Legionerimizga yangi jamoa topildi!

  • 4 iyul, 2022, 19:24
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

BATE futbolchisi hisoblangan Shahboz Umarov faoliyatini Qozog‘iston premer-ligasida davom ettiradigan bo‘lyapti.

Tecno

Ma’lumki, Belarusning eng qudratli klublaridan hisoblangan BATEning asosiy aktivi bo‘lgan Shahboz Umarov bosh murabbiy Aleksandr Mixaylov bilan yuzaga kelgan mojaroli vaziyatdan keyin yangi mavsumda biror marta ham qaydnomaga kiritilmadi.

179956_680

Qariyb yarim yildan ko‘proq vaqt mobaynida o‘yin amaliyotisiz qolib ketayotgan legionerimiz va uning agentlari boshqa jamoa tanlashiga to‘g‘ri kelmoqda.

Qolaversa, BATE klubi rahbariyati ham o‘yinchiga quruq maosh to‘lashdan ko‘ra uni boshqa jamoaga sotib yuborish yoki ijaraga berishni ma’qul topdi.

Shahboz Umarovga asosiy xaridorlar Qozog‘iston premer-ligasidan chiqmoqda. Dastlab, “Aktobe” o‘zbek futbolchisini so‘rab, belarusliklarga murojaat qilgandi. Biroq, o‘yinchining vakillari va BATE klubi talab qilgan mablag‘ miqdori qozoq klubini qoniqtirmadi.

Shunga qaramay, Shahboz Umarov Qozog‘iston premer-ligasiga keladigan bo‘lyapti. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, “Ordabasi” klubi legionerimizni o‘z safiga qo‘shib olish uchun talab qilinayotgan to‘lovlarni to‘lashga  rozilik bergan.

Bu jamoani belaruslik murabbiy Aleksandr Sednev boshqarib bormoqda. “Ordabasi” bu mavsum yuqori  o‘rinlar uchun kurashmoqda va jamoa oldiga Evropa miqyosidagi musabaqalarga yo‘llanma olish vazifasi qo‘yilgan.

“Ordabasi” hamyurtimizni yil oxirigacha ijaraga olgan. Umarovning BATE bilan shartnomasi 31 dekabr kuni yakunlanadi. Shundan so‘ng, futbolchimiz o‘z taqdirini o‘zi hal qilish imkoniga ega bo‘ladi.

23 yoshli legionerimiz hujum markazi va har ikki qanotda samarali o‘ynay oladi.

“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Shahboz Umarov 2020 yilning boshida ilk bor legioner maqomini oldi. U xorijdagi faoliyatini “Energetik-BGU” jamoasida boshladi. Debyut mavsumida chempionatning barcha 30 ta uchrashuvida qatnashib, uchta gol va to‘rtta assist qayd etgan hamyurtimizni BATE o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Shahboz Umarov o‘tgan mavsumda jamoasining haqiqiy etakchisi bo‘lgandi. U chempionatda 27 marta maydonga tushib, oltita gol va sakkizta assist qayd etgan.

Shahboz Umarovning yangi jamoasi sifatida e’tirof etilayotgan “Ordabasi” klubida iste’dodli himoyachimiz Odilbek Abdumajitov ham to‘p tepmoqda. Shu kunga qadar Odilbek 12 marta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi.

Shuningdek, Qozog‘iston premer-ligasida yana ikki hamyurtimiz – Igor Sergeev va Jasur Jaloliddinov ham bor.

Igor Sergeev o‘tgan mavsumda “Tobol” safida Qozog‘iston chempioni bo‘ldi. Bu galgi chempionatda tajribali hujumchimiz 15 ta uchrashuvda oltita gol bilan jamoasi to‘purariga aylangan.

697546_680

Jasur Jaloliddinov esa “Qayrat” klubi sharafini himoya qilmoqda. U jami ettita o‘yinda maydonga tushib, hali o‘zini ko‘rsata olgani yo‘q. Iste’dodli yarim himoyachimiz jamoasini o‘zgartirishi kutilmoqda.

Demak, Shahboz Umarov faoliyatiga doir yangiliklarni kuzatishda davom etamiz.

Legionerimizni to‘xtatib bo‘lmayapti. U yana gol urib, jamoasini qutqardi

Ana xolos! Legionerimizning transferi barbod bo‘ldi!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!