"Legiya"da gollarimni kutishyapti - Jasur Yaxshiboevning bu klubni tanlashiga nima sabab? "Shaxtyor"da kimlar bilan tortishib qolgandi?

  • 15 fevral, 2021, 22:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Kutilganidek, Jasur Yaxshiboevning faoliyatida yana yangi bosqich boshlandi. O‘tgan yilgi ijobiy natijadan keyin uni o‘z safida ko‘rishni istagan jamoalar ko‘p edi. Shu bois bo‘lsa kerak, hamma uning qaerga yo‘l olishini intiqlik bilan kutgandi.

Tecno

Yakunda esa Jasur Polshaning eng nomdor hamda sovrindor klubi hisoblangan “Legiya”ni tanladi. Yangi jamoasi uni chiroyli tarzda tanishtirdi. Shu tariqa, Yaxshiboev rasman shartnomaga imzo chekkanidan keyin sports.uz muxbirining taklifini qabul qilgan holda intervyu berishga rozi bo‘ldi.

- “Legiya” klubi a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklayman. Dastlabki savol: bu taklif qanday yuz berdi va “Legiya”ni tanlashingizga nima sabab bo‘ldi?

- Assalomu alaykum. “Legiya”ga to‘xtalsam, bu variantning qanday yuzaga kelgani rosti menga qorong‘u. Bu borada asosan agentlarim ish olib borgan. Nega “Legiya”ni tanladim? Gap shundaki, bu jamoa  Evropaning top-beshlik chempionatlaridan biriga ketishim uchun tramplin vazifasini bajarib beradi, deb umid qilaman. Aynan “Legiya” orqali tezroq kuchli chempionatga keta olaman. Shuning uchun ham men bu erdaman.

- Ilk taassurotlar qanday? Masalan, kecha jamoa bosh murabbiyining siz haqingizda bildirgan juda iliq gaplarini o‘qidik va ishonchi katta. U bilan birinchi suhbat qanday kechdi?

- Taassurotlarim zo‘r. Klub meni yaxshi kutib oldi. Bosh murabbiyga kelsak, u tajribali mutaxassis. O‘zi aytganidek, menga ishonch bildiryapti. Bu masalada o‘zi bilan ham suhbatlashdim. Men to‘g‘rimda iliq fikrda. Shunday ekan, yangi klubda o‘zimni ko‘rsatish uchun yaxshi imkoniyat bor.

jasur3_1

- “Legiya”da 7-raqamda to‘p surasiz. Buni o‘zingiz tanladingizmi?

- Ha, bu raqamni o‘zim tanladim.

- “Shaxtyor”ni tark etganingizdan so‘ng, yangi klubga o‘tishingizni anchagacha kutdik va menimcha ham, bu jarayon biroz cho‘zildi. Vaqti-vaqti bilan siz bilan bog‘liq turli xabarlarni ham eshitib turdik. Aytaylik, “Astana”, PSV yoki boshqa klublarning sizga qiziqayotgani xususidagi yangiliklar quloqqa chalinib turdi...

- Transferimning cho‘zilgani sababi, menda chindan ham yana boshqa takliflar bor edi. Yashirmayman, bir-ikkita jamoalar bilan og‘zaki kelishuvga ham erishgandik. Ammo ular bilan ishimiz transfer masalasida oxirigacha bormadi. Shuning uchun yangi klubga ega bo‘lishim cho‘zilib ketdi.

- “Legiya” bu Polshaning qadimiy va mashhur klubi, xuddi o‘zimizning “Paxtakor” singari. Ayting-chi, klubning sizga qo‘ygan asosiy talabi nimadan iborat bo‘ldi?

- To‘g‘ri aytasiz, “Legiya” Polshaning qadimiy jamoasi. Evropada ham o‘z nomiga ega bo‘lgan klub. Jamoaning menga qo‘ygan talabiga kelsak, baribir istalgan klub o‘z safiga yangi legionerlarni bejizga taklif qilmaydi. Ayniqsa, g‘alabalar uchun o‘z hissasini qo‘shishi va jamoaga yordam berishi maqsadida xarid qiladi. Mendan ham talab qilinadigani shu, deb o‘ylayman.

jasur_1

- Ayni paytda u erdagi yangi muhit va yangi jamoaga moslashishingizda ko‘proq kim yordam beryapti? Shuningdek, “Legiya” tomonidan sizga qanday shart-sharoitlar yaratib berildi?

- Jamoada rus tilini biladigan futbolchilar bor. Hozir ular bilan gaplashib turibman. Lekin u erda aksariyati ingliz tilida muloqot qilarkan. Jamoa menga qanday sharoitlar yaratdi? Turar-joy va mashina berdi.

- Darvoqe, “Legiya” bilan qancha muddatga shartnoma tuzdingiz? Shu bilan birga yangi klubdagi debyutingizni qachon ko‘rishimiz mumkin?

- Shartnomam 1,5 yilga tuzilgan. Debyutga to‘xtalsam, bu keyingi turda bo‘lishi mumkin. “Legiya”da doim bitta maqsad bor: bu chempion jamoa bo‘lgani sababli har yili o‘z oldiga faqat chempionlikni vazifa qilib qo‘yadi.

jasur2_1

- Kecha yangi jamoangiz 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Hattoki, debyutingizni ham kutganlar bo‘ldi. Bu o‘yinni qaerda kuzatdingiz?

- Kechagi o‘yinda o‘ynay olmasdim. Chunki o‘yindan bir kun oldingina shartnoma imzolagandim. Shuning uchun bu bahsda maydonga tusha olmasdim. Uchrashuvni esa stadionda emas, mehmonxonada televizor qarshisida kuzatib o‘tirdim.    

- “Legiya”dagi dastlabki mashg‘ulotni bugun o‘tkazdingiz. Odatda, biror klubga yangi o‘yinchi qo‘shilsa, uning ilk mashg‘ulotida jamoadoshlari qandaydir o‘ziga xos tarzda qarshi olishadi. Bu borada siz bilan qanday vaziyat yuz berdi?

- To‘g‘ri, bugun “Legiya”dagi birinchi mashg‘ulotimni o‘tkazdim. Kecha rasmiy o‘yin bo‘lgani sababli futbolchilarning ko‘pchiligi bugungi mashg‘ulotda yo‘q edi. Ochig‘i, ozchilik bo‘lib mashg‘ulot o‘tkazdik. Shu sababli hali barcha o‘yinchilarni uchratganim ham, ular bilan tanishganim ham yo‘q.

jasur7

- Shuningdek, bugun milliy terma jamoamiz Dubaydagi yig‘ini doirasida Iordaniyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvni kuzatdingimzmi? Umuman aytganda, bundan keyin termada to‘p surishga bo‘lgan imkoniyatingizni qanday baholagan bo‘lardingiz?

- To‘g‘ri, bugun O‘zbekiston terma jamoasi o‘ynadi. Uchrashuvni to‘liq kuzatib bormagan bo‘lsam-da, kiritilgan gollarni hamda xavfli vaziyatlarni ko‘rdim. Terma jamoadagi vaziyatga kelsak, agar murabbiy ishonch bildirib, imkoniyat bersa, qo‘limdan kelgan bor mahoratimni ko‘rsatib, jamoaga yordam berishga harakat qilaman.

- O‘tgan yilgi mavsum haqida ham so‘ramasam bo‘lmasdi. “Energetik-BGU” hamda “Shaxtyor” klublarida to‘purarlik salohiyatingizni namoyish etdingiz. Bu esa faoliyatingizga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Ammo eshitishimga qaraganda, “Shaxtyor”da ayrim futbolchilar bilan o‘rtangizda tortishuvli vaziyatlar ham bo‘lgan ekan. Bu qanchalik rost?

- To‘g‘ri, o‘tgan yilgi mavsum men uchun juda omadli keldi. “Energetik-BGU” hamda “Shaxtyor”da yaxshi o‘yinlarni o‘tkazdik. Bu esa keyingi faoliyatimga yaxshi tomonlama ta’sir ko‘rsatdi. “Shaxtyor”dagi vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsam, tan olaman, ayrim uchrashuvlardan keyin bir-ikkita futbolchilar bilan tortishuvli vaziyatlar bo‘lgan.

jasur5

- Qiziq, sir bo‘lmasa, bunday tortishuvlarga nima sabab bo‘ldi?

- Bu savolga javob bermayman, maylimi? Boshqa savollarga javob beraman.

- Nima bo‘lganda ham siz o‘sish uchun yangi qadam tashladingiz. Endi “Legiya”da hamma sizdan nimadir kutyapti. Bu klubga qanday ishtiyoq bilan keldingiz? Masalan, oldingidek, bu erda ham to‘purarlik imkoniyatingizni ko‘rsata olishingizga to‘liq ishonyapsizmi?

- “Legiya” klubining murabbiylari va ishqibozlari mening gollarimni kutishyapti. O‘z oldimga suhbatimiz boshida aytib o‘tganimdek, Evropaning top-beshlik chempionatlarida to‘p surishni asosiy maqsad qilib qo‘yganman. Bu niyatimga asta-sekin erishaman degan umiddaman, Xudo xohlasa. Yana shuni ham qo‘shimcha qilmoqchimanki, “Legiya”ga o‘tishimdan avval menga Osiyodan ham ko‘plab takliflar kelib tushdi. Ayniqsa, moliyaviy jihatdan yuqori darajadagi maoshlar taklif qilindi. Lekin men osiyoliklarning takliflarini rad qildim. Chunki mening maqsadim Evropada to‘p surish.

- Polshaning poytaxti qanday ekan? Shaharga dastlabki ko‘nikma qanday kechyapti?

- Varshava – juda chiroyli shahar. Hali bu erning odamlari bilan yaqindan muloqotda bo‘lganim yo‘q. O‘zi bu erga kelganimga endi uch kun bo‘ldi. Shuning uchun menga bularning urf-odatlari va mentalitetini o‘rganishga biroz vaqt kerak.

jasur6_1

- Oxirgi savol: O‘FAning 2020 yil yakunlariga atab o‘tkazilgan taqdirlash marosimida sizni eng yaxshilar qatorida hattoki nomzod sifatida ham ko‘rmadik. Bu sizni ajablantirdimi yoki e’tibor bermadingizmi?

- To‘g‘risini aytsam, hech bo‘lmaganda nomzodlar orasida bo‘lishimni kutgandim. Lekin u erda yo‘q ekanmanmi, bundan aslo xafa bo‘lmadim. Bu bir tomondan yaxshi ham bo‘ldi. Chunki menga qanaqadir motivatsiya beradi. Nasib qilsa, bu yil laureatlar qatorida bo‘lishga harakat qilaman.

- Yangi klubda sizda omad tilaymiz. Keyingi safar chempionlikdan keyin suhbatlashish nasib qilsin.

- Sizga ham rahmat, tilaklar uchun. Xudo xohlasa, chempionlikdan keyin yana suhbatlashamiz, deb umid qilaman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!