Kurash qizg‘in kechdi

BEPUL PROPAN

Voleybol bo‘yicha erkaklar terma jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati 1-tur o‘yinlari yakunlandi.

Etti kun davom etgan mamlakat chempionatida 20 ta jamoa to‘rtta guruhga bo‘lingan holda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bordi.

O‘tkazilgan bahslar nafaqat sportchilar, balki murabbiylar, musobaqa hakamlari, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi mutaxassislari uchun katta musobaqalar oldidan tajriba oshirish, mahorat va ko‘nikmalarni shakllantirish vazifasini o‘tadi.

O‘zbekiston chempionatlarini o‘tkazish va tashkil etish bo‘yicha tasdiqlangan nizomga muvofiq, 1-turda har bir guruhda 1-4-o‘rinlarni egallagan jamoalar joriy yilning aprel oyida Jizzax shahrida bo‘ladigan mamlakat birinchiligining 2-turida qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi.

Guruhlardagi vaziyatga e’tibor qaratsak, o‘z guruhlarida g‘oliblikka erishgan “Matonat”, “Road Patrul”, “O‘ztelekom” jamoalari barcha uchrashuvlarni g‘alaba bilan yakunladi.

Serbiyalik murabbiy Moro Branislav qo‘l ostidagi O‘zbekiston U19 terma jamoasi mamlakat birinchiligida 3 ta g‘alaba, 1 ta mag‘lubiyat evaziga o‘z guruhida g‘oliblikka erishgani chempionatning o‘ziga xos shov-shuvli natijasi bo‘ldi, deyish mumkin.

Shuningdek, voleybol bo‘yicha o‘tgan yil O‘zbekiston chempionligiga erishgan Olmaliqning “OKMK” jamoasi bu yilgi bahslarni o‘ta past ko‘rsatkich bilan boshladi. O‘tkazilgan 4 ta o‘yinning 3 tasida mag‘lubiyat, 1 tasida g‘alabaga erishgan olmaliqliklar uchun keyingi turlar yanada qiyin bo‘lishi tayin.

Poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasi va Toshkent transport universiteti majmualarida o‘tkazilgan har bir uchrashuvning yuqori darajada tashkil etilishida chempionat bosh hakami Farhod Alimov etakchiligidagi mutaxassislarning alohida xizmatlari bo‘ldi.

Kecha mamlakat chempionati 1-tur o‘yinlari so‘nggi davra bahslarida Farg‘onaning FarDU, "O‘ztelekom", Buxoroning BuxDU, Namanganning “Parvoz”, va “Mudofaa” jamoalari g‘oliblikka erishdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston chempionatining 2-tur o‘yinlari 23-30 aprel kunlari Jizzaxda o‘tkaziladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!