“Lion” - “Bavariya”: prevyu

  • 19 avgust, 2020, 17:32
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kechagi “Leyptsig” - PSJ uchrashuvidan so‘ng, ikki xil taxmin uyg‘onmoqda: yoki “Atletiko” juda yomon holatda edi yoki nemislar yarim finalning o‘zidanoq xursandlar. Albatta, ikkinchi fikr mubolag‘a bilan aytilmoqda. Biroq rostdan ham Nagelsmann jamoasidan muxlislar ko‘prog‘ini kutgandi. Yana bir faraz mavjudki, barcha va hatto 33 yoshli mutaxassisning o‘zi ham jamoasiga ishonib qoldi. 56-daqiqada etakchi futbolchilardan hisoblangan Dani Olmoning zaxiraga olinishi ham shuning isbotidek ko‘rinmoqda. Olmoning murabbiy tomonidan almashtirilishi uning transfer narxini tushirib yubormaslik maqsadida qilingan, deb izohlashimiz ham mumkin. Xullas, farazlar bizni turli vajlar tomon olib boradi. Voqea shundan iboratki, “Leyptsig” mag‘lub bo‘ldi. Bu bir tarafdan final afishasini ko‘tarishi mumkin. Chunki, bugungi uchrashuvda xohlaymizmi, yo‘qmi, “Bavariya” favorit va ular joriy yilda fantastik tarzda harakat qilmoqda. Uni ustiga “Lion” futbolchilari PSJga bitta finalni boy berib ulgurgan. Ushbu qarama-qarshilik yuzaga kelgan taqdirda chempion jamoa mavsumni ideal va mukammal o‘tkazgan bo‘ladi. Biz esa har doimgidek, ushbu bahsdan intriga qidiramiz.

Tecno

417572

“Lion”

Frantsuzlar hayratda: “Yana nima qilaylik sizlarni o‘z kuchimizga ishontirish uchun?!” Darhaqiqat, Rudi Garsiya shogirdlari “Yuventus” va “Manchester Siti”ga qarshi uchrashuvlardan oldin ham yaqqol autsayder sifatida ko‘rilayotgan edi. Ochig‘i, “Lion”ning ikkinchi raqamda ekanini e’tirof etgan holda, ularni bugungi uchrashuvda hech qanday imkoniyati yo‘qligi haqidagi fikrlarga ham qo‘shilmagan bo‘lardim. “Bavariya” “Barselona”ga 8 ta gol urgani bilan bu ushbu uchrashuvda ahamiyatga ega emas, deb aytaman. Sababi, mana ko‘rib turibmizki, kataloniyaliklar ich-ichiga o‘tkazib yuborgan yarani myunxenliklar ko‘rsatib qo‘ydi. Endi ular butkul kesib, tozalab tashlanmoqda. 

“Lion” esa hamon sirli va zalvorli qadamlar bilan davom etmoqda. Bugun ular final uchun kurashadi. Ha, haqiqatdan ham ular bugun “Bavariya” bilan nimadir sodir etishga urunishadi. Yoki olamshumul sensatsiya va g‘alaba, yoki kutilgan mag‘lubiyat va nisbatan omadli mavsum. “Bavariya” qo‘rqishi kerak bo‘lgan jihat ham shundan iborat: “Lion”ning mag‘lubiyati fojia emas. 

Taxminiy tarkib: Lopesh, Denayer, Marselo, Marsal, Dyubua, Kakere, Gimaraynesh, Auar, Korne, Depay, Dembele.

picture (1)

“Bavariya”

5 karra ushbu turnir chempioniga aylangan jamoa joriy mavsumda 6-kubokni trebl orqali qo‘lga kiritishi myunxenliklar muxlislari uchun naqadar quvonchli bo‘lardi. Voqealar shunga qarab ketayotgandek ham. Flik tuzgan jamoada eng zaif nuqta markaziy himoya. Ammo yarim himoya fantastik darajada. Ular istalgan hujumni qanotlarga siqib qo‘ya oladi. Ikkala qanotdagi yosh va tezkor futbolchilarni ortda qoldirib ketish Messiga ham nasib etmadi. Bir jihatdan, “Lion” o‘ta sabrli jamoa. “Chelsi” va “Barselona”ga butun uchrashuv davomida himoyalanib, vaziyatini kutish uchun nom va g‘urur masalasi halaqit beradi. Frantsuzlar esa hozirgi holatdan qoniqish xosil qilsa arziydigan natijaga erishib bo‘ldi va Evropa grandiga qarshi har qanday uslubda ishonchli qarshilik ko‘rsatish ularning maqomini yana bir karra ko‘taradi. “Bavariya” - mashina. Texnika esa istalgan vaziyatda qaysidir murvati hisobiga ishdan chiqishi mumkin. 

Taxminiy tarkib: Noyer, Kimmix, Boateng, Alaba, Devis, Goretska, Tago, Perishich, Myuller, Gnabri, Levandovski.

Bavariya sostav

Murabbiylar

 

Rudi Garsiya: “Ishtaha tanovvul paytida keladi. Bizda aynan shunday holat kuzatilmoqda. Finalga chiqish uchun eng yaxshi holatdagi o‘yinimizni namoyish etishimiz talab etiladi, xolos. Bu “Bavariya”ga ham bog‘liqligi aniq. Ammo biz o‘z darajamizni ko‘rsatishimiz kerak. Ular yaxshi shakllangan jamoa, ammo hech bir klub ideal emas. To‘pni yaxshi nazorat qilish va chiroyli kombinatsiyalar orqali nimagadir erishishimiz mumkin. O‘zimizga ishonishimiz zarur”.

large (1)

Xans-Diter Flik: “Men jamoamdagi holatdan mamnunman, futbolchilar o‘rtasidagi munosabatlar, mashg‘ulotlardagi atmosfera ajoyib darajada. Men rohat bilan ishlamoqdaman. Sababi, futbolchilarim barcha jihatdan etuk shakllangan. Ammo hamma bilib turganidek, bizni 0-0 hisobi bilan boshlanuvchi 90 daqiqalik o‘yin kutib turibdi. “Barselona”ga qarshi o‘yinda bo‘lganidek ishtiyoq bilan o‘ynashimizni xohlayman”. 

eb371e9865cb84f5364b6c4ca6c51e4b

Xulosa o‘rnida

Barcha futbol muxlislari anglab turganidek, bugun “Bavariya” ko‘p jihatdan “Lion”dan ustun. Frantsuzlarga 2 marta ko‘mak bergan mo‘jiza bugun yana sodir bo‘lmasligiga ham hech kim kafolat bera olmaydi. Fikrimcha, himoyaviy “Lion”ga qarshi “Bavariya” gollarni qalashtirib tashlay olmaydi. Ya’ni, bugungi uchrashuvda xokkeyga xos hisob qayd etilmasa kerak. Birinchi 30 daqiqalikda gol urib olgan taqdirda myunxenliklar shouni boshlab yuborishi ham ehtimoldan holi emas. Mo‘jizalar mavsumida uchrashuvlar oldidan taxmin bildirish ham qiyin. Ammo baribir “Bavariya” g‘alabasi bellashuv taqdiri mantiqan rivojlangan taqdirda kuzatilishi kerak. Favqulodda holatlar bundan mustasno.

majnc-bavarija-01-fevralja-2020-smotret-onlajn

Abdulvosid Valixonov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!