
Keraksiz “qirollar” yoxud “Real”ni tark etishi mumkin bo‘lgan futbolchilar
Bu yil "Real" Madrid transfer bozorida unchalik ham faol emas. Yarim himoyachilar Reyner, Takefuso Kubo, himoyachi Alvaro Odriosola va hujumchi Borxa Mayoral ijaradan "qirollik klubi"ga qaytishdi. Shu bilan birga, “qaymoqranglilar” “Monako”dan yarim himoyachi Orelen Chuamenini 80 million evro evaziga sotib olgan bo‘lsa, “Chelsi” futbolchisi Antonio Ryudigerni erkin agent maqomida o‘z safiga qo‘shib oldi. "Real" bosh murabbiyi Karlo Anchelotti yaqinda bergan intervyusida boshqa transferlar rejalashtirilmaganini aytdi.
Ayni vaqtgacha "qirollik klubi"ni hujumchi Luka Yovich, vinger Garet Beyl, yarim himoyachi Isko va himoyachi Marselo kabi futbolchilar tark etishdi. Ularning hammasi Madrid grandi safidan erkin agent sifatida ketib, boshqa jamoa bilan shartnoma imzola(y)di. Hatto 3 yil oldin "Ayntraxt"dan 63 million evro (!) evaziga xarid qilingan serbiyalik Yovich ham tekinga ketdi. “Qaymoqranglilar” safini tark etadigan futbolchilar ro‘yxati bu bilan tugamasligi ehtimoli juda katta.
Hozir esa biz sizlar bilan “Real”dan ketishi mumkin bo‘lgan va etarli o‘yin amaliyoti bo‘lmasligi sabab ketishi kerak bo‘lgan futbolchilar haqida to‘xtalamiz.
Andrey Lunin
Luninning "Real" Madriddagi kelajagi mavhumligicha qolmoqda. Uning o‘zi ham yaxshi biladiki, Tibo Kurtuaga o‘rinbosar bo‘lish, unga etarlicha o‘yin amaliyoti bermaydi. O‘tgan mavsum 23 yoshli darvozabon bor yo‘g‘i 4 ta o‘yin o‘tkazdi – 2 ta Ispaniya kubogi va 2 ta La Liga. Qolaversa, Ispaniya chempionatidagi bu uchrashuvlar “Real” uchun muhim bo‘lmagan bahslar hisoblanadi.
Anchelotti ukrainalik kiperga keyingi mavsum ko‘proq imkon berishini va’da qilmoqda, ammo Kurtua sog‘lom bo‘lgan paytda buning imkoniyati past bo‘lishi aniq. Shubhasiz, oddiyroq klubda Andrey asosiy darvozabonga aylanishi mumkin. Qolaversa, Evropaning bir nechta jamoalari unga allaqachon qiziqish bildirgan. Albatta, tanlovni ukrainalikning o‘zi hal qiladi. Garchi, bu "Real" Madrid kabi qudratli klub bo‘lsa-da, faoliyatidagi eng yaxshi yillarini zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazish – keraksiz natija.
Xesus Valexo
2015 yilning yozida "Real"ga o‘tganidan beri Valexo faoliyatining katta qismini ijarada o‘tkazdi. O‘tgan yozda Serxio Ramos va Rafael Varan ketganidan so‘ng himoyachi "qirollik klubi"da imkoniyat bo‘lishi kutilgan edi. Ammo undan bo‘lib chiqmadi.
La Ligada beshta o‘yin va Chempionlar Ligasida jami 8 daqiqa - 25 yoshli markaziy himoyachi orzu qilgan narsa emasligi aniq. Uning "qaymoqranglilar" bilan shartnomasi yana 3 yilga amal qiladi, ammo Madridda buncha uzoq muddat qolishdan foyda yo‘q. Antonio Ryudiger, David Alaba, Eder Militao va Nacho bor bo‘lgan jamoada, ispaniyalikning o‘yinga tushish imkoniyati yanada pasayib ketadi. Shuning uchun Xesus ham boshqa klubga o‘tib, o‘zini nimalarga qodir ekanligini isbotlash vaqti keldi, chamamizda.
Alvaro Odriosola
Odriosola ham xuddi Valexo kabi so‘nggi mavsumlar ijarada to‘p tepdi. Qolaversa, uning oldida yaxshi variantlar bor edi - "Bavariya" va "Fiorentina". “Binafsharanglar” futbolchini sotib olishga tayyorligini bildirdi, biroq u “Real”ga qaytishni istadi. Ispaniyalikning "qirollik klubi"da o‘ynash istagi tahsinga sazovor. Biroq, istakning o‘zi hech narsani hal qilmaydi.
Jamoaning o‘ng qanot himoya pozitsiyasini Dani Karvaxal egallagan. Danining sog‘lig‘ida muammolar bo‘lgan paytda esa uning o‘rnini Lukas Vaskes egallaydi. Shu bois, 26 yoshli himoyachi “qaymoqranglilar”ni tark etgani ma’qulroqdek ko‘rinmoqda. Chunki, unga etarlicha o‘yin amaliyoti taklif qilayotgan jamoalar ko‘p.
Dani Sebalos
Sebalos ham xuddi Odriosola singari "Real"da o‘ynashni istamoqda. Biroq, asosiy muammo shundaki, bu futbolchida ham imkoniyat kam. “Qirollik klubi”da markaziy yarim himoyachi pozitsiyasida Eduardo Kamavinga, Toni Kroos, Federiko Valverde va Luka Modrich o‘ynaydi va Dani yana zaxiraga “mixlanib” qoladi. Ispaniyalik o‘tgan mavsum nomi sanab o‘tilgan futbolchilarning barchasiga raqobatda imkoniyatni boy berdi.
Shuningdek, “Real” yozda Orelen Chuamenini katta pulga xarid qildi. Tabiiyki, Sebalosda imkoniyat yanada pasayib ketadi va u ketish uchun birinchi nomzodga aylanadi. Uning “Betis”ga qaytishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda. 25 yoshli ispaniyalik uchun bu yaxshi variant bo‘lardi. "Yashil-oqlar" Manuel Pellegrini qo‘l ostida yaxshi o‘yin ko‘rsatmoqda va Evropa miqiyosidagi turnir ishtirokchisiga aylandi. Shuning uchun, Danining jonajon uyiga qaytishi - to‘g‘ri qaror, chamamizda.
Reyner
Reyner 2020 yilning qishida "Flamengo"dan 30 million evro evaziga "Real"ga o‘tgandi, ammo hali “qaymoqranglilar” asosiy jamoasida debyut qilgani yo‘q. Isko ketganidan so‘ng Madrid grandining hujumkor yarim himoyachisi vazifasini bajarish uchun unda yaxshi imkoniyat bor, ammo buning amalga oshishi qiyin masaladek ko‘rinmoqda.
Braziliyalik futbolchi ikki yil davomida Dortmundning "Borussiya" klubida ijara asosida o‘ynadi. Biroq, yakunda nemis klubi ham uni to‘liq transfer qilishdan bosh tortdi. U yangi mavsumni ham “blankos”da o‘tkazishi dargumon. "Qaymoqranglilar" 20 yoshli futbolchini sotmasliklari mumkin, ammo uni yana ijaraga berish ehtimoli katta. Hozirda futbolchiga "Benfika" faol qiziqish bildirmoqda. Vaziyat qay darajada bo‘lishini esa yaqin vaqt ichida bilib olamiz!
Marko Asensio
O‘tgan yilgi o‘yinlarga qarab fikr bildiradigan bo‘lsak, Rodrigo yangi mavsum "Real"ning asosiy tarkib futbolchisiga aylanadi, deb taxmin qilish mumkin. Ammo Takefusa Kubo va Marko Asensio ham bu pozitsiya uchun da’vogarlik qilmoqda. "Qaymoqranglilar" yaponiyalikni "Real Sosedad"ga sotishni rejalashtirmoqda, ammo Marko borasida bir qancha savollar bor.
O‘tgan mavsum Asensio uchun faoliyatidagi eng yaxshisi bo‘ldi (La Ligada 10 ta gol). Ammo u barqaror futbolchi emas, bu esa Markoning “qirollik klubi”dagi kelajagini kafolatlamaydi. 26 yoshli vingerning "blankos" bilan shartnomasi tugashiga yana 1 yil bor. Futbolchi ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda, Anchelotti esa bunga kafolat bera olmaydi. Shu sabab matbuotda Asensioning ketishi haqida mish-mishlar tarqalgan edi. Unga “Liverpul”, “Nyukasl” va “Milan” kabi jamoalar faol tarzda qiziqish bildirdi. Biroq, yakunda klublar hech narsaga erisha olmadi. Kuzatamiz, ehtimol yaqin vaqt ichida Markoning yangi jamoasi qaysi ekanligini bilib olarmiz?!
Mayoral yoki Dias
Karim Benzema "Real" Madridning asosiy markaziy hujumchisi bo‘lib qolishiga hech qanday shubha yo‘q. Ammo "qirollik klubi"da yana 2 ta shu pozitsiyada o‘ynaydigan futbolchi bor - Borxa Mayoral va Mariano Dias. Karim uchun o‘rinbosar bitta kerak ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ikki forvardan biri Madridni tark etishi kerak.
Aytish kerakki, Mayoralning qolish imkoniyati biroz yuqoriroq. Boisi, u "Real" tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va o‘tgan mavsum "Roma"da yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Shuning uchun, "qaymoqranglilar" anchadan beri Diasni sotishga harakat qilmoqda. Umuman olganda, “Real”ning markaziy hujumida harakat qiladigan barcha futbolchining shartnomasi keyingi yil yakuniga etadi. “Qaymoqranglilar” rahbariyatidan esa buni chuqur tahlil qilib, qaror qabul qilishi talab qilinadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, transfer oynasi yakuniga etmasdan Mayoral-Dias juftligidan biri Madrid grandi safini tark etish ehtimoli katta.
Jamshidbek Mahmudov tayyorladi
Fikrlar