
Kurashni Afrika va Evropa yoshlar o‘yinlari Dasturlariga kiritish bo‘yicha muhim qadam qo‘yildi
18-21 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Seul shahrida Milliy Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining (ANOC) XXVI Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzi jihatidan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasidan keyingi o‘rinda turadigan tashkilotnining eng muhim anjumanida dunyoning barcha milliy Olimpiya qo‘mitalari vakillari, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi a’zolari va xalqaro sport o‘yinlari tashkiliy qo‘mitalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Mazkur nufuzli sport anjumanida Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Prezidenti, Osiyo Olimpiya Kengashi Osiyo o‘yinlari Bosh direktori, Olimpiya o‘yinlari bo‘yicha ANOC ishchi guruhi a’zosi Haydar Farman va Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi Vitse–Prezidenti Ziyoviddin Hojiniyazov ishtirok etib, Kurashni dunyo bo‘yicha keng ommalashtirish bo‘yicha ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazdi.
Eng muhim uchrashuvlardan biri Afrika Milliy Olimpiya qo‘mitalari Assotsiatsiyasi (ANOSA) prezidenti janob Mustafa Berraf bilan bo‘lib o‘tdi. Muhokamalar yakunida tomonlar Kurashni Afrika o‘yinlari Dasturiga kiritish bo‘yicha amalga oshirish lozim bo‘lgan vazifalarni kelishib olishdi. Bu esa sevimli sportimiz Kurashning Afrika qit’asida keng rivojlantirish yo‘lida tarixiy voqeadir.
Mustafa Berraf janoblari qit’a sportida o‘ziga xos tranformatsiya jarayonlari ketayotganligini ta’kidladi. Kurash sporti Afrikadagi o‘zgarishlarning bir qismi bo‘lishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, uchrashuvlar davomida Evropa olimpiya qo‘mitasi a’zolari bilan ham muzokaralar olib boriladi. Kurashni Evropa yoshlar o‘yinlariga Dasturiga kiritish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar amalga oshirildi. Mazkur masala bo‘yicha muzokaralarning amaliy bosqichi davom etmoqda.
Qayd etib o‘tish lozimki, qit’aviy o‘yinlar Olimpiya o‘yinlaridan keyingi o‘rinda turadigan nufuzli sport bayramidir. Kurashning qit’aviy o‘yinlar Dasturidan rasman o‘rin olishi kelgusida Olimpiya o‘yinlari Dasturiga kiritilishida muhim ahamiyatga egadir.
IKA raxbariyati tomonidan Kurash 2018 yili Indoneziyada bo‘lib o‘tgan Yozgi Osiyo o‘yinlari Dasturiga kiritilgan edi.
2023 yil Xitoyning Xanjou shahrida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi Yozgi Osiyo o‘yinlarida ham Kurash bo‘yicha rasmiy bellashuvlar bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar