Islom Kenjaboevga klubida qanday munosabatda bo‘lishdi? Nega mahalliy o‘yinchilar bilan gaplashmasdi? Murabbiy nima uchun ishonmadi? Yana "Nasaf"ga qaytadimi? Futbolchi hammasiga javob berdi

  • 30 iyun, 2021, 22:18
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Qishda Janubiy Koreyaning “Cheju Yunayted” klubiga katta maqsadlar bilan yo‘l olgan hamyurtimiz Islom Kenjaboev endi ortga qaytyapti.

Tecno

Negadir legionerimiz u erda deyarli o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmadi. Buning sabablarini bilish va keyingi rejalari qandayligi haqida futbolchi bilan suhbatlashdik.

- Islom, “Cheju Yunayted” jamoasi bilan xayrlashishingiz qanday sodir bo‘ldi? Chunki u erga borganingizga hali ko‘p vaqt ham bo‘lmagandi. Tez ortga qaytishingizning sababi nimada?

- Klubdan ketishimning sabablari...U erda o‘yin amaliyoti men uchun kam bo‘ldi. Bosh murabbiy menga umuman imkon bermadi. Aytadigan bo‘lsam, sabablari juda ko‘p. Hammasini aytsam ba’zi muxlislarga bahona bo‘lib tuyulishi mumkin. Bundan tashqari, oilaviy sabab tufayli ham ortga qaytyapman. Shartnomani ikki tomonlama o‘zaro kelishgan holda bekor qildik.

- Janubiy Koreyaga ketayotgan chog‘ingizda ham gaplashgandik va niyatingiz katta ekanligini aytgansiz. Biroq u erga borgach, vaziyat siz o‘ylagandek kechmadi. Klubga, uning muhitiga va mahalliy mentalitetga moslashishda sizda qiyinchiliklar bo‘ldimi?

- Ha, Koreyaga katta maqsadlar bilan kelgandim. Jamoaga ilk qo‘shilishim ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Bu erga kelishim bilanoq 14 kunlik karantinga tushdim. Karantindan chiqqanimdan keyin chempionat boshlanib qoldi, birinchi turda o‘ynamadim. Murabbiy bilan gaplashganimda meni 4-5 ta tur o‘tganidan so‘ng maydonga tushirishini aytdi. O‘sha 4-5 ta tur ham o‘tdi, ammo o‘yinga qo‘ymadi. Baribir ustimda ishladim, harakat qildim. Sport formamni tiklab oldim. Tayyorgarligim 100 foizlik darajaga chiqqanida ham maydonga tushirmadi. Murabbiy meni o‘zimni ko‘rsatishimga imkon bermadi. Bu bahona emas. Eshitishimcha, “Cheju Yunayted” klubida legionerlarga moslashish imkoniyati juda kam ekan. Ishonasizmi, 15 ta o‘yin kutdim, faqat bitta uchrashuvda tushirdi. O‘shanda ham yomon o‘ynadim deya olmayman. Bu haqida murabbiylarning o‘zlari ham aytishdi. Adashmasam, Kubok bahsida to‘p surdim. O‘sha o‘yindan keyin ballik sistemada eng yaxshi ko‘rsatkich qayd etganlar orasida bo‘ldim. Murabbiy keyingi o‘yinga ham imkon beraman dedi-yu, ammo qo‘ymadi. Men ham qachon imkoniyat berarkin deb kutib yuravermayman-ku, bilib turibmanki, ular menga baribir imkoniyat berishmasdi. Murabbiyning rejasida yo‘qligimni sezdim. Shundan so‘ng, o‘zaro kelishdik va shartnomani to‘xtatdik.

kenjaboev2_1

- Qiziq, bu klubga sizni kim taklif qilgandi? O‘sha murabbiymi yoki rahbarlarmi? Yo agentingiz sizni o‘zi ularga tavsiya qilganmidi?

- Murabbiy bilan gaplashganimda undan shu haqda so‘raganman. Legionerlarni tanlash jarayonida uning o‘zi birinchi bo‘lib meni tanlagan. Murabbiy o‘zi xohlagani uchun jamoasiga chaqirgan.

- Klubga qo‘shilgach, murabbiyning sizga nisbatan e’tibori va munosabati o‘zgargach, bu sizni hayron qoldirdimi?

- Albatta, hayron qoldirdi. Murabbiy o‘zi chaqiryapti-da, borganimdan keyin umuman imkon bermayapti?! Hattoki, mashg‘ulotlarga ham qo‘shmagan paytlari bo‘ldi. Nimaga bunday bo‘lganiga haligacha tushunmayapman.

- “Cheju Yunayted” klubiga o‘tib xatoga yo‘l qo‘ydim, degan o‘y-xayol sizni qiynayaptimi?

- O‘yin taraflama – bu katta yo‘qotish, futbolchi uchun. Lekin Koreyaga kelib ko‘p narsani o‘rgandim. O‘ziga yarasha tajriba orttirdim. Shunaqa vaziyatlarda kim kimligini bildim. Ko‘p narsa oydinlashdi. Hayotda xato qilmagan inson hech narsa qilmagan bo‘ladi. Balki jamoa tanlashda adashgandirmiz. Hammasi yaxshilikka.

kenja3

- Murabbiy bilan shaxsiy munosabatingiz qanday edi? O‘rtangizda nizo kelib chiqmaganmidi?

- Murabbiy bilan o‘rtamizda urush-janjal bo‘lgani yo‘q. Borganimda ham yaxshi kutib olishdi. Faqat bitta muammo: tarjimonimni kech yuborishdi, borganimdan so‘ng, bir oy o‘tgach, keyin keldi. O‘sha vaqtlarda moslashishim qiyinroq bo‘ldi. Tarjimonim kelganidan keyin ular nima deyayotganini tushundim va ancha moslashdim. Jamoa mashg‘ulotlariga kirishib ketdim, baribir imkon bermadi.

- Klubingizda moliyaviy tarafdan muammo yo‘qmidi?

- Koreyada umuman moliyaviy tarafdan muammo yo‘q. Hammasi yaxshi bo‘ldi.

- Jamoadoshlaringiz bilan yaxshi kirishib ketganmidingiz yoki u erda o‘zingizni yolg‘izdek his qildingizmi?

- Har qanday jamoada ham har xil o‘yinchilar bor. Asosan klubdagi ikkita xorijlik legioner bilan bir oiladek bo‘lib yashadik. Ular bilan uyimiz ham yonma-yon edi, qo‘shni edik. Lekin koreyalik futbolchilar bilan unchalik aloqam yo‘q edi. Ko‘p gaplashmasdim.

kenjaboev3

- U erda yuz bergan holatdan keyin o‘zingiz uchun qanday xulosa chiqardingiz?

- “Cheju Yunayted”dagi o‘tgan olti oy men uchun dars bo‘ldi, hayotiy tomonlama ham, futbol taraflama ham. Yangi klubga o‘tishdan avval murabbiyning qanaqaligi, uning xarakteri, unga rostdan kerakmanmi, shularni yaxshilab bilib, keyin bir qarorga kelish lozimligini tushundim. U erda professionallikni o‘rgandim. O‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerak, ayniqsa, jismoniy tomonlama. Ammo o‘zbek futbolchilari texnika va aqliy futbol ko‘rsatish borasida koreys futbolchilaridan kuchsiz emas.  

- Bundan keyingi rejangiz biz uchun qiziq. Superligaga qaytasizmi?

- 2 iyulda O‘zbekistonga qaytaman. Qanday qaror qabul qilish bo‘yicha ota-onam bilan maslahatlashaman. Qaysi jamoa menga qulay bo‘lsa, o‘sha erga boraman. Ota-onam nima desalar shu bo‘ladi. Hozircha bir nechta klublardan takliflar bor.

kenjaboev9

- Biz ham sizga Superliga klublaridan takliflar borligi haqida eshitdik. Hozirda qaysi jamoalar bilan muzokaralar ketyapti?

- Bilasizmi, Janubiy Koreyaning o‘zidan ham ikki-uchta jamoasidan taklif tushdi. Boshida aytdim-ku, oilaviy sharoit to‘g‘ri kelmaganligi uchun ham qaytyapman. O‘zbekistondan qaysi klublar taklif bilan chiqqanligi sir bo‘lib tursin. Qaysi jamoaga o‘tganim aniq bo‘lganida bilib olasizlar.

- Kenjaboev yana “Nasaf”ga qaytadimi, degan savol ham muxlislarni qiziqtiryapti...

- To‘g‘risi, hali hech qaysi klubni o‘ylab ko‘rganim yo‘q. “Nasaf”dan taklif bo‘lsa, o‘ylab ko‘ramiz.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
inson
30/06/2021 22:33
omad dostim