
Kutilayotgan debyut, Xitoyda futbolsiz hayot yoxud "Loko"dan xavotir olayotgan Islom To‘xtaxo‘jaev haqida
Xitoyda hali birinchi divizion musobaqasiga ruxsat berilgani yo‘q. Islom To‘xtaxo‘jaev “Shenyang Urban” jamoasida faoliyatini davom ettirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Futbolsiz hayoti qanday kechmoqda, birinchi divizion qachondan boshlanadi? “Lokomotiv”dagi uzoq yillik faoliyatidan keyin ilk bor legionerga aylangan To‘xtaxo‘jaev sobiq klubining bugungi omadsiz kunlariga befarq emas. U sports.uz muxbiri bilan muloqotni “Lokomotiv” to‘g‘risidagi fikrlari bilan boshladi.
“Lokomotiv”ning yirik mag‘lubiyatlari haqida
- “Lokomotiv”ning oxirgi o‘yinlarini ko‘rmadim-u, ammo hisoblarni eshitib ko‘ngil xira bo‘ldi. Bu – futbol, bir yaxshi bo‘ladi, bir yomon. Asosiy sabablardan biri o‘tgan yilga qaraganda jamoadan 8-9 nafar asosiy o‘yinchilar ketganidir. Natijada “Lokomotiv” yangi tarkib bilan shakllanyapti. Karantin tufayli ham yigitlar bir-biridan ancha uzoqda bo‘ldi. Futbolchilar o‘zaro yaxshi tushunib olishlari uchun ham puxta tayyorgarlik ko‘ra olishmadi. Garchi yirik hisoblarda yutqazgan bo‘lsa-da, “Lokomotiv” futbolchilari o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmasdan oldinga harakat qilishlari kerak. Umid qilamizki, klub bunday vaziyatdan tez chiqib keta oladi.
Andrey Fyodorovning iste’fosi xususida
- Bir nima deyishim qiyin, baribir kimni bo‘shatish va tayinlashni rahbariyat hal qiladi. Natijaga esa doim murabbiy javobgar bo‘ladi. Menimcha, hech bo‘lmaganda birinchi davra oxiriga qadar ishlab turganda yaxshiroq bo‘lardi.
Xitoy birinchi ligasi qachon boshlanadi?
- Rostdan ham chempionat boshlanishi ancha cho‘zilib ketdi. Biz esa tinmay tayyorgarlik ko‘rish bilan ovoramiz. Har 5-6 kunda o‘rtoqlik o‘yinlari o‘tkazib turibmiz. Nasib qilsa, 12 sentyabrdan rasman chempionat boshlanadi. Jamoalar uchta guruhga bo‘lingan holda o‘yinlarda ishtirok etadi. Bir oyda 10 ta o‘yin bo‘ladi, keyin ikki hafta dam berilgach, o‘yinlar yana davom ettiriladi.
Shart-sharoitlar to‘g‘risida
- U erda yaratilgan sharoitlar ajoyib. O‘zbekistonda ham shunday sharoitlar yaqin 10 yilda yaratilsa, juda xursand bo‘lardik. Futbolga endi kirib kelayotgan bolalar uchun ayni muddao bo‘lardi. Xitoyda esa hammasi a’lo darajada.
To‘xtaxo‘jaev Odil Ahmedov hamda Samvel Babayan bilan uchrashib turadimi?
- Ha, ular bilan doim aloqadamiz. Odil Ahmedov jamoasi bilan chempionatda ishtirok etyapti. Qolaversa, u boshqa shaharda. Samvel Babayan bilan esa oramiz yaqin bo‘lgani uchun ko‘rishib, gaplashib turibmiz.
Islomning faoliyatini Evropada davom ettirish imkoniyati bormi?
- Evropadan takliflar bo‘lmadi. Menimcha, Evropa tomonlarga ketgani yoshim ham o‘z so‘zini aytsa kerak. Chunki 30 ga yaqinlashib qoldim, shuning uchun endi kech bo‘lsa kerak.
“Shenyang Urban”dagi muhit haqida
- Jamoamizdagi ichki muhit a’lo darajada, xitoylik futbolchilar juda intizomli. Murabbiylar ham barcha o‘yinchilar bilan yaxshi aloqada. Jamoamizda kongolik hujumchi bor. Kongo terma jamoasida o‘ynaydi, safimizga yaqinda qo‘shildi. Jamoadoshlarim bilan ko‘proq ingliz tilida gaplashamiz. Lekin tarkibimizda uyg‘ur futbolchilar ham bor. Ular o‘zbekchani ham tushunishadi. Ba’zida xitoy tilida tarjimonlar orqali gaplashamiz.
O‘zbek futbolchilariga e’tibor
- Xitoy chempionatida o‘ynab keta oladigan futbolchilarimiz ko‘p. Muammo shundaki, bu erda Evropa yoki osiyolik degan tushuncha qolmagan. Xitoyning asosiy ligasida besh nafar xorijlik legionerni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Birinchi ligasida esa uchta chet ellikni o‘ynatish mumkin. To‘g‘risi, osiyolik o‘yinchilarga imkoniyat biroz pasayib qolgan.
Oston O‘runovning imkoniyatlari xususida
- Oston O‘runovning potentsiali juda yuqori. Texnikasi ham joyida. U aql bilan o‘ynaydigan futbolchidir. Agar murabbiylar tomonidan yaxshi e’tibor beriladigan bo‘lsa, bemalol o‘ynab keta oladi.
Fikrlar