadagi ilk o‘yin bo‘ldi. O‘shanda Ali asosiy tarkibda maydonga tushib, 78 daqiqa harakat qildi.
Sherzod Komilov - yarim himoyachi, 2002 yil tug‘ilgan.
Sherzod Komilov jamoaning yana bir futbolchisi Dilshod Komilovning ukasi. Superliga 7-turidan o‘rin olgan "Neftchi" - "Lokomotiv" uchrashuvi Sherzod uchun Superligadagi debyut bellashuv bo‘ldi. U 81-daqiqada Sanjar Qodirqulov o‘rniga maydonga tushdi.
Anvar Alijonov - yarim himoyachi, 2002 yil tug‘ilgan.
Superliga 12-tur "Lokomotiv" - "So‘g‘diyona" bahsida "temiryo‘lchilar"ning yana bir tarbiyalanuvchisi Anvar Alijonov ilk bor asosiy jamoada o‘z debyutini amalga oshirdi. Alijonov o‘yinning 72-daqiqasida Islom Rashidxonov o‘rniga maydonga tushib, o‘zini ko‘rsatishga harakat qildi.
Abdulloh Yo‘ldoshev - himoyachi, 2003 yil tug‘ilgan.
Abdulloh Yo‘ldoshev hozircha Superligada maydonga tushmagan bo‘lsa-da, "Xorazm" bilan kechgan Kubok o‘yinida asosiy jamoa libosida ilk bor harakat qildi. Toshkentliklar 2:1 hisobida zafar quchgan bahsda Abdulloh 88-daqiqada Nurmuhammad Toshpo‘latov o‘rniga maydonga tushgandi.
Fikrlar