
Italiya - Bosniya va Gertsegovina: gap ikkita terma jamoa haqida! (prevyu)
Italiya hamda Bosniya va Gertsegovina to‘qnashuvi kamyob uchrashuvlar sirasiga kiradi. Avvalo, mehmon jamoa davlat sifatida shakllanganiga 30 yil ham bo‘lmagan. Ushbu respublika 1992 yilda tashkil topgan. Bu paytda Italiya jahon chempionligi uchun Braziliya, Germaniya kabi davlatlar bilan ayovsiz kurash olib borardi. Jamoalar o‘z tarixida 3 marotaba to‘qnash kelgan. Tasodifni qarangki, ilk bellashuvda slavyanlarning qo‘li baland kelgan. 1996 yilgi o‘rtoqlik uchrashuvida Bosniya va Gertsegovina 2:1 hisobida g‘alabaga erishgan. Keyingi ikki uchrashuvni uzoq o‘tmishdan izlashimizga hojat yo‘q. Jamoalar o‘tgan yili “EVRO-2020” saralashi doirasida ikki bor to‘qnash keldi. “Alyants stedium”da kechgan bahsda “skuadro adzurra” aynan 2:1 hisobida revansh oldi. Saraevodagi javob uchrashuvida esa 0:3 hisobida yana Manchini shogirdlari zafar quchdi.
Dushan Baevich shogirdlari hisobni tenglashtirishi uchun bugun ularga g‘alaba kerak.
Italiya
Apenninliklarsiz jahon chempionatini ham ko‘rishga majbur bo‘ldik. Bu tarixda uchinchi bor ularning mundialdan chetda qolishi bo‘ldi. 1930 yilda “moviy eskadra” ilk jahon birinchiligida qatnashmaydi, 1958 yilda Shvetsiya maydonlarida kechgan musobaqaga esa saralashdan o‘ta olmaydi.
Yangi formatdagi Millatlar Ligasi esa Qatarga chiptalarni ham taqdim etishini hisobga olsak, ular uchun katta motivatsiya mavjud. Italyanlarda yaxshigina tarkib ham shakllanib bormoqda. “Oltin butsa” sohibi ular bilan birga bo‘lishi va Italiya degan nom har qanday raqibni sergak tortishiga sabab bo‘lishga etarli.
Taxminiy tarkib: Donnarumma, Dambrozio, Bonuchchi, Acherbi, Spinatstsola, Barella, Bonaventura, Pellegrini, Keza, Insine, Immobile.
Bosniya va Gertsegovina
Sobiq Yugoslaviyaning tarkibiy qismi hisoblangan mamlakat allaqachon Evropa futboliga bir nechta iqtidorlarni taqdim eta boshlagan. O‘sha futbolchilar gullab turgan 2014 yilda jahon chempionati havosidan ham bahramand bo‘lib oldi. Tabiiyki, milliy chempionat u qadar kuchli emas. Tarkibga jalb qilinganlarning katta qismi legioner sifatida faoliyat olib boradi. Bugun Pyanich qaydnomada yo‘q. Unda koronavirus aniqlangani haqidagi xabarlarga ko‘zingiz tushgani aniq. Jeko ham so‘roq ostida bo‘lib turgani xabar qilinmoqda. Ammo, menimcha, bugun uni maydonda ko‘ramiz. 6 uchrashuvlik qiyin guruhni yutish uchun bolqonliklar bugundan o‘zlarini ko‘rsatishlari lozim.
Taxminiy tarkib: Begovich, Bichakchich, Tsipetich, Koloshinats, Shunjich, Beshich, Dulevich, Gojak, Vissha, Manelo, Jeko.
Murabbiylar
Roberto Manchini: “Kaverchanoga qaytganimdan xursandman. Shuningdek, yana terma jamoa bilan o‘yin o‘tkazish arafasida ekanimiz ham quvontirmoqda. Biz pandemiyadan avvalgi tempda ishlashda davom etishimiz lozim. Futbolchilarda ham terma jamoa sharafini himoya qilish xohishi kuchayib ketgani aniq. Biz yaxshi uslub va jamoaviy futbol tashkillashtirib olgandik. Bosniya va Gertsegovinaga qarshi bellashuv oson kechmasligi aniq. Uchrashuv yakunlangachgina e’tiborimizni Amsterdamdagi o‘yinga qaratamiz. Bizni kutib turgan har ikkala o‘yin bir-biridan keskin farq qiladi”.
Dushan Baevich: "Italiya, Niderlandiya va Polsha bu katta jamoalar. Nima bo‘lishini oldindan aytish qiyin. Biz o‘z ambitsiyalarimizga mos o‘rinni egallash va A ligada qolishni xohlaymiz. Futbolchilarimga ishonaman va kerakli natijani qayd etishimizga umid qilaman. Bo‘sh maydonda futbol o‘ynash, albatta, og‘ir. Istardimki, imkon qadar tezroq tribunalar to‘la muxlislar bilan o‘tadigan futbolga qaytamiz”.
Xulosa o‘rnida
Italiyada birmuncha yosh tarkib shakllanib qoldi. Bu bo‘lg‘usi katta musobaqalar oldidan Manchiniga keng tanlov imkoniyatlarini taqdim qiladi. Bugun raqibda bir nechta yo‘qotishlar ham bo‘lishi mumkinligini inobatga olib, italyanlar tarkibida kichik eksperimentlarni ko‘rib qolsak ham ajab emas. Zamon o‘zgarib “moviy gvardiyachilar” himoyaviy futboldan voz kechayotgandek ham ko‘rinmoqda. Murabbiyga ham ko‘p narsa bog‘liq.
Bosniyada esa yangi murabbiy darhol Italiya changaliga tashlanmoqda. Bir tarafdan katta imtihon unga yaxshi natija ham taqdim qilishi mumkin. Boshqa tarafdan omadsiz debyut kelgusi faoliyatiga ta’sir o‘tkazish ehtimoli ham bor.
Futbolchilar saviyasi va jamoa holati jihatidan mezbonlar ustun. 90 daqiqalik futbol mo‘’jizalari esa har qanday taxmin va tahlillarimizni yo‘qqa chiqarishga qodir.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar