
Ivan Boshkovich "Paxtakor"dan uchralgan mag‘lubiyatga qanday izoh berdi?
Superliga 17-turidan o‘rin olgan "So‘g‘diyona" - "Paxtakor" bahsi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv mehmonlarning 1:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi. 67-daqiqada Abdumannopovning jarima maydoni ichiga uzatgan to‘pini Suhrob Izzatov o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Uchrashuvdan so‘ng Ivan Boshkovich matbuot anjumanida qatnashdi.
"Qiziqarli o‘yin bo‘ldi. Har ikki jamoa ham g‘alaba uchun kurashdi. Bugungi uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Yigitlar bilan g‘alabadan boshqa yo‘l yo‘q ekani bo‘yicha kelishib olgandik. Birgina gol tufayli mag‘lub bo‘ldik. Bu gol ham o‘zimizning xato evaziga yuzaga keldi.
Umumiy o‘yin haqida aytadigan bo‘lsam, yigitlar yomon harakat qilishmadi. Vaziyatlarimiz bo‘ldi, unumli foydalanmadik. Birgina gol mag‘lubiyatga sabab bo‘lgani alamli. Yigitlar bu mag‘lubiyatni unutib, tezda o‘zlarini tiklab olishlariga ishonaman. Mayda detallar ham ahamiyatli ekani bugun o‘z isbotini topdi.
- Samandar Mavlonqulov ketma-ket 3 ta o‘yinni o‘tkazib yubordi. Bu bora fikringiz qanday?
- U qizil kartochka olganida 3 ta o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi. Yoshlar jamoamiz ishtirokidagi uchrashuvlar, kubokdagi o‘yinlarimiz bilan qo‘shib hisoblaganda 8 ta bahsda maydonga tusha olmadi. Mavlonqulov bunday holatda o‘yin amaliyotini yo‘qotib qo‘yishi mumkin. Yosh futbolchi uchun uvol, futbol o‘ynamasa tonusdan ham chiqib ketadi. Hakamlar qo‘mitasi qizil kartochka ko‘rsatilgan vaziyatni qayta ko‘rib chiqishlari kerak", - dedi "bo‘rilar" ustozi.
Fikrlar