
Levchenko doim Sarkisyanning hurmatini joyiga qo‘yadi yoxud "Bunyodkor" - "Neftchi" to‘qnashuvi oldidan
1 iyun kuni Superligamizning 10-turida faqat bitta o‘yin o‘tkaziladi. Toshkentdagi hashamatli “Bunyodkor” stadionida maydon egalari “Neftchi”ni qabul qiladi. Shuning uchun futbol shinavandalari istasalar ham, istamasalar ham “Bunyodkor” – “Neftchi” o‘rtasidagi o‘yinga e’tibor qaratishadi. Chunki Superligada bugun bundan boshqa o‘yin yo‘q. Lekin “Bunyodkor” stadionidagi uchrashuvni ko‘ring va uni qoldirmaslik uchun asoslar etarlicha.
30 may kuni 77 yoshini qarshilagan “Neftchi” klubining afsonaviy murabbiyi va hozirda “Bunyodkor”da maslahatchi murabbiy sifatida faoliyat olib borayotgan Yuriy Sarkisyan alohida mavzu bo‘la oladi. “Neftchi”ni 27 yil boshqargan mutaxassisni “Neftchi”ning hozirgi ustozi Vitaliy Levchenko juda hurmat qiladi va doim hurmatini joyiga qo‘yadi. Kuni kecha Sarkisyanni “Neftchi” vakillari o‘zi yashab turgan mehmonxonaga taklif qilishdi. U erda Levchenko boshchiligidagi jamoa a’zolari Yuriy Vazgenovichga tavallud kuni munosabati bilan ehtirom ko‘rsatdilar. Levchenkoning bunday e’zozlashi birinchi marta emas.
Bu o‘yinga jamoalar turlicha kayfiyatda etib keldilar. O‘tgan turda “Bunyodkor” Jizzaxda “So‘g‘diyona”dan javobsiz 4 ta gol o‘tkazib yirik mag‘lubiyatga uchradi. “Neftchi” Farg‘onada OKMKni 1:0 hisobida engib g‘alabasiz seriyasiga nuqta qo‘ydi. “Bunyodkor” klubi bu yil o‘ziga o‘xshamayotgani rost. 9 ta o‘yinda 1 g‘alaba, 3 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etishdi. To‘plar nisbati ham yomon: 7-19. “Bunyodkor” hozirga qadar Superligada eng oz gol urgan va darvozasidan eng ko‘p to‘p o‘tkazgan. Bu raqamlarning o‘ziyoq jamoadagi muammolarni aytib turibdi.
“Bunyodkor” va “Neftchi”ning bu chempionatimizdagi navbatdagi 29-o‘yiniga aylanadi. O‘zaro uchrashuvlarda ustunlik “Qaldirg‘ochlar”da. 18 marta “Neftchi”ni mag‘lub etishgan. O‘z navbatida farg‘onaliklar faqat 6 marta raqibini engga olgan. 4 ta bahsda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 41\18 maydon egalari foydasiga. O‘tgan yili Farg‘onadagi uchrashuvda mezbonlar 1:0 hisobida ustun kelgan. Ikkinchi davradagi bahsda esa “Bunyodkor” o‘z maydonida 2:1 natijasi bilan g‘alabaga erishgan. “Neftchi” safarda “Bunyodkor”ni ikki marta yutgan. 2015 yili 0:1, 2022 yilgi mavsumda esa 1:2 hisoblari qayd etilgan.
Garchi o‘zaro o‘yinlardagi ustunlik “Bunyodkor”da bo‘lsa-da, hozirgi vaziyatda buning aksi bo‘lishi ham mumkin. Negaki, bu jamoaning joriy yildagi ishtirokini hamma ko‘rib turibdi va klubdagi vaziyatdan ham qisman bo‘lsa-da, muxlislarning xabari bor. “Neftchi” chempionlik yo‘lida bungacha ancha-muncha ochkolarni yo‘qotib bo‘ldi. “Bunyodkor”ni engish uchun salohiyati etarli. Biroq Ilyos Zeytullaev boshqaruvidagi jamoa yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan kerakli xulosa chiqargandir. Aks holda yana qoqiladi. Xullas, yaxshi o‘yin bo‘ladi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar