
"Lokomotiv" ustozi: "Mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlamoqchi edik, biroq bunday bo‘lmas ekan"
Pro liganing 5-turida "Lokomotiv" jamoasi o‘z uyida "Aral"ni qabul qildi va 2:0 hisobida g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu muvaffaqiyatdan so‘ng "Temiryo‘lchilar" 12 ochko bilan turnir jadvalida peshqadam bo‘lib kelmoqda. O‘yindan keyin "Lokomotiv" matbuot xizmati bosh murabbiy Grigoriy Kolosovskiyning fikrlarini taqdim etdi.
- O‘tgan turda ikkala jamoa ham mag‘lub bo‘lgani uchun bugun g‘alaba uchun maydonga tushdi. O‘sha mag‘lubiyatdan keyin biz jamoa bilan jiddiy ishlar olib bordik. O‘yinga yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Bahs golgacha davom etdi. Kim birinchi bo‘lib gol ursa, o‘sha jamoaning g‘alaba uchun imkoniyati oshardi. Yana o‘sha muammomiz kuzatildi: yaratilgan vaziyatlardan foydalana olmayapmiz. Birinchi bo‘limning o‘zida 2-3 ta gol ursak bo‘lardi. Albatta, himoyada ham qo‘pol xatolar qildik. Himoyachimiz jamoamizni goldan qutqarib qolgan vaziyati ko‘proq yodda qoldi. Ikkinchi bo‘limda o‘zimizni yaxshiroq his qilish uchun birinchi bo‘limda vaziyatlarimizdan gollar urishimiz kerak edi. Ikkinchi bo‘limda harakatlarni ko‘paytirdik, to‘pni ko‘proq nazorat qildik va ko‘proq vaziyatlar yaratdik. Ha, birinchi bo‘limdagidan kamroq vaziyat yaratgandirmiz, biroq ikkita gol urdik. Uchinchi golga ham yaqin kelgandik, biroq taqdir emas ekan. Bu golni keyingi o‘yinlarga olib qo‘ydik. Ochko uchun kurash jiddiy kechdi. Biz g‘alaba qozonishni istadik, har bir vaziyat uchun kurashdik.
- Jamoa etakchisi Akaki Shulayaning zaxirada qoldirilishiga sabab nimada?
- Shulayani zaxirada qoldirib, boshqa futbolchilarga imkoniyat berdik. O‘tgan o‘yinlarda biz ko‘proq uning qanotidan hujumga o‘tayotgandik, bu safar esa rejada chap qanotni ishga solish asosiy o‘rinda edi. Shulaya bo‘lsa biz birdaniga ikkala qanotdan ham ko‘proq hujum qilsak bo‘lardi. U orqali individual, jamoaviy hujumlar soni oshdi. Qanotlarda faollik kuchaydi. Biroq himoyada yana xatoliklar kuzatildi. Bu borada jiddiy gaplashib olish kerak. Qarshi hujumlarni bunchalik oson qo‘yib yubormaslik kerak.
- G‘alabani 6 ochkolik g‘alabaga qiyoslasak bo‘ladimi?
- Yo‘q, kurash hali davom etadi. Oldinda yana 3 davra bor. Kurash oxirgi turgacha davom etadi, deb o‘ylayman. Mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlamoqchi edik, biroq bunday bo‘lmas ekan. Barcha jamoalar oxirigacha kurashmoqda, ayniqsa, turnir favoriti sifatida o‘ynayotgan bizga qarshi ikki karra ko‘proq kuch bilan o‘ynashyapti. Shu sababli bizga ham etarlicha darajada qiyin bo‘lmoqda.
Fikrlar