Legionerimiz shartnomani bekor qildi. U Superligaga qaytyapti

  • 11 iyul, 2024, 00:07
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Osiyoning qator chempionatlarida o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishayotgani barchaga ma’lum. Yana kimdir ketyapti, kimdir esa qaytyapti. Harqalay chetda legioner sifatida to‘p surishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari mavjud.

Tecno

Malayziyada doim legioner o‘yinchilarimiz to‘p surib keladilar. Jumladan, muxlislarimiz yaxshi bilgan futbolchi Quvondiq Ro‘ziev o‘tgan yilning yozida ushbu mamlakat chempionatiga ko‘chib o‘tgani yodingizda bo‘lsa kerak. “Turon”da o‘ynab turgan chog‘ida unga Malayziyaning “Shri Paxang” klubidan yaxshi taklif kelib tushganidan so‘ng Ro‘ziev ilk bor legioner maqomiga aylandi.

Aytish lozimki, Quvondiqning u erdagi faoliyati yaxshi boshlandi. Negaki, u qisqa fursat ichida klubining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi. Natijada chempionatdagi deyarli barcha uchrashuvlarda maydonga tushdi. O‘shanda u 1 ta gol urib, 3 ta golli pasni amalga oshirgan. Bu yil esa Malayziya chempionati may oyidan boshlagan bo‘lib, hozirgacha Ro‘ziev uchta bellashuvda maydonga tushdi.

Ammo doim ham barchasi bir tekisda ketavermaydi. Boisi, Quvondiq endi “Shri Paxang” uchun o‘ynamaydigan bo‘ldi. Gap shundaki, klubda moliyaviy tomondan muammolar bor va bu hol anchadan beri davom etib kelmoqda. Ro‘ziev esa klubni tark etganini ma’lum qildi. Amalda shartnomasi bor edi, ammo tomonlar uni bekor qilish bo‘yicha kelishib olishgan. Shu tariqa, Quvondiqning “Shri Paxang”dagi bir yillik faoliyati yakuniga etdi. O‘z navbatida klub ham uning ketganini tasdiqlab minnatdorchilik bildirdi.

30 yoshli yarim himoyachi bunga qadar “Lokomotiv”, “Qo‘qon-1912”, “Navbahor”, “Turon” singari jamoalarda o‘ynagan. U yana o‘zimizning Superligada faoliyatini davom ettiradi. Quvondiqqa avvalroq bir qator jamoalardan takliflar tushgan. Ularning orasida “Neftchi”ning imkoniyatlari yuqoriroq tuyulmoqda. Ro‘ziev bugun Malayziyadan Toshkentga qaytib keladi. Shu kunlarda futbolchining yangi jamoasi nomi ma’lum bo‘ladi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шухрат Хусаинов
11/07/2024 10:09
Нимага бизни легионерларимиз у ерда узок колишолмайди даров онасини уйига кайтишади?