Jahon chempionatidagi g‘alati rekord, mundialga chiqish uchun iroda ko‘rsatgan "ajdarlar" — Uels terma jamoasi haqida

  • 25 oktabr, 2022, 13:40
  • Makhmudov Jamshidbek
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

JCh-2022 startiga tobora oz vaqt qolmoqda. Muxlis va mutaxassislarni intizorlik bilan kuttirayotgan turnir tez orada boshlanadi.

Tecno

Qaysi terma jamoalar JCh-2022 da ishtirok etishini yaxshi bilasiz. Agar hamon bundan xabardor bo‘lmasangiz yana bir  bor eslatib o‘tib ketamiz.

Mundial startiga 25 kun qolgan va biz ketma-ketlikda termalar bilan sizni tanishtirib o‘tamiz. Demak, "B" guruhining so‘nggi vakili Uels orqali o‘ziga xos "chellenj"imizni davom ettiramiz.

Jamoa haqida

Uels Futbol Assotsiatsiyasi (FAW). Laqabi — “ajdarlar”.

Tashkil topgan yil: 1876 yil, 8 fevral (FIFA’ga 1910 yil a’zo bo‘lgan)
Jamoa bosh murabbiyi: Rob Peyj
Jamoa sardori: Garet Beyl

Ilk rasmiy uchrashuvi: Shotlandiya – Uels 4:0 (1876)
Eng yirik g‘alaba: Irlandiya – Uels 0:11 (1888)
Eng yirik mag‘lubiyat: Shotlandiya – Uels 7:0 (1878)

Uels terma jamoasi ayni payt FIFA reytingining 19-pog‘onasini egallab turibdi. Barcha davrlardagi eng yaxshi natijasi esa 8-o‘rin bo‘lib, 2015 yilda mazkur yutuqqa erishgan. 2011 yillar atroflari esa “ajdarlar” uchun qiyin davrlar bo‘lgan. O‘shanda Uels terma jamoasi reytingdagi eng yomon natijasi qayd etgan, ya’ni ular o‘sha yilning avgust oyida naq 117-pog‘onaga tushib ketgan.

Uels terma jamoasi 1950 yildan buyon barcha jahon chempionati saralashida qatnashadi, ammo shu kungacha faqat ikki marta musobaqa yo‘llanmasiga ega chiqqan — 1958 va 2022.

1958 yilda ular turnir chorak finalga qadar etib borib, Braziliya tomonidan musobaqadan chiqarib yuborildi. Shundan keyin ular har doim saralash bosqichida qatnashgan, biroq musobaqa chiptasini qo‘lga kirita olmagan. Oradan 64 yil o‘tib, Uels terma jamoasi nihoyat yana mundial ishtirokchisiga aylandi. Yana ham qiziq tomoni shundaki, “ajdarlar” turnirga yo‘l olgan so‘nggi ishtirokchilardan biri hisoblanadi.

Turnirgacha bosib o‘tgan yo‘li

Uels terma jamoasi jahon chempionati saralash turnirida “E” guruhidan joy oldi va Belgiya, Chexiya, Estoniya va Belarus jamoalari bilan birga Qatar yo‘llanmasi uchun kurashdi. Oxirgi turgacha pley-offga kim borishi ma’lum emasdi. Belgiyadan keyingi o‘ringa Uels hamda Chexiya terma jamoalari da’vogarlik qilishdi.

So‘nggi turda mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritib bo‘lgan Belgiya safarda uelsliklar bilan to‘qnash keldi. Chexiya terma jamoasi o‘z maydonida Estoniyani qabul qildi. Chexlar estoniyaliklarni mag‘lub etishi va Belgiya Uels ustidan g‘alaba qozonishiga umid qilishi kerak edi. Yakunda esa Garet Beyl boshchiligidagi jamoa yulduzli belgiyaliklar bilan 1:1 hisobida durang o‘ynab, kerakli ochkoni qo‘lga kiritdi. Bu Rob Peyj shogirdlariga chexlardan bir ochkoga o‘zib ketishga hamda pley-off yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkonini berdi.

Qur’a natijasiga ko‘ra, Uels termasi Avstriya bilan to‘qnash kelishi, agar ularni mag‘lubiyatga uchratsa, Shotlandiya - Ukraina juftligi g‘olibi bilan hal qiluvchi saralashda o‘ynashi kerak edi.

Avstriyaliklarga qarshi bellashuvning asosiy qahramoni Garet Beyl bo‘ldi. U Kardiffda dubl qayd etib (2:1), jamoasini hal qiluvchi bosqichga olib chiqdi.

Yakuniy bahsda Uels terma jamoasi pley-offning yarim finalida shotlandlardan 3:1 hisobida ustun kelgan Ukraina termasi bilan to‘qnash keldi. Yomg‘irli tunda bo‘lgan uchrashuv natijasini bitta epizod hal qildi. Uchrashuvning 34-daqiqasida Beyl jarima zarbasini ijro etgandan keyin ukrainlar himoyasidagi pala-partishliklar yuzaga keldi hamda o‘sha vaziyatda Andrey Yarmolenko o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Mazkur natija bahs oxirigacha o‘zgarishsiz qoldi va Uels terma jamoasi Qatardagi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Jamoa etakchilari

Uels terma jamoasida APL va Angliyaning quyi divizionlari harakat qiladigan futbolchilar Uels terma jamoasining asosiy figuralari hisoblanadi. “Ajdarlar” tarkibida Angliya elit divizioni vakillari - “Tottenxem”, “Chelsi”, “Lester”, “Lids”, “Nottingem Forest”, “Fulxem” va “Bornmut” sharafini himoya qiladigan futbolchilar bor. O‘tgan yil davomida Uels terma jamoasi tarkibida “Byornli”, “Sheffild”, “Uimbldon”, “Suindon”, “Portsmut” va “MK Dons”da harakat qiladigan futbolchilar ham chaqiruv oldi. Terma jamoaga Uels klublaridan faqat bitta o‘yinchi jalb qilinadi - "Suonsi"da o‘ynaydigan 32 yoshli yarim himoyachi Jo Allen.

“Ajdarlar” safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha rekord “Uimbldon”ning o‘ng qanot himoyachisi Kris Garnetga tegishli. 33 yoshli futbolchi terma jamoada 108 ta o‘yin o‘tkazgan. U mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha Garet Beylni ikki o‘yinga ortda qoldirmoqda. Uchinchi o‘rin esa Uels terma jamoasi posboni Ueyn Xennessiga tegishli. Kiper hozirgacha terma jamoa safida 103 ta o‘yin o‘tkazgan.

Jahon chempionatiga chiqqanidan keyin Uels terma jamoasi o‘ziga xos rekord o‘rnatdi. Dunyoning hech bir jamoasida jahon chempionatlarida qatnashish o‘rtasida bunchalik uzoq tanaffus bo‘lmagan. Oldinroq aytilganidek, “ajdarlar” uchun Qatardagi jahon chempionati 64 yil ichidagi birinchi mundial bo‘ladi.

“Transfermarkt” ma’lumotlariga ko‘ra, Uels terma jamoasining umumiy qiymati 139,2 million evroni tashkil qiladi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha ular jahon chempionatining barcha ishtirokchilari orasida 20-o‘rinni egallab turishibdi.

JCh-2022'dagi taqvimi

21 noyabr. Uels — AQSh
25 noyabr. Uels — Eron
29 noyabr. Uels — Angliya

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!