Kichkina klub “Bavariya” va “Barsa”ni “uxlatdi”
Bundesliganing kamtar klublaridan biri “Frayburg” bir necha grand klublar, xususan, “Bavariya”, “Barselona” va “Tottenxem” nishonida turgan Matias Ginterni qo‘lga kiritishni uddaladi.
Germaniya terma jamoasi a’zosi bo‘lgan Ginterning “Borussiya Myonxengladbax” klubi bilan amaldagi shartnomasi mavsum oxirida yakunlanadi. 28 yoshli tajribali himoyachini bir necha klublar o‘z safiga chorlayotgan edi.
Ginter markaziy himoyadan tashqari, tayanch zona va o‘ng qanotda ishonchli o‘ynay oladi.
Universal futbolchining “Frayburg”ni tanlagani bejiz emas. Chunki u aynan mana shu klub tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.
Mattias myonxengladbaxliklar safiga o‘tguncha uch yil davomida Dortmundning “Borussiya”si sharafini ham himoya qilgan.
Ginter joriy mavsumda Bundesligada 27 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.



Fikrlar