
Jasorat sohibalari. Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Zaynab Dayibekova
Sportchi ayollar haqida nimalarni bilasiz?
Endi bu savolga javob berishingiz biroz osonroq bo‘ladi. Chunki boks, karate, tennis, gimnastika va boshqa sport turlari bilan shug‘ullanib, mamlakatimiz sharafini himoya qilayotgan jasoratli qizlar haqida ma’lumotlar berib boramiz.
Qilichbozlik sport turi nozik harakatlar va kuchli iroda talab etadi. Zaynab Dayibekova esa yosh bo‘lishiga qaramay, aynan shu sport turi bilan professional tarzda shug‘ullanib kelmoqda va etarlicha sovrinlarga ham ega.
Zaynab Kazbekovna Dayibekova 2002 yil 19 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida tavallud topgan. Maktab vaqtidanoq sportga qiziqishi baland bo‘lgan va voleybol, stol tennisi, basketbol bilan shug‘ullangan. Lekin orzusi shifokor bo‘lish edi. 13 yoshida qilichbozlik sporti haqida eshitib qoladi va shu vaqtdan basketbol va qilichbozlik darslarini bir vaqtda olib boradi. 1 yarim yillar chamasi juda qiynaladi va ular ichidan bittasini tanlashga majbur bo‘ladi.
Shaxsiy hayoti
Qahramonimiz oilada yolg‘iz farzand va qilichbozlik bilan shug‘ullanishda ota-onasidan ko‘mak olgan. Har bir sport turida bo‘lgani kabi qilichbozlar ham chet davlatlariga chiqishadi. Bunday vaqtda ruxsat olish oson bo‘lmaydi. Qolaversa, onasi bilan hamisha aloqada bo‘lib turishini aytib o‘tdi.
Yutuqlari
Zaynabning yutuqlarida murabbiysi Jiemuratov Dauirbekning o‘rni juda yuqori.
2018 yil BAAda o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan qilichbozlik bo‘yicha Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdi.
2019 yil Toshkent shahrida (O‘zbekiston) o‘tkazilgan qilichbozlik bo‘yicha o‘smir qizlar o‘rtasidagi jahon kubogi finalida u turkiyalik Nisonur Erbilni 15:12 hisobida mag‘lub etib, oltin medalga ega chiqqan.
2021 yili qilichbozlik bo‘yicha Osiyo-Okeaniya litsenzion turnirda Zaynab Dayibekova Tokio (Yaponiya) da bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma oladi.
Shu yili Qohira (Misr) da o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkaziladi va hamyurtimiz 7-o‘rinni egallaydi.
Vanihoyat, Olimpiya o‘yinlari. Zaynab o‘z chiqishlarini yaponiyalik Tika Aoki ustidan 15:9 hisobidagi g‘alaba bilan boshlaydi. Ikkinchi bosqichda esa Osiyo chempionati kumush medal sovrindori, xitoylik Shao Yaqini 15:10 hisobida mag‘lub etdi. Chorak finalda esa omadi kelmay qoladi va vengriyalik Anna Mortonga 11:15 hisobida yutqazadi.
2021 yil 30 iyun kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Yoshlar kuni munosabati bilan Zaynabni "Shuhrat" medali bilan taqdirladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2021 yilda Zaynab Dayibekovani Olimpiya harakatini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun "Jasorat" medali bilan taqdirladi.
Zaynab Dayibekova sportchilik faoliyati davomida 15dan ortiq davlatlarga tashrif buyurgan: Rossiya (Sankt-Peterburg, Novosibirsk), Tailand (Bangkok), Turkiya, Italiya, Vengriya, BAA, Polsha, Bolgariya, Yaponiya, Xitoy, Qozog‘iston, Gruziya, Tunis, Jazoir va Misr kabi davlatlar shu jumladan.
Dilnoza Mustafoqulova tayyorladi
Fikrlar