Jahon og‘ir atletika federatsiyasida prezidentlik saylovi bo‘ladi

CHERY AUTO

25-26 iyun kunlari Albaniyaning Tirana shahrida o‘tadigan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining (IWF) Kongressidan so‘ng tashkilot tizimida ulkan o‘zgarishlar ro‘y beradi. Unda IWF rahbariyati va bir qator boshqaruv tizimlari tarkibi shakllantirib olinadi.

Tecno

IWF prezidentligi saylovida ishtirok etish uchun 11 nafar, vitse-prezidentlik uchun 33 nafar nomzodga ruxsat berildi. O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasining ma’lum qilishicha, tegishli komissiya tomonidan tasdiqlangan hamda Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi e’tirof etgan IWF vitse-prezidentligiga, Ijroiya kengashiga, tegishli komissiyalarga nomzod sifatida ma’qullaganlar orasida o‘zbekistonlik mutaxassislar ham qayd etilgan.

Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov IWF vitse-prezidentligi hamda Ijroiya kengash a’zoligiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, yana bir yurtdoshimiz, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xalqaro bo‘lim boshlig‘i Zuhra Abdullaeva IWFning ikkita etakchi komissiyasi a’zoligiga da’vogarlar qatoridan joy olgan.

IWF prezidentligiga da’vogar bo‘lgan 11 nafar nomzoddan ikkitasi AQShdan, besh nafari IWF Ijroiya kengashining amaldagi a’zosi va ikkitasi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining sobiq boshqaruv a’zolaridir. IWFning yangi etakchisi bo‘lish uchun hozirda Kengash a’zolari bo‘lgan qatarlik Yusif Al-Mana, finlyandiyalik Karolina Lundal, qozog‘istonlik Janat Tusupbekov, gretsiyalik Pirros Dimas va iroqlik Muhammad Jalud o‘z nomzodini ilgari surgan.

Shuningdek, 2020 yil oktabr oyida IWFning vaqtincha prezidenti bo‘lgan va lavozimidan chetlatilgan amerikalik Ursula Papandrea, AQSh og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Paula Aranda, 2013 va 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan italiyalik Antonio Urso, Xitoy og‘ir atletika assotsiatsiyasi prezidenti Szinciang Jou, eronlik Ali Moradi, singapurlik Tom Liau Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi etakchiligi uchun kurash olib borishi tasdiqlandi. Ular safida rossiyalik Maksim Agapitov ham bo‘lishi mumkin. Faqat u Sport arbitraj sudiga (CAS) taqdim etgan apellyatsiyada g‘alaba qozonsagina nomzodlar qatoriga kira oladi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!