
Legionerimiz 30 metrdan super gol urdi. Bu birinchisi!
O‘zbek futbolining eng iste’dodli tarbiyalanuvchilaridan bo‘lgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bu yildan e’tiboran Qozog‘istonning eng nomdor klubi “Qayrat” sharafini himoya qilyapti.
23 yoshli futbolchimiz jamoaning asosiy figuralaridan hisoblanadi va muntazam boshlang‘ich tarkibda maydonga tushadi.
Ibrohimxalil yangi jamoasida ilk golini urishga muvaffaq bo‘ldi. Bu Liga kubogi musobaqasining birinchi turiga to‘g‘ri keldi. “A” guruhidan o‘rin olgan “Qayrat” ushbu musobaqadagi ilk uchrashuvda “Akjayik” darvozasiga javobsiz 9 ta to‘p kiritdi.
Ibrohimxalil Yo‘ldoshev avvaliga 13-daqiqada jamoasining birinchi goliga assistentlik qildi. Himoyachimiz bahsning 28-daqiqasida uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, raqib darvozabonini ojiz qoldirdi. 30 metrdan kiritilgan gol legionerimiz uchun "Qayrat" tarkibidagi debyut gol bo‘ldi.
Uchrashuvda qolgan gollardan uchtasini Joao Paulo, Aleksandr Shirobokov, Vyacheslav Shvirev 33, Elder Santana, Adilet Sadibekov va Giorgi Zariya kiritdi.
Qozog‘iston Liga kubogida mamlakatning eng kuchli 16 ta jamoasi to‘rt guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurashadi.
Musobaqaning bu galgi mukofot jamg‘armasi Qozog‘iston futboli tarixida eng katta – 1 million AQSh dollari qilib belgilandi.
Musobaqa uch bosqichda – guruh bahslari, yarim final va final tarzida o‘tkaziladi.
Qoidaga ko‘ra, bir davrali tizimda o‘tkaziladigan guruh bahsdarida birinchi o‘rinni egallagan jamoalar yarim finalda o‘zaro kuch sinashadi. Guruh g‘oliblari 20-21 iyunga belgilangan uchinchi turdan keyin aniq bo‘ladi.
Yarim finallarning dastlabki uchrashuvlari 10-11 avgust, javob o‘yini 30 oktyarb va final 24 noyabrga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev aslida Rossiya Premer-ligasi vakili “Nijniy Novgorod” futbolchisi hisoblanadi. “Qayrat” chap qanot himoyachisini keyinchalik to‘liq transfer qilish huquqi bilan 2024 yilning oxiriga qadar ijaraga olgan.
Legionerimiz Qozog‘iston Premer-ligasida olti marotaba maydonga tushib, bitta golli pas uzatdi. Joriy mavsum chempionlikni maqsad qilgan almatiliklar 9-turdan so‘ng 15 ochko jamg‘arib, to‘plar nisbatiga ko‘ra uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Fikrlar