
Legionerimizning dubli ham jamoasini mag‘lubiyatdan saqlab qola olmadi
Bugun Tojikiston chempionatida 3-tur uchrashuvlari davom ettirildi.
“Xatlon” o‘z maydonida “Esxata”ni qabul qildi. Qiziqarli va gollarga boy o‘tgan uchrashuvda maydon egalari 3:2 hisobidagi g‘alabaga erishdi.
Biz uchun ahamiyatlisi, mehmonlar safida maydonga tushgan hamyurtlarimizdan biri Sanjar Rixsiboev dublga erishdi. U 43 hamda 84-daqiqalarda raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Biroq legionerimizning ikkita goli ham jamoasiga g‘alaba tugul, hatto durang uchun ham etarli bo‘lmadi.
Boisi, mezbonlar 90+1-daqiqada g‘alaba golini urishdi. Yanada qiziq tomoni shundaki, 77-daqiqada “Xatlon” o‘yinchisi maydondan chetlatildi. U paytda hisob 1:1 edi. Rixsiboev esa 84-daqiqada jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 1:2. Shundan keyin, maydonda bir kishi kam bo‘lgan mezbonlar qahramonlik ko‘rsatib, 88 va 90+1-daqiqalarda muhim gollarni urib g‘alabani ilib ketdi.
Fikrlar