Kutib oling, futbolimizga "Yangi Nagelsmann" kirib kelmoqda! "Turon"ni Superligaga olib chiqqan 28 yoshli murabbiy g‘alabadan keyin nimalar deganini bilasizmi?

  • 1 dekabr, 2020, 21:04
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

“Turon” jamoasi pro-ligada “yil o‘yini” deya ta’riflangan jangda g‘alaba qozonib ilk bor Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mo‘’jazgina Yaypan shaharchasidan mana shunday jamoa shakllanishini kim ham o‘ylabdi deysiz?! Buning ustiga “Turon” jamoasining tashkil etilganiga endi uch yil bo‘lyapti.

Tecno

Ular har yili bosqichma-bosqich ko‘tarilib bormoqda va har safar ilk urinishdayoq vazifani uddalamoqda. Bu yil esa katta qadam tashlashdi. E’tiborlisi, “Turon” bosh murabbiyi 28 yoshli Islom Ismoilovdir. Uni balki hali ko‘pchilik yaxshi bilmasa ham kerak. Ma’lumot uchun, u taniqli murabbiy Murod Ismoilovning o‘g‘li. 1992 yilda tug‘ilgan murabbiy “Turon” bilan katta natijaga erishdi. Shu bois Islom Ismoilov uchun ham bu murabbiylik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatga aylandi. Turli voqealarga boy kechgan bellashuvdan keyin “Turon”ning kashfiyot murabbiyi sports.uz uchun intervyu berdi.

-  “Turon”ni Superligaga chiqqani bilan O‘zbekiston tumanini, rahbarlarni va muxlislarni tabriklayman. Biz bilan birga mehnat qilgan barchaga tashakkurimni aytaman. Bu g‘alabamizning zamirida bitta murabbiy yoki 11 ta futbolchining emas, balki klub xodimlarining ham ko‘zga ko‘rinmas katta mehnatlari yotibdi. O‘zbekiston tumanining Yaypan shaharchasi kichkinagina maskan. U erda na kinoteatr yoki na kontsert bo‘ladi, odamlar faqat futbol orqali bahramand bo‘ladilar. Ularga mana shunday xursandchilik ulashayotganimiz uchun klubimiz rahbarlariga ham alohida minnatdorchilik bildiramiz. Yil davomida jamoamizni ham moddiy, ham ma’naviy tomondan qo‘llab-quvvatlab keldilar. Ular Yaypanga futbolning katta tamal toshini qo‘yishdi. Bundan keyin ham “Turon” Superligada qolish uchun emas, yuqori o‘rinlarga kurashib muxlislarini xursand qilishda davom etadi.

-  O‘yin juda ehtiroslarga boy o‘tdi. Masalan, jamoangiz penaltidan yoki yakkama-yakka vaziyatlarda gol ura olmaganidan nihoyatda asabiylashganingizni ko‘rdik...

-  Murabbiy sifatida bunday yuqori darajadagi o‘yinda birinchi marta qatnashdim. “Turon” 2017 yili tashkil topdi va 2018 yili ikkinchi ligada 1-o‘rinni oldi, 2019 yilda esa pro-liganing “V” guruhida 1-o‘rinni egalladi. Mana, bu yil pro-ligada ham peshqadamlikni qo‘lga kiritdi. O‘sha uchala chempionlikda to‘p surgan 6-7 nafar futbolchilarimiz bugun ham maydonda to‘p surdilar. Ularning ham ruhiy holati hali bu kabi o‘yinga tayyor emasdi. Hayajon bor edi. Mana, o‘zim ham murabbiy bo‘lib birinchi marta Superligaga qadam qo‘yyapman, jamoamiz ham shunday. Hayajonimiz baland edi. “Neftchi”ni durang ham qoniqtirishini o‘yindan oldin yaxshi bilardik. Bizga g‘alabadan boshqa narsa kerak emasdi. Bundan tashqari, o‘yindan avval tarkibimizda muammolar bor edi. Shukur Po‘latov, Otabek Haydarov singari etakchilarimiz maydonga tusha olmadilar. O‘zimizning jaydari yigitlar mehnat orqali yuksak natijalarga erishish mumkinligini isbotladilar. Penaltiga kelsak, buni Javohir Sohibov bajarishini uchrashuvdan oldin aytgandik. Uning saviyasi baland edi. Ammo penaltidan Ramos ham, boshqalar ham xato qiladi. Javohirda ham hayajon kuchli bo‘ldi. Jamoa sardori sifatida sheriklarini maydonga boshlab tushgandi. O‘zi yaypanlik bo‘lgani uchun elkasida og‘ir yuk turgandi. Balki shu narsalar unga ta’sir qilgandir. Ammo biz uchrashuvda g‘olib bo‘lishimizga ishongandik.

ismoilov_3

-  Hammasi “Neftchi”ning o‘z qo‘lida edi-a? O‘tgan turda “Dinamo”ni mag‘lub etganida allaqachon Superliga chiptasiga ega chiqqan bo‘lardi. “Neftchi”ning “Turon”ga syurpriz ko‘rsatishini kutganmidingiz?

-  E’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi bellashuvlarda so‘nggi daqiqalarda darvozamizdan gol o‘tkazib g‘alabalarni qo‘ldan chiqardik. “Neftchi” bilan 90+3-daqiqada, “Dinamo” bilan 84 va “Sho‘rtan” bilan 86-daqiqalarda gol o‘tkazdik. Chindan ham biz debyutantmiz va bunday paytda tajriba kerak. Ko‘p o‘yinchilarimiz ikkinchi ligada to‘p surib pro-liga darajasida chempionlik uchun kurashishdi. Yo‘qotgan ochkolarimiz bizga juda alamli bo‘ldi. To‘g‘risi, “Neftchi” “Dinamo” bilan bahs olib borayotganida qisman umidni uzib bo‘lgandik. Hattoki, o‘shanda durang ham “Neftchi”ga katta yutuq edi. “Dinamo” esa hamma narsadan umidi uzib bo‘lgandi. O‘sha kuni raqib jamoa futbolchilarini maydonda yugurgisi ham kelmadi. Faqat bitta vaziyatdan foydalanib gol urishdi. Bu erda “Neftchi”ning katta xatosi bo‘ldi. Yutadigan o‘yinida yutqazib qo‘ydi. Ammo bugun ham ularda imkoniyat yuqori edi. Foiz bo‘yicha 90 ga 10 edi. Durang “Neftchi”ni qoniqtirardi va o‘z uyida mezbon edi. Lekin Xudoim yuzimizni yorug‘ qildi. Mavsum boshida klub rahbarlariga yil oxiriga kelib “Turon” turnir jadvalida birinchi o‘rinda turadi degandim. Maqtanchog‘lik emas-ku, ammo qaerda ishlasam ham faqat yuqori maqsadlarni qo‘yaman, kerak bo‘lsa o‘zim uchun ham. Masalan, “Yozyovon-Lochinlari”da ishlaganimda jamoani Superligaga olib chiqaman, deganimda ayrim futbol mutaxassislari kulishgandi. Mana, nasib qilgan ekan, “Turon” bilan bu ishni uddaladik. To‘g‘risi, qiyin vazifani amalga oshira oldik.

-  Oxirgi paytlarda sizga nisbatan “Yangi Nagelsmann” deya ta’rif berishmoqda...

-  Bu haqida eshitdim, ko‘rdim. Qulog‘imga chalindi. Ishimizga yuqori baho berib o‘xshatishlaridan xursandmiz. Lekin Nagelsmanning yo‘li boshqa, Islom Ismoilovning yo‘li boshqa. Kimgadir taqlid qilib, uning uslubi bilan ishlash niyatim yo‘q. O‘zimizning o‘yin uslubimizni yaratib, shu orqali tanilishga va muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

ismoilov3_2

-  O‘yinning yakuni juda salbiy ko‘rinish oldi. Bu holat sizlarning bayramona kayfiyatinglarga ta’sir o‘tkazmadimi?

-  O‘yindan keyingi matbuot anjumanida ham aytdimkki, bu yilgi pro-liga yuksak saviyada o‘tdi. Buning uchun O‘FA va PFLga rahmat, ular ligani yuqori darajada o‘tkazishdi. Kerak bo‘lsa, pro-ligani Superligadan balandga olib chiqqani bu “Uzreport” bilan “FutbolTV” telekanallari bo‘ldi. Bilamizki, “FutbolTV”ning statusi ancha baland turadi. Ular pro-liga o‘yinlarini teletranslyatsiya qilishda katta hajmdagi ishni bajarishdi. Pro-liga tarixidagi eng kuchli chempionat bu yil bo‘ldi, deb o‘ylayman. Har bir ochkoning qadri baland bo‘ldi. Jamoalar kam bo‘lgani uchun hatto ko‘z ochishga ham vaqt yo‘q edi. Musobaqa shiddati Superliganikidan o‘tsa o‘tdiki, ammo kam bo‘lmadi. Albatta, o‘yin yakuni biz uchun yaxshi bo‘ldi, biroq tashkilotchilikka ta’sir qildi. Rahbarlarning kayfiyatiga ta’sir qildi. Chunki o‘yinga ko‘plab martabali mehmonlar kelgandi. Sport printsiplariga xos bo‘lmagan hatti-harakatlar bo‘ldi. “Nefchti”dek klubning nomiga yarashadigan ish bo‘lmadi. Biroq o‘tish o‘yinida bu jamoaga omad tilaymiz.

-  Endi murabbiylik faoliyatingizda yangi bosqich boshlandi. Superligada ishlash uchun “Pro” litsenziyasi bo‘lishi shart. Bu masalada rejangiz qanday va elitada “Turon” qay tariqa shakllanadi?

-  Menda “A” litsenziyasi mavjud. O‘FA vakillari bilan gaplashganman, yanvarda “Pro” litsenziyasiga o‘qish boshlanar ekan. Bunga nomimni yozdirib qo‘yganman. O‘qish jarayonida Superligadagi faoliyatimni ham davom ettiraman. Umid qilamanki, O‘FA va PFL bunga imkoniyat yaratib beradi. Yosh murabbiymiz va hammasini yaqinda boshlaganmiz. Shu kungacha litsenziyalarni qonun qoidasi bilan o‘z muddati bo‘yicha o‘qib kelyapmiz. Menimcha, qarshi bo‘lishmasa kerak, Superligada ham “Pro”si bo‘lmagan murabbiylar ishlab kelyapti. Niyatlarimiz esa ulkan. Doim yangi tarix yaratish maqsadida harakat qilamiz. Kunlar keladiki, “Turon” jamoasini ham “Neftchi”dek tarixi bo‘ladi. Maqsadimiz klubni shu darajaga olib chiqish.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
998915993686
01/12/2020 21:59
Omadizni bersin gap bòlishi mumkin emas òzimizni jaydari yigitlar. Ģalaba muborak Superliga muborak. Òtish òyinida Neftchiga omad. Yoshlikdan Neftchi muhlisi bòlganmiz bugungi vaziyat katta xato bòldida.