
Keling, kelishib olaylik yoxud Hakamlar Markaziga murojaat
Pro-ligadagi "Turon" - "Buxoro" o‘yinida mana shu vaziyat uchun hakam penalti belgiladi. Bu holatda 11 metrlik jarima zarbasi berilmasa to‘g‘ri bo‘lardi, bizningcha. Sababi, qo‘l yotgan holda tabiiy turibdi. Futbolchi qo‘lini yashira olmasdi. Ammo hakam...
Kelishib olaylik, masalan, hakamlar qo‘mitasi jurnalist va tomoshabinlar uchun qanday holatda to‘p qo‘lga tekkani uchun penalti berilishi va berilmasligi borasida tushuncha berib o‘tishi yoki tushuntirib bera oladigan manba ko‘rsatishi kerak. Aks xolda, barcha epizodni o‘zi bilganidek talqin qilishni boshlaydi.
Bizda hakamlar FIFA qoidalariga amal qilishi kerak bo‘lsa, o‘sha qoidalarni muxlislarga ham tushunarli qilgan holda taqdim etish foydadan holi bo‘lmasdi. OFK rasmiy saytida ham musobaqalarda FIFAdagi qoidalar bo‘yicha ish olib borilishi qayd etilgan. FIFAdagi qoidalarga qaraydigan bo‘lsak, ushbu vaziyatga "Qoidabuzarliklar va noto‘g‘ri hatti-harakatlar" bo‘limida keltirilgan mana bu joyi to‘g‘ri keladi:
1. O‘yinchining qo‘li to‘pga har qanday holatda tegishi qoidabuzarlik hisoblanmaydi.
Agar o‘yinchi:
qo‘li bilan ataylab to‘pga tegsa, masalan, qo‘lni harakatga keltirsa,
to‘p tomon qo‘li bilan tegsa, bu uning tanasini g‘ayritabiiy darajada harakatlantirganini anglatadi va bu vaziyatda jarima belgilanadi.
2. Futbolchining qo‘li tana harakatining natijasida emas, tabiiy holatda to‘pga tegadigan bo‘lsa, jarima belgilanmaydi.
Bu o‘ziga xos vaziyat. Bunday holatda qo‘l tanani nazorat qiluvchi a’zoga aylanadi va uni nazorat qilish imkonsiz bo‘ladi.
Tushuntirish:
Qo‘l va to‘p o‘rtasidagi har bir aloqa qo‘l bilan o‘yin sanalmaydi.
Shuningdek, tananing elka qismiga to‘p tegsa, jarima zarbasi belgilanmasligi kerak. Mazkur holatni yaxshiroq tushuntirish uchun quyidagi rasmni qoldiramiz.
Hakamlar xatolarga yo‘l qo‘yganda, inson faktoriga yo‘yiladi. Ammo qachongacha? Zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir paytda nima uchun insonlar o‘sishi, rivojlanishi kerak emas? Yangi muammolar yangicha echim talab etarkan, hammamiz shunga tayyor turmog‘imiz darkor.
Superligada yuzaga kelgan tortishuvli holatlar mana endi Pro-liganing etakchi jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga ham ko‘chdi. Buxorolik muxlislar hamon hakam mezbonlarga yon bosdi, degan fikrda yurishibdi.
Muxlislar yanada aniq va ishonchli javob olishi uchun, FIFA reglamentida yozilgan qoidalar asosida hakamlar o‘z qarorini asoslab berishi kerak. Ana shunda, hech kimda hech qanday savol qolmaydi. Adolatli qonun bor joyda qarshiliklarga o‘rin qolmaydi.
Albatta, bularning bari shaxsiy fikr...
Ha, aytgancha, yuqorida videosi keltirilgan penaltidan "Turon" to‘purari Humoyun Murtozaev unumli foydalana olmadi.
Agar gol bo‘lganda, bu bahsni "Buxoro" klubi va uning muxlislari ancha paytgacha eslab yurishardi. Chunki "Turon" bu bahsda zafar quchganida, ta’qibchisi bo‘lib turgan Hakim Fuzaylov shogirdlaridan oz emas, ko‘p emas naq 8 ochkoga ildamlab ketardi. Bu esa yaypanliklar uchun katta ehtimol bilan ikkinchi o‘rin masalasini hal etardi. Ammo voqealar rivoji bunday rivojlanmadi. Hozircha Pro-liga "yuqori qavat"ida kurash davom etadi.
Fikrlar