
"Jeparovni Erondagi faoliyati orqali yaxshi taniyman, O‘rinboev bilan bir jamoada o‘ynayotganimdan xursandman" - "Metallurg"ning eronlik legioneri bilan suhbat
Ikkinchi davrada tarkibini kuchaytirishga erishgan “Metallurg” shunga yarasha natijalari ijobiy tus ola boshladi.
Jamoaga legioner futbolchi sifatida eronlik futbolchi Rizo Yazdando‘st qo‘shib olinganini bilasiz. Shundan keyin jamoaning mudofaa chizig‘i ancha tartibli va ishonchli o‘ynay boshladi.
Rizo qisqa fursat ichida o‘zidan iliq taassurot qoldira boshladi. Ushbu legioner kuni kecha Sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Dastlab “Metallurg”dagi faoliyatingiz haqida so‘ramoqchiman. U erda barchasi sizni qoniqyaptimi?
- Ha, jamoadagi sharoitlar juda ham ajoyib. U erda qulayliklar yaratilgan va klubda pozitiv insonlar jamlanishgan. Jamoa boshqaruvi ham ajoyib. Texnik xodimlarga ham gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ular professional insonlar. “Metallurg”ning bir bo‘lagi bo‘lganimdan xursandman.
- O‘zbekistonni tanlashingizning asosiy sababi nimada?
- Mamlakatimdan tashqarida ham futbol bo‘yicha tajriba orttirishni maqsad qilgandim. Bir nechta takliflar orasidan O‘zbekistonni tanladim. Chunki bu erdagi liga professional va so‘nggi yillarda mamlakat futbol miqyosida katta o‘sishga erishdi.
- Oldin faqat Eron chempionatida o‘ynagansiz. Faoliyatingizda birinchi bor legioner sifatida to‘p suryapsiz. Ilgari bunday imkoniyat bo‘lmaganmi?
- Ha, menda Erondan tashqarida ham bir nechta takliflar bo‘lgandi. Lekin o‘sha paytlarda men bularga unchalik qiziqmagandim. Chunki u paytlarda legioner sifatida to‘p surishga unchalik intilmaganman.
- O‘zbekiston futboli to‘g‘risida ilgari nimalarni bilardingiz? Masalan, klublarimizga qarshi o‘ynaganmisiz? Qaysi futbolchilarimizni yaxshi taniysiz?
- Afsuski, o‘zbek klublariga qarshi o‘ynash imkoni bo‘lmagan. Ammo futbolingizni bir muncha bilaman, deb ayta olaman. Masalan, o‘yin tezligini yaxshi bilaman. Javobgarlik hissi yuqori ekanligi va o‘zbek futbolchilaridagi progress qanday ketayotganligini ham yaxshi bilaman. Jeparovni Erondagi faoliyati tufayli yaxshi taniyman. Hozirda Shomurodovni yaxshi taniyman. Shuningdek, Zabihillo O‘rinboev bilan bir jamoada o‘ynayotganimdan xursand bo‘lyapman. Bundan zavq olyapman. U ajoyib futbolchi.
- Sizga chempionatimizning etakchi klublaridan biri qiziqib qolgani haqida eshitdim. Aynan qaysi jamoa?
- Ha, taklif kelgan. Biroq menda to‘liq ma’lumot yo‘q. Negaki, bu masala bilan agentim shug‘ullanadi. U ish olib boryapti. Kelgusi mavsum xususida o‘z vaqti keladi va biz birgalikda to‘g‘ri qaror qabul qilishga harakat qilamiz. Hozircha mavsum tugagani yo‘q. Ayni paytda bu mavzuda gaplashish men uchun yoqimli emas. Buni professionallik deb hisoblamayman. Hozirgi paytda “Metallurg”da ekanligimdan xursandman. Bosh murabbiy Vesko Steshevich bilan ishlayotganimdan mamnunman. U noyob va “Metallurg”ning natijalari uchun bor kuchi bilan harakat qilyapti.
- Osiyo Chempionlar ligasida “Sepaxon” Olmaliqda g‘alaba qozondi. “Nassaji” esa Namanganda yutqazdi. Bu borada fikringiz qanday?
- Men OKMKni yaxshi o‘yin bilan tabriklayman. Lekin esdan chiqarmasligimiz kerakki, “Sepaxon” ajoyib va katta professional jamoa. Nafaqat Eronning, balki Osiyoning kuchli klublaridan biri. “Nassaji” haqida gapiradigan bo‘lsam, ularga 10 kishi bo‘lib qolganidan so‘ng qiyin bo‘ldi. Oston O‘runov kabi ta’siri katta futbolchini maydonga tushib kelishi istalgan jamoaga qarshi o‘yinda ishni qiyinlashtiradi va “Navbahor”ni g‘alaba bilan tabriklayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar