
"Kanadalik" Beterbiev va "Qirg‘izistonlik" Bivol, qiziq a?
12 oktyabr kuni Saudiya Arabistonida katta boks oqshomi o‘tkaziladi. Turnirning asosiy to‘qnashuvida ikki rossiyalik chempion – Dmitriy Bivol va Artur Beterbiev o‘rtasida uzoq kutilgan jang bo‘lib o‘tadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, mazkur qarama-qarshilikda rasmiy ravishda ruslar jang qilmaydi. Chunki ikkala bokschi ham boshqa mamlakat vakili. Bivol Qirg‘iziston bayrog‘i ostida bellashadi. Beterbiev esa Kanada sharafini himoya qiladi. Albatta, bokschilar ruslar ekanini hamma yaxshi tushunadi. Lekin ayni paytda yigitlar siyosiy vaziyat tufayli boshqa davlatlar bayroqlari ostida chiqishga majbur.
Shunisi e’tiborga loyiqki, Bivol 1990 yilda Qirg‘izistonda tug‘ilgan. Ammo uning otasi moldovalik, onasi koreys edi. Dmitriy boksdagi ilk qadamlarini Qirg‘izistonda tashlaydi. 2002 yilda esa bo‘lajak super yulduzning oilasi Rossiyaga ko‘chib o‘tdi va Bivol Rossiyada professional bokschiga aylandi. Shu bois rossiyaliklarga qo‘yilgan sanksiyalar sportchiga unchalik ta’sir qilmadi. Bivol Qirg‘izistonda tug‘ilgani bois cheklovlarni olib tashlandi.
Beterbievga kelsak, unda hammasi murakkabroq. Artur Dog‘istonda tug‘ilgan, chechen millatiga mansub. Beterbiev Rossiya terma jamoasida havaskor karerasini qurdi, Olimpiya o‘yinlariga bordi va o‘z vatani bayrog‘i ostida ishtirok etdi. Ammo professional boksga o‘tish paytida Kanadaga ko‘chib keldi. Hatto u erda pasport ham oldi. Biroq keyinroq faoliyatini tugatgach, Rossiyaga qaytishini, Kanadada faqat boks uchun qolganini ma’lum qildi.
Bugungi siyosat Bivol va Beterbievni boshqa davlatlar bayroqlari ostida chiqishga majbur qildi. Boshqa yo‘l bo‘lishi mumkin emasdi. Rad etish bokschilarning faoliyatiga jiddiy zarar keltirishi mumkin edi. Shuning uchun ham endi “qirg‘iz” va “kanadalik” ringga chiqadi.
Fikrlar