
Katta tozalash davom etadi: Yana 7 futbolchi ketadi!
Yozgi transferlar davrida “Manchester Yunayted”ni Antoni Marsyal, Rafajl Varan kabi bir necha futbolchilar tark etib ulgurdi.
Tozalash ishlari hali davom etadi. ESPN nashrining yozishicha, “Manchester Yunayted” mutasaddilari yozgi transferlar oynasi yopilgunga qadar yana kamida etti nafar o‘yinchi bilan xayrlashishga qaror qilgan.
Manbaga ko‘ra, birinchi navbatda ketadiganlar ro‘yxatiga Harri Maguayr, Viktor Lindelyof, Aaron Uan-Bissaka, Skott Maktominey, Kristian Eriksen, Kazemiro va Antoni kiritilgan.
Bu o‘yinchilarning aksariyati kelasi yoz erkin agentga aylanadi. Ularga yangi bitim berilmaydi va yozda sotib yuborish bo‘yicha ish olib borilyapti.
Uzoq muddatli shartnomaga ega bo‘lgan Antonini manchesterliklar ijaraga berib yuborishga tayyor. Klub shu orqali katta maosh olayotgan o‘yinchining moliyaviy og‘irligini engillatmoqchi.
Fikrlar