
"Katanets tajribali va u eng yaxshi tarkibga ega" - legionerimiz terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi imkoniyati va Hindiston haqida gapirdi
Bangladesh chempionatida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Asror G‘ofurovni yaxshi bilasiz-a? U hozirda mahalliy “Bashundxara” klubida to‘p suryapti va chempionlikka juda yaqin kelishdi.
Ushbu legionerimiz ham Qatarda o‘tadigan Osiyo Kubogiga qur’a tashlash jarayonini diqqat bilan kuzatib bordi. Terma jamoamiz “V” guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston joy olganini bilasiz.
G‘ofurov Bangladesh chempionatida o‘ynayotgani bois hindlarga juda yaqin. Shu sababli Sports.uz jurnalisti Asror bilan muloqot chog‘ida avvalo Hindiston termasi haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Hindiston haqida nimalarni biladi?
- Hindiston bilan Bangladesh bir-biriga yaqin bo‘lgani uchun xalqi ham o‘xshash. Oxirgi paytlarda Hindistonning o‘yinlarini ko‘rib boryapman. Kambodja, Qirg‘iziston va boshqalarni yutishdi. Agar hindlarga kuchsiz raqib deb qaraydigan bo‘lishsa, bunday emas. Chunki hamma davlatda futbol rivojlanyapti va Hindistonda ham. Ularning jamoasi yomon emas. Ko‘rgan bo‘lsangiz, Osiyo Kubogiga chiqqanida ham hamma o‘yinlarini yutishdi. O‘zbekistonning guruhida Avstraliya, Suriya va Hindiston bor. Bu guruhni ko‘rgan har qanday inson Avstraliya bilan O‘zbekistonni favorit sifatida baholashi mumkin. Lekin hech bir jamoaga oson bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.
Terma jamoamiz omadli guruhga tushdimi?
- Guruhimizni omadli desa ham bo‘ladi. Ammo e’tibor berib qarasangiz, barcha oltita guruhda ikkitadan kuchli jamoa bor. Aynan ular favorit sifatida ko‘rinadi. Bizning guruhni o‘rtacha deb o‘ylayman, unchalik qiyin emas. Chunki barcha guruhlarda yaxshi jamoalar ham, kuchsizroq jamoalar ham mavjud. Albatta, bu futbol. Oldindan kuchli yoki kuchsiz deb bo‘lmaydi. Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Lekin mening o‘ylashimcha, omadli guruhga Saudiya Arabistoni tushgan.
Vakillarimizning musobaqadagi imkoniyati
- Terma jamoamiz Osiyodagi eng kuchli jamoalar orasida kuchli beshtalikka kira oladi. Osiyo Kubogida albatta chempion bo‘lishni xohlaymiz. Terma jamoamiz oxirgi yillarga qaraganda hozir yaxshi formada va yaxshi natijalarga erishayotgan payti deb o‘ylayman. Bosh murabbiyimiz Katanets tajribali. Futbolchilarimiz ham ajoyib. Eng yaxshi tarkibga ega. Maksimum vazifa chempionlikni qo‘lga kiritish, minimum uchtalikka kirish.
G‘ofurov jamoasi bilan OChLga tayyorgarlik ko‘ryapti
- Hali Osiyo Chempionlar ligasi pley-off bosqichida OKMK bilan to‘qnash kelishimiz 100 foiz aniq emas. Ammo hozirdan OChL pley-offiga tayyorgarlik boshlangan. Chunki chempionatda hali chempionlikni naqd qilganimiz yo‘q. 2-o‘rindagi jamoa bilan o‘rtamizda 10 ochko bor. Yana 2-3 ta o‘yinni yutsak chempionmiz. OChL pley-off bahslari avgust oyida bo‘ladi, deyishyapti.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar