
Legionerimiz jamoasiga yordam berolmaydi, ustozi esa klubni tark etadi!
BATEning ikki to‘purari – Shahboz Umarov va Pavel Nixaychik jamoasining “Nyoman”ga qarshi o‘yinida qatnasha olmasligi aniq bo‘ldi. Belarus oliy ligasining 27-turidan o‘rin olgan bu bahs 22 oktyabr kuni “Nyoman” maydonida o‘tkaziladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, Nixaychik tizzasidan jarohat olgan bo‘lsa, o‘zbekistonlik legioner avvalgi turda “Slaviya”ga qarshi uchrashuvda ogohlantirish olgani bois, kartochkalari soni to‘rttaga etdi. Reglamentga ko‘ra, Shahboz bitta uchrashuvni o‘tkazib yuborishga majbur.
Shuningdek, borisovliklar tarkibida Pavel Nixaychikdan tashqari Stanislav Dragun, Nikolay Signevich, Maksim Volodko, Villum Villumsson va Nemanya Milich kabi asosiy tarkib o‘yinchilarida ham jarohat borligi aytilmoqda.
Shahboz Umarov va Pavel Nixaychik raqiblar darvozasiga oltitadan to‘p kiritib, BATE tarkibida eng ko‘p gol urgan futbolchilar bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, hamyurtimiz hisobida ettita golli pas ham bor.
Umuman olganda, o‘tgan yili “Energetik-BGU”da 30 ta uchrashuvda to‘rtta gol va uchta golli pas muallifi bo‘lgan hamyurtimiz kuchliroq jamoa safida statistik natijalarini ham yaxshilab olganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shahboz Umarov BATE safida “Slutsk”, “Gomel”, “Sputnik”, “Slaviya” va “Shaxtyor” darvozalarini ishg‘ol qilgan. Borisovliklar legionerimiz gol urgan uchrashuvlarning birortasida ochko yo‘qotmagan. Umarovning gollari jamoasiga faqat g‘alaba keltirgani bilan ahamiyatli.
Eng muhimi esa, Shahboz Umarov Belarus chempionatidagi yorqin o‘yini tufayli sloveniyalik mutaxassis Srechko Katanech tomonidan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga jalb qilindi va yaqinda Malayziya hamda Iordaniya terma jamoalariga qarshi o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvilarida ishtirok etdi.
BATE klubiga tegishli yana bir e’tiborga molik xabar shundan iboratki, klub rahbariyati milliy chempionatda jamoa ikkinchi o‘rinda borayotganiga qaramay, joriy yil oxirida bosh murabbiy Vitaliy Jukovskiyni ishdan bo‘shatadigan bo‘ldi. Qariyb bir yil muqaddam jamoani qabul qilib olgan mutaxassis qo‘l ostida borisovliklar asosiy raqobatchi – “Shaxtyor”ga etarli qarshilik ko‘rsatolmadi.
Jukovskiyning ishdan olinishiga bir necha sabab keltirilmoqda:
O‘tgan yili so‘nggi turning oxirigi daqiqalarida chempionlikni “Shaxtyor”ga boy bergan BATE bu yil oltin medal uchun kurashdan ancha erta chiqdi. Borisovriklar chempionat yakunlanishiga to‘rt tur qolganda soligorskliklardan etti ochkoga ortda qolyapti. Raqib zaxirasida esa yana ikkita uchrashuv bor.
BATE Konferentsiyalar ligasi saralashidan o‘tolmadi. Gruziyada “Dinamo”ni kichik hisobda mag‘lub etib kelgan borisovliklar javob uchrashuvida ham birinchi bo‘lib gol urdi. Biroq, ikkinchi bo‘limda batumiliklar mezbonlar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilib, BATEni musobaqadan chiqarib yubordi.
Borisovliklar yil boshida “Shaxtyor” bilan Belarus Superkubogi uchun kuch sinashdi. Jukovskiy uchun borisovliklar boshqaruvidagi ilk bellashuv asosiy raqobatchiga Superkubokni topshirib bilan yakunlandi.
Fikrlar