
Legionerimiz Evropada o‘ynashga tayyor, lekin...Koreyada faoliyat olib borayotgan Aliboev haqida
Ayni paytda Janubiy Koreya chempionatida bir qator hamyurtlarimiz faoliyat olib boryapti. Ularning orasida esa Ikrom Aliboev ajralib turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak. U chempionatdagi etakchi jamoalardan biri – “Seul” sharafini munosib himoya qilish bilan birga, jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy egallab kelmoqda. Shu bilan birga milliy terma jamoamizda ham Aliboevga katta umid bilan qaralmoqda.
Hamma vaqt boshqa legionerlarimiz qatori Aliboevni ham u erdagi faoliyatini diqqat bilan kuzatib kelamiz. Baribir legioner sifatida chetda to‘p surishning gashti boshqacha bo‘ladi. Qiziq, o‘tgan vaqt davomida O‘zbekistondagi Aliboev bilan Janubiy Koreyadagi Aliboev o‘rtasida qanchalik farq bor? Bu haqida fikr bildirar ekan, Ikrom shunday dedi:
- Unchalik katta farq bor, deb ayta olmayman, lekin jismonan ancha o‘zgardim, bu degani ko‘rinishim emas, balki yugurish tomonidan nazarda tutyapman. Chunki bu erda ko‘proq yuguryapman. Negaki, Janubiy Koreya futbolida O‘zbekiston futboliga qaraganda ko‘prok yugurish kerak!
U 2018 yildan beri Koreyada faoliyat olib boryapti. Quvonarlisi shundaki, oxirgi paytlarda u erda o‘ynayotgan hamyurtlarimiz ko‘paymoqda. Bunda esa Aliboevning ko‘rsatayotgan o‘yinlari ham koreyslarga ijobiy ta’sir ko‘rsatgani aniq, chunki ular Ikrom orqali yana boshqa o‘zbek futbolchilariga qiziqish bildirishmoqda. Ko‘rinib turibdki, hamyurtimiz o‘zini ko‘rsatgan holda boshqa o‘zbekistonlik futbolchilarga o‘ziga xos eshik ochmoqda. Xo‘sh, koreyslar Aliboevdan yana boshqa hamyurtlarimiz haqida ham so‘rab turishadimi? Bunga quyida javob topishingiz mumkin.
- Bu borada shuni aytishim kerakki, nafaqat men, balki Rustam Ashurmatov ham juda yaxshi mavsum o‘tkazdi. Koreyslarga o‘yinimiz ma’qul kelgan shekilli, bu mavsumda o‘zbekistonlik futbolchilar 4 nafarga ko‘paydi. Koreyada o‘zbeklar yanada ko‘paysa, bundan faqat futbolimiz yutadi. Zero, jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi asosiy raqibimiz futbolidan xabardor bo‘lish - bu juda qo‘l keladi, kelajakda. Jamoadoshlarim boshqa futbolchilarimizni ham so‘rab turadi, albatta. To‘g‘risi, ular uchun o‘zbekistonliklarning o‘yinini kuzatish qiziqarli.
Albatta, Ikrom Aliboevning keyingi taqdiri qanday kechishi ham muxlislarimizni qiziqtirmasdan qolmaydi. Uning klubi bilan tuzgan shartnomasi 2021 yilda tugaydi. Hamyurtimiz “Seul” bilan hamkorlikni yana davom ettiraveradimi yoki keyingi rejalari boshqami? Aliboev esa bu masalada hozircha biror nima deya olmasligini aytdi.
- Rosti, hozircha bu haqida hech narsa deya olmayman. Buni hayot deyishadi. Shu bois hamma narsa o‘zgarib ketishi ham mumkin. Shu sababli ham avvaldan hech narsa deb bo‘lmaydi, - deya javob qaytardi, Ikrom.
Shuningdek, ushbu legionerimiz o‘z vaqtida Janubiy Koreyaga kelgan chog‘ida bu Evropaga olib boruvchi yo‘l, deya ta’rif bergandi. O‘tgan vaqt davomida futbolchimiz o‘zini Evropa chempionatlarida to‘p surishga tayyorman, deb hisoblay oladimi? O‘ylaymizki, uning bu borada bildiradigan fikrlari o‘quvchilar uchun qiziqarli tuyulsa kerak.
- O‘zini hurmat qilgan futbolchi borki, har doim yuqori marralarni ko‘zlaydi. Shular qatori men ham o‘sha orzuim ishqidan “yonib” mehnat qilmoqdaman. Imkoniyat bo‘lsa, bemalol Evropada o‘ynab ketishga ko‘zim etadi, lekin hozircha qiziqishlar yo‘q, afsus...
Umuman olganda, nima uchun Evropaning kuchli chempionatlarida o‘zbekistonlik futbolchilar yo‘q? Rossiya yo Osiyoning kuchli chempionatlarida legionerlarimiz bor-u, ammo u yog‘iga o‘ta olishmayapti. O‘ylaymizki, bu ham aslida o‘ylantiradigan muammolardan biridir. Ikrom Aliboev esa bu haqida shunday dedi:
- Bu terma jamoaga ham bog‘liq. Evropa kuchli beshlik chempionatlari, ayniqsa, APLda futbolchining terma jamoasi kuchli 50 talikda bo‘lsa keyin qiziqib ko‘rarkan, o‘sha o‘yinchiga. Shuning uchun avvalo terma jamoamizni yuqoriga ko‘tarib, jahon chempionatida o‘ynasak, Evropaning kuchli chempionatlarida o‘zbeklar ham ko‘payib qolishardi deb o‘ylayman.
Aliboev legioner sifatida tajribasini yanada oshirib kelmoqda. Natijada bugungi kunga kelib u milliy terma jamoamizda o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. Hammaga yaxshi ayonki, bosh jamoamizning asosiy maqsadi jahon chempionatiga chiqish. O‘zaro muloqot jarayonida aynan milliy terma jamoamiz haqida ham gap bordi va azaliy orzuga erishish uchun har jihatdan tayyormiz, deb ayta oladimi?
- O‘zbekistan har doim Osiyoda kuchli 5 talikdan joy olib keladi. Lekin har safar oxirgi bosqichda nimadir etishmay qoladi. Bu safar Xudo xohlasa, borimizni berib o‘ynab, o‘sha etishmay qolgan joyni ham to‘ldirib jahon chempionatiga chiqish eng oliy maqsadimiz, - deya munosabat bildirdi, Aliboev.
Ikrom ham Superligamizni kuzatib kelayotgani shubhasiz. Ayniqsa, legioner maqomidagi futbolchilarimiz uchun o‘zimizdagi milliy birinchilikni taqqoslash imkoniyati oshadi. Shu bois chetdan qaraganda, chempionatimizdagi muammolar ham ko‘rinishi tabiiy.
- Hozir Superligamiz ancha ijobiy tomonga o‘zgargan, ayniqsa maydon holatlarining sifati yaxshi bo‘lmoqda. Bundan tashqari, translyatsiya sifati ham yaxshi tomonga o‘zgarmoqda, barcha o‘yinlar tv orqali ko‘rsatilmoqda. Hakamlik ishi ham xolisona bo‘lmoqda. To‘g‘ri, bu muammolar yo‘q, degani emas. Albatta o‘ziga yarasha kamchiliklarimiz ham bor. Biroq shu yo‘sinda davom etilsa Superligamiz yildan-yilga kuchayib boradi.
Fikrlar