
Isroil Madrimov: Shaxram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliev bilan bitta zalda mashq qilamiz
Havaskor ringda o‘z vaznida dunyoning eng kuchli bokschilaridan biri – Isroil Madrimov haqida bilsangiz kerak.
Ko‘p karra Respublika chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi, Osiyoning eng kuchli bokschisi, jahon chempionati va olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, professional ringdagi birinchi jangidayoq WBA International kamarini qo‘lga kiritgan iste’dodli charm qo‘lqop ustamiz www.sports.uz saytiga bergan intervyusida boksning nozik jihatlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Isroil hozir nimalar bilan bandsiz?
- Osiyo chempionatidan qaytib kelgach, biroz dam olib, professionalda galdagi jangni o‘tkazish uchun mashg‘ulotlarni boshlab yubordim. Hozir AQShning Kaliforniya shtatidaman. Keyingi bellashuv va raqibim kim bo‘lishi hozircha noma’lum. Shuning uchun, texnik va umumiy jismoniy holatimni kerakli bosqichga olib chiqish uchun ishlayapman.
- 2018 yilning noyabr oyida professional ringda debyut qildingiz. U erdagi atmosfera sizda qanday taassurot uyg‘otdi?
- Avvaliga biroz hayajon bo‘ldi. Lekin profida meni juda iliq qarshi olishdi. Boks jamoatchiligida nom qozongan tajribali murabbiylardan biri Joel Diaz qo‘l ostida shug‘ullanyapman. Sharoitlar zo‘r. Jamoaviy birdamlik kuchli. Muhimi, men bu erda yolg‘iz emasman. Havaskor ringdagi do‘stlarim Shaxram G‘iyosov va Murodjon Ahmadaliev bilan bitta zalda mashq qilamiz. Tan olish kerak, boshida juda qiyin kechdi. Lekin vaqt o‘tgach, hamma narsaga ko‘nikdim.
- Havaskor boks bilan professional boks o‘rtasida qanday farqlarni sezdingiz?
- Eng katta farqi, havaskor ringda standart 3 raund jang qilinsa, prof ringda bellashuvlar eng kami 4 raunddan boshlab, 12 raundgacha etadi. Bundan tashqari, mashg‘ulotlar jarayoni va raqiblarning saviyasi ham bir-biridan mutlaqo farq qiladi. Qizig‘i, bitta sport turi bo‘lishiga qaramay, ular orasidagi tafovut juda katta.
- Bir vaqtning o‘zida ham havaskor ringda, ham professional ringda ishtirok etyapsiz. Mashg‘ulotlar tizimini o‘zgartirish qiyin emasmi?
- Bilasizmi, havaskordan professionalga o‘tish u qadar katta qiyinchilik tug‘dirmaydi. Lekin yana havaskorga qaytish uchun ancha ter to‘kish kerak. Profidan havaskorga “ko‘chish” har qanday bokschiga texnik hamda jismoniy jihatdan juda murakkab va noqulay jarayon. Bularning barchasini o‘z tanamda his qilgan holda aytyapman.
- Sportning yakkakurash turlarida vazn saqlash eng og‘ir ishlardan biri. Tabiiyki, bokschilar ham bu qiyinchilikka ko‘p duch kelishadi. Sizda vazndan muammo yo‘qmi?
- Men havaskor ringda 75 kg vazn toifasida janglar o‘tkazaman, professionalda esa 69 kg vaznda ringga chiqaman. Havaskorlarda musobaqalar 10 kungacha cho‘zilib ketadi. Shuni hisobiga, ortiqcha vazndan halos bo‘lishga katta mehnat talab qilinmaydi. Amerikada esa dietaga qattiq rioya qilyapman. Shu bois, vazn “xaydash”da ko‘p bosh qotirmayman.
- Prof ringda 2 ta jang va 2 ta yorqin nokautni hisobingizga yozib qo‘ydingiz. Havaskorda nega nokautga erishish qiyin?
- Havaskor boksda jang vaqti qisqa ekanligi, imkoniyatlarni to‘liq ishga solish qiyin bo‘lgani bois, bokschilar asosan ochkoga harakat qilishadi. Professionalda esa vaziyat mutlaqo boshqacha va bu erda sportchilar yakkalik kuchli zarbalarga tayanishadi. Shuning uchun nokautlar ehtimoli juda katta. Nokautga harakat qilish kerak emas, u o‘zi keladi. Faqat, uni sabr bilan kutish va imkoniyatdan unumli foydalana bilsangiz bas. Yana bir omil shuki, bunda qo‘lqoplar ham muhim rol o‘ynaydi.
- Kelgusidagi rejalaringiz?
Shubhasiz, professional ringda nufuzli yo‘nalishlarda jahon chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritish va vaznning eng kuchli bokschilaridan biri bo‘lish. Bu yulda, bor mahoratimni ishga solaman.
Fazliddin Husniddinov suhbatlashdi.
Fikrlar