
Jahongir Qoraboev talqinidagi O‘zbekistonning afsonaviy MMA jangchilari bilan tanishing!
Andijon viloyatida MMA hamda jangovar samboning rivojlanishida murabbiy Jahongir Qoraboevning o‘rni katta hsioblanadi. U ko‘plab chempionlarni yurtimiz sportiga tarbiyalab berganligi ham sir emas. Yurtimizda MMA bo‘yicha Respublika chempionatlari o‘tkazilayotganidan buyon andijonlik sportchilar etakchilik qilib kelishmoqda.
Biz Andijonda ushbu sport turining keng quloch yozayotganligini sababi, va boshqa savollar bilan Jahongir Qoraboevga murojaat qildik.
- Andijonlik sportchilar MMA hamda jangovar sambo yo‘nalishi bo‘yicha doimo yurtimizda etakchilar qatorida e’tirof etiladi. Buning siri nimada?
- Bizni viloyatda ushbu sport turlariga bo‘lgan qiziqish katta. Bu juda kuchli raqobatni yuzaga keltiradi. Shuningdek, bolalar qattiq mehnat qilishadi. Qolaversa, viloyatimiz hokimi ham sportchilarimizni doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Ushbu omillar viloyatda mazkur sport turlarining rivojlanishiga sababchi bo‘lmoqda.
- Andijon MMA terma jamoasining Respublika miqiyosida ko‘p bora 1-o‘rinni qayd etayotganligining zamirida baribir kuchli jangovar sambo maktabi shakllanganligida bo‘lsa kerak?
- Bitta ushbu sportni aytsam to‘g‘ri bo‘lmaydi. Qolgan yakkakurash turlarining ham o‘rni bor.
- Bilamizki, Ahliddin Mirzadavlatov, Shohasan Mirzamatov, Avliyoxon Hamidovlar ham sizning shogirdingiz hisoblanadi. "MPL 6"turniridagi Ahliddinning jangi borasida qanday fikrdasiz?
- Ahliddin juda talantli sportchi. Kup mehnat qiladi. Kurashi va zarba texnikasi ham ajoyib shakllangan. Endi, uning faoliyatida jarohat sababli tanaffuslar bo‘ldi. Jangni ko‘rdim. U o‘zini ishini qildi va g‘alaba qozondi. Uning salohiyati juda yuqori. Hali, yaxshi natijalar qayd etadi.
- Aynan, Ahliddin haqida so‘z ketganda u bir necha yillar avval qozog‘istonlik hozirda UFC jangchisi Shavkat Rahmonov bilan jang qilgandi. Ushbu bahsda bevosita siz murabbiylik qilgansiz, mazkur qarama-qarshilik haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
- 2013 yil Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilgan IMMAF bo‘yicha jahon chempionati finalida uchrashgan. Qiziqarli jang bo‘lgan. Birinchi raundni juda yaxshi boshlagan va g‘alaba qozongandi. Keyingi raundda esa tashabbusni berib qo‘ygan.
-O‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida ham Andijon terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni oldi. Aytingchi, ushbu jamoa safida nechta klubingiz a’zosi bor edi?
- 6 ta chempion bo‘lgan bo‘lsa, ularning 5 tasi bizning klub vakillari edi. Oltinchi chempion ham shogirdim Furqat Karimov klubidan bo‘ldi.
- Hozirda O‘zbekiston MMA olamidagi ko‘p yulduzga aylangan shogirdlaringizni yaxshi bilamiz. Aytingchi, endi o‘sib kelayotgan shogirdlaringizdan kimlar kelajakda yuqori natijalar qayd etadi, deb o‘ylaysiz?
- Shukurullo Rustamov, Abdurahmon G‘ofurov, Rahmatillo Yuldashevni aytib o‘tgan bo‘lardim. Umuman olganda bunday yoshlar juda ko‘pchilikni tashkil etadi.
- MMA olamida buyuk sambochilarni ko‘rganmiz. Fyodor Emelyanenko, Habib Nurmagomedov super natijalar qayd etgan. Nima deb o‘ylaysiz, har qanday mukammal sambochi MMAda yaxshi natija qayd eta oladimi?
-Jangovar sambo MMAga yaqin sport turi hisoblanadi. Shuning uchun ham ko‘p sambo ustalari MMAda ham o‘zlarini ko‘rsatmoqda. Biroq, bu nisbiy tushuncha, deb o‘ylayman. Har qanday yakkakurashning mukammal, benazir bo‘lgan vakili MMAda ham yo‘qolib qolmaydi, degan fikrdaman.
- Siz MMA olamidagi faxriy va eng tajribali murabbiylardan sanalasiz. Aytingchi, xaqiqiy o‘zbek MMAsining afsonaviy jangchilari sifatida kimlarni aytib o‘tgan bo‘lardingiz?
- Sunnat Ilyasov, Ayubxon Kamalov, Timur Yunusov, Shavkat O‘roqov, Muzaffar Radjabov va Murod Xonto‘raev.
Fikrlar