Kilian Mbappe hakamni haqorat qilgani aytilmoqda
"Real Madrid" hujumchisi Kilian Mbappe La Liga 13-turida "Elche"ga qarshi o‘yin (2:2) yakunlangach hakamni haqorat qilgan bo‘lishi mumkin.
"DAZN" kameralari yakuniy hushtakdan so‘ng frantsuz futbolchisining bosh hakam Fransisko Ernandes Maeso bilan tortishganini qayd etdi. Shu bahs uchun Mbappega sariq kartochka ko‘rsatildi. Shundan keyin u orqaga burilib, frantsuz tilida ikki marotaba baland ovozda "pastkash" degan haqoratni aytdi.
Mbappe kiyinish xonasiga qaytayotganda "Elche" futbolchilaridan biri unga murojaat qildi, ammo Kilian unga qo‘li bilan ishora qilib "to‘xta" dedi va orqasidan yana: "pastkash, ket!" deya baqirdi.
"DAZN" xabariga ko‘ra, Mbappe hakamning 8 daqiqa qo‘shimcha vaqt tugagan zahoti o‘yinni yakunlaganidan norozi bo‘lgan. Chunki "Elche" darvozaboni Inyaki Penya "Real"ning ikkinchi golidan so‘ng uzoq vaqt tibbiy yordam olgan. Bir paytda Mbappe hakam Maesoga shunday dedi: "Etar, u juda ko‘p yotib qoldi. Agar davom ettira olmasa, maydonni tark etsin".
Ma’lumotlarga ko‘ra, futbolchi mazkur harakatlari uchun 4 o‘yindan 12 o‘yingacha diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.



Fikrlar