
Konseysau: “Birinchi navbatda ayb menda – men murabbiyman”
"Milan" bosh murabbiyi Serjiu Konseysau A Seriyaning 31-turidan o‘rin olgan "Fiorentina"ga qarshi o‘yin (2:2)dagi xatolar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Xabaringiz bor, "rossonerilik"lar bellashuv boshidayoq ikki gol o‘tkazib yuborgandi.
— Bugun individual xatolar bo‘ldi, faqat himoyada emas. Jamoa ko‘plab oson xatolarga yo‘l qo‘ydi. Ochig‘ini aytsam, bu borada biz mashg‘ulotlarda ish olib boryapmiz. Yaqinda “Napoli” ham shunga o‘xshash gol urgan edi. Muammoni bilamiz va echishga harakat qilyapmiz. Ba’zi jihatlar borki, ularni futbolchi akademiyada, bolalikda o‘rganishi kerak.
Hujumda ham muammolar bor – juda ko‘p imkoniyatni yo‘qotyapmiz. Bu esa alohida muammo.
Murabbiy o‘yinning boshidagi noaniq harakatlar uchun mas’uliyatni zimmasiga oldi:
— Ilk 25 daqiqadagi o‘yinimiz juda yomon bo‘ldi. Bu biz tayyorlagan o‘yin rejasiga umuman to‘g‘ri kelmadi va bu erda ayb avvalambor menda – men jamoa murabbiyiman.
Shu bilan birga, Konseysau jamoada ijobiy signallar borligini ham ta’kidlab o‘tdi:
— Oxirgi kunlarda yigitlardan yaxshi belgilar oldim. “Inter”ga qarshi o‘yin bundan ancha yaxshi bo‘lgandi – jamoa muvozanatli o‘ynagan va kamroq xato qilgan edi, – dedi Konseysau "Sky Sport Italia" nashriga bergan intervyusi davomida.
Fikrlar