JChda ikki marta sovrindor bo‘lgan, tarkibida Modrich kabi futbolchisiga ega jamoa Xorvatiya bilan tanishamiz

  • 11 noyabr, 2022, 19:50
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar "JCh-2022"da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 9 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "F" guruhining so‘nggi vakili Xorvatiya orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Xorvatiya futbol ittifoqi. Laqabi — “shaxmatchilar”.

Tashkil topgan yil: 1912 yil (FIFAga 1941 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Zlatko Dalich
Jamoa sardori: Luka Modrich

Ilk rasmiy uchrashuvi: Xorvatiya – Shveytsariya 4:0 (1940)
Eng yirik g‘alaba: Xorvatiya – Man Marino 10:0 (2016)
Eng yirik mag‘lubiyat: Ispaniya – Xorvatiya 6:0 (2018)

Xorvatiya terma jamoasi ayni payt FIFA reytingida 13-o‘rinni egallab turibdi. Ularning eng yaxshi natijasi esa 3-pog‘ona bo‘lib, 20 asr oxirida mazkur o‘rinni egallagan. “Shaxmatchilar” tarixidagi eng yomon ko‘rsatkich 125-pog‘ona hisoblanadi. Ular ancha oldin, ya’ni 1994 yilda kuchli yuztalikdan ham pastga tushib ketgan.

Xorvatiya milliy terma jamoasi 1990 yildan qayta tashkil qilingan. Bungacha ular sobiq Yugosloviya tarkibida musobaqalarga qatnashib kelgan. Mamlakat tarixidagi ilk eng yaxshi ko‘rsatkich 1998 yilgi mundialda qayd etilgan. O‘shanda “shaxmatchilar” ilk marta JChga yo‘llanma olgan edi. Ammo debyutant bo‘lsa-da, Xorvatiya musobaqa bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Jamoa etakchisi Davor Shuker turnirning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.

Keyinchalik ular 2002, 2006 va 2014 yilgi mundiallarda ham qatnashdi, biroq “shaxmatchilar” musobaqani guruh bosqichidayoq  yakunlashgan.

JCh-2018 saralash turnirida xorvatlar Islandiyaga imkoniyatni boy berib, guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi va pley-off orqali turnirga yo‘l oldi. JCh-2018da Xorvatiya Argentina, Islandiya va Nigeriya bilan birga “D” guruhidan joy oldi. Jamoa mazkur kvartetda 100 foizlik natija bilan birinchi o‘rinni egalladi, 1/8 finalda Daniyani penaltilar seriyasida mag‘lub etdi. Chorak finalda esa rossiyalik futbolchilardan penaltilar seriyasida kuchliroq chiqishdi.

Yarim finalda Angliyaga qarshi o‘yinda yana qo‘shimcha bo‘limlar o‘tkazishga to‘g‘ri keldi, ammo ushbu bahs penaltilargacha bormadi. Xorvatlar o‘yin tugashiga 10 daqiqa qolganida gol urib, inglizlardan g‘alabani tortib oldi.

Finalda esa “shaxmatchilar” frantsuzlar qarshisida narsa qila olmadi va raqibga 2:4 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Shu tariqa, Xorvatiya terma jamoasi jahon chempionatining ikki karra sovrindoriga aylanishgan.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Xorvatiya Qatardagi mundial uchun yo‘llanmani qiyinchilik bilan qo‘lga kiritdi. Ular musobaqaga borish uchun guruhda Rossiya, Slovakiya, Sloveniya, Kipr va Malta bilan kurash olib bordi. “Shaxmatchilar” 10 ta uchrashuvda 23 ochko to‘plab,  guruh g‘olibi sifatida JCh chiptasiga ega chiqdi.

Ammo ular uchun saralash qiyin boshlandi. Boisi, Dalich shogirdlari ilk turda safarda Sloveniyaga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shundan keyin ular saralash oxirigcha mag‘lubiyatsiz o‘ynashdi. Faqatgina Rossiya va Slovakiya xorvatlar bilan durang o‘ynashni uddaladi. Xorvatiya 21 ta gol urib, o‘z darvozasida 4 ta to‘p o‘tkazib yubordi.

Aytish kerakki, Xorvatiya so‘nggi turgacha guruhda ikkinchi o‘rinda borayotgan edi. Ular saralashning oxirgi o‘yinida o‘z maydonida kechadigan Rossiyaga qarshi o‘yinda g‘alaba qozonishi shart edi va buni amalda uddaladi.

Splitda kechgan uchrashuv taqdirini bitta avtogol hal qildi. Aslida bu o‘yindagi durang ham ruslarni qanoatlantirar edi, biroq unga xorvatlar yo‘l qo‘ymadi va Fyodor Kurdyashovning avtogoli evaziga g‘alabani tantana qildi. Qo‘lga kiritilgan 3 ochkodan keyin “shaxmatchilar” 23 ochko bilan guruhda birinchi o‘ringa chiqib oldi. 22 ochkosi bor Rossiya esa pley-offda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Jamoa etakchilari

Barchaga ma’lumki, Xorvatiya terma jamoasining asosiy etakchisi va sardori Luka Modrich hisoblanadi. “Real” futbolchisi ancha vaqtdan beri nafaqat “shaxmatchilar” safida, balki butun dunyodagi eng yaxshi yarim himoyachisi sifatida e’tirof etiladi.

Katta ehtimol bilan ushbu turnir Luka uchun so‘nggisi hisoblanadi.  Sababi keyingi JChga qadar Modrich 41 yoshda bo‘ladi va uning o‘ynashi imkonsiz.

Shuningdek, tarkibda “Tottenxem” futbolchisi Ivan Perishich, “Inter” etakchisi Marselo Brozovich, ancha vaqtdan beri grand klublar e’tiborida bo‘lgan Yoshko Gvardiol, “Chelsi” himoyachisi Mateo Kovachich kabi jahon darajasidagi futbolchilar bor.

So‘nggi paytlarda xorvatlarda ham yaxshi futbolchilar etishib kelmoqda. Ehtimol Qatar-2022 bizga yana ko‘plab iqtidorlarni kashf qilishimizga sababchi bo‘ladi?!

Xorvatiya terma jamoasi “Transfermarkt” portalida 388 million evroga baholanmoqda. Tarkibdagi eng qimmat futbolchi esa Yoshko Gvardiol hisoblanadi. “Real”, “Man Siti” va “Chelsi” kabi klublar “radari”dagi futbolchining narxi 60 million evroga baholangan. Kuchli beshlikdan esa Kovachich (40 million evro), Brozovich (35 million evro) , Pashalich (25 million evro) va Lovro Mayer (22 million evro) kabi futbolchilar joy olgan.

Xorvatiya terma jamoasining Qatardagi mundial uchun chaqirilgan futbolchilari ro‘yxati:

Darovzabonlar: Dominik Livakovich (“Dinamo” Zagreb), Ivitsa Ivushich (“Osiek”), Ivo Grbich (“Atletiko”).

Himoyachilar: Domagoy Vida (AEK), Deyan Lovren (“Zenit”), Borna Barishich (“Reyndjers”), Yosip Yuranovich (“Seltik”), Yoshko Gvardiol (“RB Leyptsig”), Borna Sosa (“Shtutgart”), Yosip Stanishich (“Bavariya”), Martin Erlich (“Sassuolo”), Yosip Shutalo (“Dinamo” Zagreb).

Yarim himoyachilar: Luka Modrich (“Real” Madrid), Mateo Kovachich (“Chelsi”), Marselo Brozovich (“Inter”), Mario Pashalich (“Atalanta”), Nikola Vlashich (“Torino”), Lovro Mayer (“Renn”), Kristiyan Yakich (“Ayntraxt” Frankfurt), Luka Suchich (“RB Zaltsburg”).

Hujumchilar: Ivan Perishich (“Tottenxem”), Andrey Kramarich (“Xoffenxaym”), Bruno Petkovich (“Dinamo” Zagreb), Mislav Orshich (“Dinamo” Zagreb), Ante Budimir (“Osasuna”), Marko Livaya (“Xayduk” Split).

JCh-2022dagi taqvimi

23 noyabr. Marokash — Xorvatiya
27 noyabr. Xorvatiya — Kanada
1 dekabr. Xorvatiya — Belgiya

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!