Jar yoqasidagilar! “Dinamo” ortidan kim pastga “qulaydi”?

  • 6 noyabr, 2022, 23:08
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston Superligasi yakunlanishiga 2 tur qolgan bir paytda, chempionlik masalasi ochiq turgani quvonarli. Bu kurashlarga boy chempionat o‘zgacha ritmda davom etishini ta’minlamoqda. Turnir jadvalining pastida esa undan sira qolishmaydigan “ayovsiz” jang hali yakuniga etgani yo‘q. Xo‘sh, kim “Dinamo”ning ortidan Pro ligaga yo‘l oladi? Elitada qolish uchun kurashayotgan 3 jamoaning imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz!

Tecno

“Ajoyib” formaga kirgan “Surxon”

Pro ligaga tushib ketish ehtimoli: Juda past

Oldinda turgan o‘yinlar:

“Surxon” – “Dinam”

“Neftchi” – “Surxon”

Surxon

“Uchar tulporlar” so‘nggi 6 turda 13 ochko jamg‘arib ligada qolish vazifasini deyarli hal qildi. Hozir, mo‘jizagina ularni pastga tushib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Soddaroq qilib aytganda, oldindagi 2 turda jamg‘arilgan 3 ochko rasman “Surxon”ning elitadagi o‘rnini saqlab qolishi uchun etarli bo‘ladi.

Migel Alvares shogirdlari hozir jangovor “sport formaga” kirgani hech kimga sir emas. Ispanlashayotgan “uchar tulporlar”ning o‘yinida o‘sish kuzatilani fakt. Bu haqida jamoa menejeri sifatida ish boshlagan Hamidjon Aktamov saytimiz uchun bergan intervyusida ham ta’kidlab o‘tdi. Rasman surxandaryoliklar elitada jon saqlab qolishni uddalamagan bo‘lsa-da, amalda deyarli 90 foizni ishni bajarib bo‘ldi. Boz ustiga, 25-turda chempionat autsayderi – “Dinamo”ni o‘z uyida qabul qilishi qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi. Bu bahsda mezbonlar 3 ochko ishlay olsa, “Neftchi” bilan bahs shunchaki 10-pog‘ona uchun janngga aylanib ketishi mumkin.

Relsdan chiqib ketgan “Lokomotiv”

Pro ligaga tushib ketish ehtimoli: Yuqori

Oldinda turgan o‘yinlar:

“So‘g‘diyona” – “Lokomotiv”

“Lokomotiv” – “Metallurg

loko3

24-turdan o‘rin egallagan “Lokomotiv” – “Navbahor” uchrashuvidagi mag‘lubiyat “temiryo‘lchilar”ning pastga qulashga yanada yaqinlashtirdi. Qaysidir ma’noda bu omadsizlikda jamoa rahbariyatining aybi katta. Jamoaviy o‘yinni yo‘lga qo‘yib olgan Denis Korostichenkoni kutilmaganda iste’foga chiqarish “Loko”ga qimmatga tushdi. Server Jeparov qo‘l ostidagi ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng, jamoa yana Korostichenkoni ortga qaytardi, ammo poezd ketib bo‘lgan edi. Oldinda turgan o‘yinlardan kelib chiqsak, “Loko”da 2 o‘yinda 6 ochko ishlash imkoniyati juda past. Agar bu ish uddalansa ham, “Surxon” va “Qo‘qon-1912”ning o‘z o‘yinlarida ochko olishi “Loko”ni yakunda 13-pog‘onada qolishga majbur qilishi hech gap emas. Poytaxtliklar elitada jon saqlab qolishi uchun asosiy raqobatchisi – “Qo‘qon-1912” yaqinlashib kelayotgan ikki turda ochko ishlay olmasligi shart. Ana shundagina, “temiryo‘lchilar” 3 ochko bilan ham pastga qulab ketishdan qutilib qolib, o‘tish uchrashuvida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bir qarashda uddalasa bo‘ladigandek, ammo amalda “Qo‘qon-1912” ham voqealar rivojini jim kuzatib turmasligi aniq.

Hali erki o‘z qo‘lida bo‘lgan “Qo‘qon-1912”

Pro ligaga tushib ketish ehtimoli – o‘rta

Oldinda turgan o‘yinlar:

“Qo‘qon-1912” – “Bunyodkor”

“Dinamo” -  “Qo‘qon-1912”

Qo‘qon-19122

“Loko”dan farqli o‘laroq, “Qo‘qon-1912”ning taqdiri qisman o‘z qo‘lida. Balki oldindagi ikki o‘yinda 6 ochko jamg‘arish orqali “Surxon”ni quvib o‘tishi mumkindir.... Shu bilan birgalikda, omadsizlikka uchrab “Lokomotiv”dan kamroq ochko jamg‘arib, pastga “sho‘ng‘ishi” ham hech gap emas. Anchagina qaltiz vaziyat. Oldinda Boshkovichning “to‘polonchi” bolalari bilan keskin to‘qnashuv kutib turibdi. So‘nggi turda esa Pro ligaga barchadan avval chipta xarid qilgan “Dinamo” bilan Samarqanddagi og‘ir o‘yin kutib turibdi. Davron Fayziev shogirdlari elitada qolish uchun ikki uchrashuvda kamida 4 ochko jamg‘arishi shart. Bu kamida o‘tish o‘yini (pulka)da ishtirok etishini ta’minlaydi. Agar “Surxon” 2 bellashuvda 3 ochko ishlasa, qo‘qonliklar 11-o‘rindan umidni uzadi. Ular o‘rtasida hozir 4 ochko farq bor. Shu bois, “Qo‘qon-1912” agar “pulka”dan ham qutilib qolmoqchi bo‘lsa, “Surxon” ikki bahsda ham engilishini kutish va o‘z o‘yinlarida 6 ochko jamg‘arishi shart.

Vaziyat anchagina chigal. Hammasi 26-tur yakunidagina oydinlashadi. Unga qadar taxminimiz quyidagidek:

“Surxon” – elitada qoladi!

“Qo‘qon-1912” – “pulka”da o‘ynaydi!

“Lokomotiv” – uzoq tanaffusdan so‘ng Pro ligaga qaytadi!

 

Ya . U

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!