Konorning o‘zgacha jang uslubi
Konor MMA olamidagi eng taniqli shaxslardan biri. Bu uning media olamdagi taniqli ekanligini bilangina ifodalanmaydi. O‘z vaqtida UFCning ikkita kamarini o‘ziniki qilib olgan jangchi o‘z muqim jang uslubiga ega.
U doimo murabbiylarning ko‘rsatmalariga amal qilmaydi va shunisi bilan boshqalardan ajralib turadi. Bugun uning o‘zgacha jang olib borish uslubi haqida so‘z boradi.
O‘ng qo‘l hamma ishni bajaradi

Konor jang davomida doimo o‘ng qo‘li bilan masofani his etib turishga urinadi. Aynan shu qo‘li bilan raqibning o‘ziga yaqinlashtirmaslikka va tayyorlayotgan zarbasini kutilgan chog‘da yo‘llashga intiladi. Raqib o‘ziga yaqinlashayotgan o‘ng qo‘lga e’tibor qaratishi bilan Makgregorning chap qo‘li kuchli zarba yo‘llaydi. UFC jangchilarining aytishicha, Konorning bu uslubi raqibning g‘azabini qo‘zg‘atadi. U jang davomida o‘ng qo‘li bilan raqibga tegaveradi va bu istalgan jangchining quyushqondan chiqishga majbur qiladi. Raqib ochiladi va zarba yo‘llash uchun himoyani 1 soniyaga unutadi. Aynan o‘sha soniyada kuchli zarba qabul qilib oladi. Boz ustiga, Konor o‘ng qo‘li bilan raqibga teginsa, chap qo‘ldagi zarbasi ham manzilga etib borishini sezadi. Bir qarashda mayda detal, biroq bu uning karerasida bir necha bor effektini ko‘rsatgan.
UFC va MMA muxlislari kuchli zarba berish uchun mushtni mahkamlab, bor kuchi bilan zarba berish lozim, deb hisoblashadi. Aslida unday emas. Raqibni nokautga uchratuvchi zarba doimo kutilmaganda yo‘llanadi. Aynan shunday zarba bilan Konor Aldoga qarshi afsonaviy jangda erta g‘alaba qozongani yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, ajab emas.

Bundan tashqari, Konorda ajoyib taymning ham mavjud. U oktagonni juda yaxshi his etadi. Kerakli pallada qisqa, ammo kuchli zarba yo‘llaydi. Uning nokautlariga e’tibor qarating! Barchasida Makgregor qarshi hujumda raqibni «uyquga» ravona qilgan.
Uning himoyalanishiga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Konor hech qachon ikki qo‘li bilan yuzini va bosh qismini berkitmaydi. Bir qarashda, bu katta tavakkalchilikdek tuyular, ammo bu sportning boksdan farqi katta. Bu erda qo‘lqoplarning hajmi juda kichik. Shu bois, jangchi qanchalar himoyalanmasin, boks qo‘lqoplarida emasligi uchun zarbalarning 82 foizini tanasida his etadi. Aynan shu sababli Konor doimo o‘ng qo‘li bilan raqibni o‘zidan uzoqlashtirishga urinadi.
Oyoqlar harakati

Konor oyoq harakatlari bilan o‘zini himoya qilishni yo‘lga qo‘ygan. U singari janglarda oyoqlarini katta ochib, har bir qadamini raqib tomonga bosuvchi jangchini boshqa uchratmaysiz. Aslida, bokschilar oyoqlarni keng yoyib jang qilmaydi. Bu ularga kontsentratsiyani ushlab turishda muammo keltirib chiqaradi. Konor esa, chaqqon jangchi. Shu bois, u aynan shu uslubdan naf chiqarishga tirishadi. Bundan tashqari, raqiblar teykdaunga kirishga uringanida, Konor darrov oyoqlarini keng yoyadi va ortiqcha muammosiz raqib changalidan chiqib ketadi. Eng muhimi esa, Konor oyoqlarini keng yoygan xolda, istalgan soniyada zarba yo‘llashi mumkin. To‘g‘ri zarba kuchli chiqmaydi, ammo kerakli pallada jang suratiga ta’sir ko‘rsatadi.
Konor pressingda faol

O‘ng qo‘lning doimo oldinga cho‘zilishi va oyoqlar orasining keng ekanligini o‘z yo‘liga. Asosiysi, Konor doimo raqib tomon harakat qiladi. Ayrim soniyalardan ortga qadam tashlashi mumkin, biroq oktagonda u doimo birinchi raqamda. Bunday bosim o‘tkazish raqibning ruhiy va jangovar holatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Tinimsiz bosimdan charchagan raqiblar ba’zan shoshilinch hujum uyushtirish maqsadida oldinga tashlanadilar. Bunday vaziyatlarda Konor ularni qisqa, biroq kuchli zarba bilan kutib oladi.
Shuningdek, Konor raqibining oktagon simlarigacha ta’qib qilishni xush ko‘radi. Raqib harakat maydonini kamayganini bilgach, Konor yanada erkinroq jang qilishga o‘tadi. Irlandiyalik jangchi tinimsiz pressing qilishiga qaramay, katta kuch yo‘qotmaydi. U oktagondagi asosiy zonalarni egallash uchun ter to‘kadi. Aslida bunday jang manerasi har qanday jangchiga qarshi foydali. Ayniqsa, Dastin Pore singari tik turgan holda jang qiladiganlar bilan ayni muddao. Yuqorida zikr qilingan plyuslar yakshanba oqshomida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan «UFC 257»da Konorning favorit ekanligini anglatadi.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev



Fikrlar