Kamoliddin Tojiev: "Biz har doim Sergeevga umid qilganmiz"
O‘zbekiston Superligasining 30-turidan o‘rin olgan “Navbahor” – “Paxtakor” (1:1) jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiev ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. “Sherlar” ustozi odatdagidek, o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
- Qiyin bahs kechishini bilardik. “Navbahor” bilan bu erda hech qachon oson bo‘lmagan. Tarkibimizda jarohat olganlar bor. Shu bois Namanganga optimal tarkib bilan keldik, deya olmayman. Ammo maydonga tushgan futbolchilar bor kuch bilan harakat qilishdi. Afsuski, Bashar Resan qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. O‘yinni oxirigacha to‘liq o‘tkazganimizda, balki yutib ketishimiz ham mumkin edi.
- G‘alaba uchun qaysi faktor etishmadi?
- Aytib o‘tganimdek, qizil kartochka, jarohat olgan futbolchilar... Lekin “Navbahor” ham kuchli jamoa. Durang o‘ynab, bir ochkoni qo‘lga kiritdik va mavsumni 2-o‘rinda yakunladik. Bu ham yaxshi natija.
- Jamoani qiyin holatda qabul qilib olgansiz. Ikkinchi davrada qo‘l ostingizdagilar umuman boshqacha o‘yin namoyish etishdi, natija ham yaxshi bo‘ldi. Buning sabablarini nimada ko‘rasiz?
- Eng birinchi navbatda muhitni yaxshilashga va futbolchilarni birlashtirishga harakat qildik. Chunki har qanday jamoada eng asosiy narsa bu ichki muhit hisoblanadi.
- Davralar oralig‘idagi transferlar qanchalik o‘zini oqladi?
- Yaxshi transferlarni amalga oshirdik. Hammasidan qoniqdik. Jamoamizga kim qo‘shilgan bo‘lsa, hamma qo‘ldan kelgancha yordam berdi.
- Qishda Igor Sergeev klubni tark etishi mumkin ekan...
- Biz har doim Sergeevga umid qilganmiz. Uning o‘zi ham “Paxtakor”da qolishni xohlaydi.
- Bobir Abdixoliqov negadir bugun maydonga tushmadi?
- Qizil kartochka sabab rejani o‘zgartirdik. Aslida Bobirni maydonga tushirishni maqsad qilgandik.
- Bu yilgi mavsumdan qoniqdingizmi?
- Qoniqdim desam bo‘ladi. Kubokni qo‘lga kiritdik, chempionatni ikkinchi o‘rinda yakunladik. Bu avvalo futbolchilarning mehnati, shu bois, hammaga rahmat aytaman. Kelasi yil yana tarkibni kuchaytirishga harakat qilamiz. Chunki Osiyo chempionlar Ligasida munosib ishtirok etishimiz lozim.
- “Paxtakor” joriy mavsum chempioni “Neftchi”ni har ikkala o‘yinda ham mag‘lub etdi. Biroq “Qo‘qon-1912”, “Sho‘rtan” klublari bilan kutilmaganda durang o‘ynadi. Buning sababi nimada?
- Kuchli jamoalarga qarshi alohida tayyorgarlik shart emas. Ammo siz aytgan raqiblarga qarshi o‘yinda ishtiyoq biroz pand berdi, deb o‘ylayman.



Fikrlar