Kurash Evropa va okean ortini zabt etmoqda!

CHERY AUTO

Yaqinda Litvaning Vilnyus shahridagi “Sostines Taures” sport majmuasida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun xalqaro turnir bo‘lib o‘tdi. Unda erkaklar mutlaq vazn toifasida, ayollar esa +55 kg vaznda g‘oliblik uchun gilamga chiqishdi.

Tecno

Evropa qit’asining 15ga yaqin davlatidan polvonlar ishtirok etgan kurash musobaqalari juda qizg‘in kechdi. Musobaqa O‘zbekiston kurash federatsiyasi homiyligida Litva kurash federatsiyasi tomonidan o‘tkazildi.

Joriy yilning sentyabr oyi haqiqiy ma’noda dunyoning turli mamlakatlarini kurash musobaqalari bilan boyitdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kurash oyligi doirasida Tailand, Litva, Ruminiya, AQSh kabi davlatlarda tashkil etilgan musobaqalarda “kurash”, “chala”, “yonbosh”, “dakki”, “g‘irrom” kabi sof o‘zbekona so‘zlar baralla yangradi. Bu orqali dunyoning turli burchaklarida bizning milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz targ‘ib qilindi.

Quyida Litvada o‘tkazilgan kurash musobaqasi g‘oliblari bilan tanishing:

Erkaklar, mutlaq vazn toifasida

  1. Aleksey Lsenka – Polsha,
  2. Martin Patriki – Polsha,
  3. Kostas Butkus – Litva,
  4. Yuriy Tkachenko – Finlyandiya.

Ayollar

+55 kg vazn toifasida

  1. Dala Maykonete – Litva,
  2. Lolita Obalevika – Litva,
  3. Valeriya Smaliaxa – Ukraina,
  4. Sofiya Shishan – Ukraina.

Ummon orti AQShda esa ilk bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan xalqaro kurash turniri ham bayramona ruhda tashkil etildi. Filadelfiya shahrining eng yirik sport anjumanlariga mezbonlik qiladigan “Vels Fargo” majmuasiga yig‘ilgan mehmonlar chinakamiga o‘zbek sporti o‘zida halollik, bag‘rikenglik, olijanoblik kabi umumbashariy xislatlarni jamul-jam etganiga guvoh bo‘lishdi.

Kurash musobaqalari boshlanishidan avval o‘zbek san’atkorlari ijrosida yangragan qo‘shiqlar tadbirni haqiqiy ma’noda sport va san’at bayramiga aylantirdi.

Shundan so‘ng, dunyoning 20 ga yaqin davlatidan kelgan polvonlar gilamda kuch sinashishdi. Kurash gilamidagi har bir bellashuv sof o‘zbekona atamalar bilan baholab borildi.

“Sehrli diyor” deya atalmish AQSh osmonida kurash, halol, g‘irrom, yonbosh, chala sadolari baralla yangradi va O‘zbekiston nomini ko‘klarga ko‘tardi.

Filadelfiya shahrida joylashgan “City Hall” majmuasining tarixiy saroyida O‘zbekiston kurash federatsiyasi va AQSh an’anaviy sport o‘yinlari tashkiloti o‘rtasida ummon ortida o‘zbek kurashini ommalashtirish va targ‘ib qilishga doir memorandum imzolandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun kurash bo‘yicha xalqaro turnir ayni shu tashkilot bilan erishilgan hamkorlikning ilk debochasi bo‘ldi, desak mubolag‘a qilmaymiz. Eng muhimi, bu hamkorlik kurashni xalqaro Olimpiya o‘yinlari qatoridan joy olishi yo‘lida qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi.

Filadelfiya turnirida barcha raqiblarini mag‘lub etib, elkasi erga tegmagan gruziyalik polvon Georgi Katsiashvili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovriniga sazovor bo‘ldi. U Bolgariya va Turkiyada bo‘lib o‘tgan turnirlarda ham ishtirok etib, kurash ilmini mukammal egallaganini namoyish etdi. Yakunda g‘oliblarga medallar hamda pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.

AQShda kurash targ‘iboti dasturlari davom etmoqda. Nyu-York shahrining Manxetten mavzesida joylashgan “Central Park” hamda Los-Anjeles shahrida joylashgan “Griffits” parkida kurashning bor jozibasi aks etgan mahorat darslari ham bo‘lib o‘tadi.

Dasturdan AQShning Kembrij shahridagi dunyoga mashhur Garvard universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida muzokaralar o‘tkazish ham o‘rin olgan.

16 sentyabr kuni Filadelfiya shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘zbekiston kunlari” doirasida kurashning ko‘rgazmali chiqishi va taqdimotlari ham o‘tkaziladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!